AQSHning Ogayo shtatidagi masjidlarda joriy yilning 16 dekabr kuni "Ochiq masjidlar kuni" tashkil etildi. Bu haqda International Quran News Agency xabar berdi.
Ogayodagi Markaziy Ogayo masjidida ham ushbu tadbir keng miqyosda tashkil etildi. Ushbu tadbir Ogayo shtatida tarixida ilk bor o‘tkazilayotgani qayd etilgan. Loyihadan ko‘zlangan maqsad musulmonlarga nisbatan jamoatchilikda shakllangan fikrni o‘zgartirish ekani ta’kidlangan. Shtat aholisi e’tiqodlararo hamkorlik masalasida qilingan ushbu g‘oyani qo‘llab-quvvatlashgan.
Tashrif buyurganlar yengil taomlardan iste’mol qilishlari, musulmonlar hayoti bilan tanishishlari va Islom dini haqida ma’lumot olishlariga imkoniyat yaratilgan. CAIR-Columbus tashkiloti ushbu tadbirni tashkil etishda bosh-qosh bo‘lishi qayd etilgan.
Ma’lumot uchun, CAIR tashkiloti AQSHdagi yirik musulmonlar fuqarolik huquqlari uchun kurashuvchi tashkilot bo‘lib, Ogayoning Kolumbus, Klevlend va Sinsinatti shaharlarida o‘zining tarmoqlariga ega.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
#xabar #mahorat #imom
Bugun, 16 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi masjidlarda faoliyat yuritayotgan 80 nafardan ziyod voiz imom domlalar uchun Diniy-ma’rifiy sohada malaka oshirish va qayta tayyorlash institutida “Zamonaviy axborot makonida diniy-ma’rifiy soha mutaxassislarining media-targ‘ibot faoliyatini takomillashtirishning dolzarb jihatlari” mavzusida 72 soatlik malaka oshirish o‘quvi boshlandi.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida bo‘lib o‘tgan o‘quv kursining ochilish marosimida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita boshqarma boshlig‘i Muhiddin Hakimov, mazkur institut direktori Husniddin Ahmedov va tinglovchilar ishtirok etdi.
Tadbirda Homidjon domla bugungi murakkab davr barcha soha vakillari qatorida imom domlalardan ham o‘z bilim va malakalarini doimiy oshirib borish, insonlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlash, aholi, ayniqsa, yoshlarni turli yot g‘oyalar ta’siridan asrash yo‘lida jiddu jahd qilishni talab etayotganini ta’kidladi. Shuningdek, notiqlar mazkur kursning ahamiyati haqida so‘z yuritdi.
Ikki hafta davom etadigan mazkur o‘quvda bugungi kunda dolzarb bo‘lgan mavzularda dars mashg‘ulatlari olib boriladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati