Sayt test holatida ishlamoqda!
18 Yanvar, 2025   |   18 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:22
Quyosh
07:45
Peshin
12:38
Asr
15:41
Shom
17:25
Xufton
18:43
Bismillah
18 Yanvar, 2025, 18 Rajab, 1446

Kelinlarga o‘gitlar

17.12.2018   4450   3 min.
Kelinlarga o‘gitlar

 Har bir amal niyatga bog‘liq bo‘ladi. Kelin bo‘lish bo‘sag‘asida turgan qizlarimizga o‘gitlarimiz bor.

Siz ota-onangizni xonadonidan boshqa bir xonadonga kelinlik libosida kirib borar ekansiz, ostonadanoq niyatni go‘zal qiling. ”Allohim, haqiqiy uyimning egalari qalbimdan joy olishsin. Mendan xursand bo‘lib, har ishimdan minnatdor bo‘lishsin”,- deb niyat qiling va shu niyatga yarasha o‘zingiz ham xarakatda bo‘ling.

Avvalo qanoatli bo‘ling, chehrangiz ochiq, so‘zlaganda muloyim bo‘ling. Har bir holatingizga shukr qiling. Shuni esdan chiqarmangki, bundan yomoni ham bo‘lishi mumkin. Zero, baxtli hayot kechirmoqning bir yo‘li o‘z holiga shukr etmoqlikdir.

Kelin hech qachon nasabi-yu, boyligi, go‘zalligi bilan mag‘rurlanmasligi, oilada bo‘ladigan noxush gap-so‘zlarni ota-onasiga yetkazavermasligi kerak. Bu bilan avvalo ota-onasini tashvishga solsa, boshqa tomondan ikki quda orasiga sovuqchilik tushishiga sabab bo‘ladi.

Ayol eriga itoatli bo‘lishi lozim. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam  shunday deganlar: “Xotinlarning eng yaxshisi qaraganingda ko‘zingni quvontiradigan, buyurganingda itoat etadigan, yo‘qligingda iffatini hamda molingni sen uchun asragan ayoldir” (Ibn Abi Hotim rivoyati).

Erining qarindoshi va yaqinlarini hurmat qilgan ayol albatta erining e’tiborini qozonadi.

Keyingi vaqtlarda kelinlarimiz orasida “Ayol erining roziligiga yetishsa bo‘ldi, boshqalarning xizmatini qilish shart emas”, deb yo‘l tutayotgan yoshlarimizning ham borligi achinarli holdir

 Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi:

“Bas, kimki (dunyoda) zarra miqdorida yaxshilik qilgan bo‘lsa, (qiyomat kuni) uni ko‘rar”.

“Kimki zarra miqdorida yomonlik qilgan bo‘lsa ham, uni ko‘rar” (Zalzala curasi 7-8 oyatlar).

Ikkita aka-uka mahalladagi devorlari nurab, tomidan chakka o‘tib yotgan bir xonadonni ta’mirlab, keksalarning duosiga musharraf bo‘lishdi. Bu saxovatli insonlarning onasi bir vaqtlar qaynonasi og‘ir xasta bo‘lganida oq yuvib, oq taragan, piyoladagi choyini mehr bilan uzatgan kelinlardan edi. Qaynonasi: “Farzandlaringizni rohatini ko‘ring” deb,  ko‘p duo qilar edilar. Hozirgi vaqtda shu kelinning ham ikki kelini bo‘lib, qaynonasining xizmatida. Qaynonasining duosi o‘tib, ikkala o‘g‘il ham insonlarga foydasi tegadigan saxovatpesha insonlar bo‘lib yetishgan.

“Qaytar dunyo” deb bejizga aytishmagan. Bugun siz qaynota va qaynonangizni ko‘nglini olib, duoda yuribsizmi, inshaalloh farzandlaringiz sizni ham rohatga qo‘yadi. Alloh taolo Nahl surasida marhamat qiladi:

“Erkakmi yo ayolmi – kimda-kim mo‘min bo‘lgan holida biror ezgu ish qilsa, bas, Biz unga yoqimli hayot baxsh eturmiz va ularni o‘zlari qilib o‘tgan go‘zal (solih) amallari barobaridagi mukofot bilan taqdirlaymiz” (Nahl surasi, 97-oyat).

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bir muborak hadislarida:  “Yoshlarga nisbatan rahm-shafqatli bo‘lmagan, keksalar haqqini va hurmatini rioya qilmaganlar bizlardan emas” - deb marhamat qilgan ekanlar.

Yaxshi amallarni o‘zi qilib, boshqalarga o‘rgatishlik - ulug‘ ustozlik. Alloh taolo har bir qaynonaga yaxshi ustoz bo‘lishni, har bir kelinga kelgusida yaxshi qaynona bo‘lishni nasib etsin. 

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutaxassisi

Munira ABUBAKIROVA

 

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Tahorat olganda gunohlar yuviladimi?

14.01.2025   3251   2 min.
Tahorat olganda gunohlar yuviladimi?

“Musulmon banda tahorat olganida tana a’zolari poklanishidan tashqari gunohlari ham kechiriladi”, deb eshitganmiz. Bunga dalil bo‘luvchi hadislar bor-mi?

Usmon ibn Affon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim tahoratni mukammal ado etsa, gunohlari tanasidan, hatto tirnoqlari ostidan chiqib ketadi”, deganlar (Imom Muslim, Imom Nasoiy, Imom Ahmad, Imom Tabaroniy, Imom Bayhaqiy rivoyati).

Odatda, ochiq a’zolardagi kirlar yopiq turgan yoki tirnoq ostida yig‘ilgan kirlarga nisbatan oson poklanadi. Tirnoq ostidagi kirlarni tozalash uchun alohida e’tibor talab etiladi. Bu yerda banda tirnog‘i ostidagi gunohlar ham kechirilishi aytilmoqda. Bu esa tahorat sababidan Alloh va banda o‘rtasidagi kichik gunohlarning birontasi ham qolmay kechirilishiga dalolat qiladi.

Abu Umoma roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi: “Agar musulmon banda tahorat qilsa, gunohlari qulog‘idan, ko‘zidan, ikki qo‘lidan, ikki oyog‘idan chiqib ketadi. Agar o‘tirsa, gunohlari kechirilgan holda o‘tiradi” (Imom Ahmad, Imom Tabaroniy “Avsat”da va Imom Bayhaqiy rivoyati).

Banda tahoratini risoladagidek bajarsa, qulog‘i, ko‘zi, qo‘li va oyog‘i sodir etgan gunohlari kechiriladi. Agar u tahorat qilib bo‘lsa, bironta ham gunohi qolmaydi.

Abdulloh Sunobihiy roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi: “Agar mo‘min banda tahorat qilib, og‘zini chaysa, og‘zidan gunohlari chiqib ketadi. Agar burniga suv olib qoqsa, burnidan gunohlari chiqib ketadi. Agar yuzini yuvsa, yuzidan, hatto ikki ko‘zining chetidan gunohlari chiqib ketadi. Agar ikki qo‘lini yuvsa, qo‘lidan, hatto qo‘lining tirnoqlari tagidan gunohlari chiqib ketadi. Agar boshiga mas'h tortsa, boshidan, hatto ikki qulog‘idan gunohlari chiqib ketadi. Agar ikki oyog‘ini yuvsa, oyog‘idan, hatto oyog‘ining tirnoqlari ostidan gunohlari chiqib ketadi. So‘ngra masjidga borishi, (o‘qigan) namozi unga qo‘shimcha (savob) bo‘ladi” (Imom Nasoiy, Imom Ibn Moja, Imom Molik, Imom Ahmad, Imom Hokim rivoyati).

Ma’lumki, tahorat bilan namoz banda gunohlariga kafforat bo‘ladi. Agar tahoratni mukammal qilib, xushu bilan namoz o‘qilsa, bu namoz orqali banda ko‘p ajrlarga erishadi.