Bismillahir Rohmanir Rohiym
Alloh taologa beadad hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga durudu salavotlar bo‘lsin.
Umar roziyallohu anhu
Kunlarning birida Umar roziyallohu anhu xurmozorga chiqdi. Qaytib kelganida odamlar asr namozini o‘qib bo‘lishganini ko‘rdi. Shunda Umar roziyallohu anhu: “Inna lillahi va inna ilayhi roji’un (Albatta, biz Allohnikimiz va biz Unga qaytguvchimiz). Guvoh bo‘linglar, xurmozorim miskinlarga sadaqa”, dedilar.
Ubaydulloh ibn Umar rahimahulloh
Ubaydulloh ibn Umar aytadi: “Xufton namozini doimo jamoat bilan birga o‘qir edim. Bir kuni uyimga mehmon keldi. Mehmon bilan ovora bo‘lib, jamoat namozini o‘tkazib yubordim. Shunda shahardagi barcha masjidlarni aylanib chiqdim. Afsuski, masjidlarda namoz o‘qib bo‘lingan edi. Uyga qaytib, xufton namozini yigirma yetti marta o‘qidim.
O‘sha kuni tush ko‘rdim. Otliqlar bilan birga ekanman. Biroq otim do‘stlarimning otiga hech yeta olmas edi. Shunda ulardan biri menga qarab: “Otingni qiynama, hargiz bizga yeta olmaysan”, dedi. “Nima uchun?” deb so‘radim. “Chunki biz xuftonni jamoat bilan o‘qidik, sen esa yolg‘iz o‘zing o‘qiding”, deb javob berdi”.
Sa’id ibn Musayyab rahimahulloh
Tobeinlarnig sayyidi Sa’id ibn Musayyab rahimahulloh: “Ellik yil davomida biror marta jamoat namozini tark etmadim”, degan.
Hotami Asom rahimahulloh
Hotami Asom aytadi: “Bir marta jamoat namozini o‘tkazib yubordim. Shunda Abu Is'hoqdan boshqa hech kim menga ta’ziya bildirmadi. Agar farzandim vafot etganida o‘n mingdan ortiq inson ta’ziya izhor qilgan bo‘lardi. Nahotki, dunyo musibati din musibatidan og‘irroq bo‘lsa” (Mukoshafatul Qulub).
Sulaymon Maqdisiy rahimahulloh
Sulaymon Maqdisiy rahimahulloh dedi: “Umrim bo‘yi ikki marotaba jamoat namoziga ulgurmadim. Shunda o‘zim yolg‘iz o‘qidim. Ammo shu ikki marta o‘qigan namozimni go‘yo o‘qimagandek bo‘ldim” (Zayl tabaqot al-Hanbaliya).
Said ibn Abdulaziz rahimahulloh
Muhammad ibn Muborak Suriy rahimahulloh aytadi: “Said ibn Abdulaziz bir kuni jamoat namozini o‘tkazib yubordi. Shunda uzoq vaqt ho‘ngrab yig‘ladi” (Tazkiratul Huffoz).
Ibn Samma rahimahulloh
Ibn Samma rahimahulloh bunday deydi: “Qirq yil biror marta ham jamoat namozini tark etmadim. Faqat onam vafot etgan kuni jamoatga biroz kech qoldim” (Siyar a’lam an-nubalo).
Sufyon ibn Uyayna rahimahulloh
Sufyon ibn Uyayna rahimahulloh: “Iqomat aytilmasidan oldin jamoatga kelish namozga bo‘lgan hurmat belgisidir”, dedi.
Solih
Bir solih kishidan: “Nega hamisha azon aytilmasdan masjidga kelasiz?” deb so‘rashdi.
Solih: “Azon g‘ofillarni uyg‘otish uchundir. Men g‘ofillardan bo‘lmaslikka harakat qilaman”, deb javob berdi.
Davron NURMUHAMMAD
Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasi Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish bo‘limi mudiri Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum o‘g‘li hamda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov Bekobod shahridagi Qur’on va tajvid markaziga tashrif buyurdilar.
Markaz ma’muriyati hamda u yerda ta’lim olayotgan tinglovchilar bilan bo‘lib o‘tgan suhbat har jihatdan samarali bo‘ldi. Xususan, uchrashuvda Shayx Alijon qori hafizahulloh Qur’oni karimni yodlash fazilatlari, bu borada yaratilgan shart-sharoitlarning qadriga yetish, shukrona keltirish, vaqtdan unumli foydalanish kabi mavzularda go‘zal mav’iza qilib berdilar.
Haqiqatan, Qur’oni karimni yodlash, oyatlar ma’no-mazmunlarini tafakkur va tadabbur qilish ibodat va chinakam saodatdir.
Usmon ibn Affon roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Sizlarning yaxshilaringiz Qur’oni karimni o‘rgangan va o‘rgatganlaringizdir", deb marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati