Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Aytishlaricha, sahoba Abdulloh ibn Zubayr sajdada juda uzoq qolarkanlar. Shunchalik jim turib qolarkanlarki, qushlar kelib, u kishining orqasiga qo‘narkan. U ba’zan sajda yoki ruku’da tuni bilan turarkan, g‘azot-urush paytida u namoz o‘qiyotgan masjid devorini o‘q teshib vayron qilgan ekan. Devordan bir parcha tosh otilib, Abdullohning soqoli va tomog‘i o‘rtasidan o‘tgan ekan. U shunda ham namozini qisqartirmabdi va g‘azablanmabdi. Bir kuni u namoz o‘qiyotganida o‘g‘li Hoshim uning yonida uxlayotgan ekan. Ilon shipdan tushib, bola atrofida aylanibdi. Bola uyg‘onibdi va qichqiribdi, barcha uy egalari bolaning atrofiga to‘planishibdi. Ular shov-shuv va qichqiriqlar bilan ilonni o‘ldirishibdi. Ibn Zubayr xotirjam va osoyishta namoz o‘qish bilan band ekan. Namozni o‘qib bo‘lib, xotiniga debdi: «Namoz vaqtida shov-shuv eshitdim, nima bo‘ldi?» Xotin hayqiribdi: «Alloh sizga rahm qilsin! Bolaning hayoti xavf ostida edi, siz zig‘ircha ham ahamiyat bermabsiz».
Abu Talha roziyallohu anhu bir kuni o‘z bog‘ida namoz o‘qirdi. Uning e’tibori shoxma-shox yurgan qushga tushdi, quyuq barglar orasidan uni topolmadi. Bir necha soniya ko‘zlari bilan qushni izladi va namoz rakati miqdori yodidan chiqdi. Bu xatosidan o‘ziga g‘azabi ziyoda bo‘ldi. To‘g‘ri Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga borib shunday dedi: «Ey Allohning Rasuli, mening bu bog‘im namozimga nuqson yetishiga sabab bo‘ldi, men uni Alloh yo‘lida in’om etaman. O‘zingiz qanday ravo ko‘rsangiz, undan shunday foydalanavering».
Usmon roziyallohu anhu zamonida bir ansor bilan ham shunday voqea yuz bergan. U o‘z bog‘ida namoz o‘qirdi. Daraxt shoxlari pishgan shirador xurmolar mo‘l-ko‘lligidan egilib qolgandi, bu uning e’tiborini o‘ziga tortdi, mamnun bo‘ldi. Ammo bu rakat miqdorini unutishga sabab bo‘ldi. Jahli chiqib, uni namozdan chalg‘itgan bog‘dan voz kechishga ahd qildi. U Usmon roziyallohu anhuning oldilariga kelib, bog‘dan Alloh yo‘lida foydalanishini iltimos qildi. Hazrat Usmon roziyallohu anhu bog‘ini ellik ming dirhamga sottirib, pulni Islom ehtiyojiga sarfladilar. Bu sahobalarning namozga e’tiqodi naqadar yuksakligini ko‘rsatadi.
Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu namozga turganlarida (huzurning haybatidan) taxlangan libos kabi bo‘lib qolarkanlar. Namoz chog‘i uydagilarning gap-so‘zini ham eshitmas ekanlar. Ba’zan uydagilar: «Jim, ovoz chiqarmanglar, Abdulloh namoz o‘qiyapti», deyishsa, u kishi: «Istaganlaringizni gapiravering, men namozdalik paytimda gaplaringizni eshitmayman», deganlar.
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu ko‘z (pardasi) og‘rishidan iztirob chekardi. Tabib unga shunday dedi: «Davolash mumkin, faqat ehtiyot chorasini ko‘rishing kerak. Besh kunlab yerga mukka tushishdan o‘zingni tiyib turishing lozim. Shu bois sajdani ado etishda taxta moslamadan foydalanishing mumkin». U dedi: «Bunaqa bo‘lishi mumkin emas, bu ahvolda men bir rakat ham namoz o‘qiy olmayman. Men Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam shunday deganlarini eshitdim: «Biror kimsa bilib turib xato namoz o‘qisa, qiyomat kunida Allohning g‘azabiga duchor bo‘ladi».
Ibn Abbos roziyallohu anhu deydi: «Bu odamlar savdoga mukkasidan ketgan, ammo ular azonni eshitishlari bilan hamma narsani tashlab, masjid tomon shoshiladilar».
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam urushdan qaytayotib, bir joyda to‘xtab tunashga qaror qildilar. So‘radilarki: «Bugun tunda bu joyni kim qo‘riqlaydi?» Muhojir Ammor ibn Yosir roziyallohu anhu va ansor Abbal ibn Bishr o‘z xizmatlarini taklif etishdi. Ikkalovi qir tepasida dushmanning tasodifiy tungi hujumiga qarshi soqchilik qilib turishdi. Abbal Ammorga dedi: «Kel, navbati bilan kuzataylik. Tunning yarmida sen uxlaganingda men uyg‘oq bo‘lay, qolgan yarmida men uxlaganimda sen qorovullik qil». Ammor rozi bo‘ldi va uxladi. Abbal namoz boshladi. Biroq dushman kuzatuvchisi olisdan qorong‘uda belgilab qo‘ygan ekan, unga kamon o‘qini otdi. Uni payqab, Abbal qimir etmadi, dushman unga tegmadi, deb o‘ylab, yana va yana o‘q otdi. Abbal har bir o‘qni olib, egasiga qaytarib otaverdi, nihoyat hamrohi uyg‘onib qoldi. Dushman ular ikkalovini birga ko‘rgach, u yerda ular ko‘pchilik bo‘lishsa kerak, deb qochib qoldi. Ammor Abbalning uch joyidan qon oqayotganini payqab qoldi va: «Subhanalloh! Nega meni ertaroq uyg‘otmading?» dedi. Abbal javob berdi: «Namozda «Kahf» surasini o‘qiy boshlagan edim. Men uning qisqa bo‘lishini yoqtirmasdim, ammo menga uchinchi marta o‘q uzilganida Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning xavfsizliklariga mening o‘limimning katta aloqasi borligini bildim. Shuning uchun namozni tamomlab, seni uyg‘otdim. Biroq ana shu hayiqish bo‘lmasa, meni o‘ldirib qo‘yishganida ham surani tamomlamay ruku’ga bormagan bo‘lardim»
Izoh: Hanafiy mazhabiga ko‘ra qon oqishi bilan tahorat buziladi, shofe’iy mazhabi qoidasida binoan bunday emas, Abbal ikkinchi qoidaga rioya qilgan bo‘lishi mumkin.
Kimdir Xalaf ibn Ayyubdan: «Namoz vaqtida pashshalar g‘ashingizga tegmaydimi?» deb so‘radi. U shunday javob qildi: «Hatto gunohkor bandalar hukmdorning qiynoqlariga bardosh beradilar, ularning bu bardoshlari, chidamliliklariga tasanno. Nega men Xojam huzurida turib, arzimas pashshalarning xarxashasiga bezovta bo‘larkanman?»
Muslim ibn Yasir namozga turganida o‘z oila a’zolariga der ekan: «Sizlar suhbatlashaveringlar, nima gapirganlaringni men bilmasam bo‘ldi». Bir kuni u Basraning jome’ masjidida namoz o‘qirdi. Masjid devorining bir bo‘lagi yiqilib tushdi, hamma jonini qutqarish uchun qochib qoldi, biroq u (Ibn Yasir) shovqinni ham eshitmadi.
Xotami Asom roziyallohu anhudan «Namozni qanday o‘qiysiz?» deb so‘raganlarida, u zot bunday javob qilgan ekanlar: «Namoz vaqti yaqinlashganida yaxshilab tahorat olaman, namoz o‘qiydigan joyimga borib o‘tiraman, aqlimni jamlab, keyin namozga turaman. Ka’bani ikki qoshim o‘rtasida, Sirot ko‘prigini oyog‘im ostida, jannatni o‘ng tomonimda, jahannamni chap tarafimda, o‘lim farishtasini tepamda tasavvur etib, qo‘rquv va umid bilan olamlar Rabbi huzurida turaman. Tafakkur qilib takbir aytaman, og‘ir-og‘ir va ma’nosini o‘ylab Qur’on o‘qiyman, tavozu’ bilan ruku’ qilaman, xushu’ bilan sajdaga boraman. O‘ng oyog‘imni tik qilib, chap oyog‘im ustiga o‘tiraman, namozimni ixlos va samimiyat bilan ado etishga harakat qilaman».
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf
“Mo‘minning me’roji” kitobidan
Bir o‘tirib, yashab o‘tgan shuncha yillik hayotimizda boshdan kechirgan g‘am-g‘ussalarimiz haqida fikr yuritib ko‘rsak, qayg‘ular ikki xil ekanini ko‘ramiz:
Birinchisi – o‘sha paytda ko‘zimizga katta ko‘rinib, hatto yig‘lashimizga sabab bo‘lgan qayg‘ularimiz. Lekin vaqt o‘tishi bilan ular aslida oddiy narsa ekani, yig‘lashga arzimasligi ma’lum bo‘ladi. Ba’zan o‘sha kunlarni eslaganimizda kulgimiz kelib, «Shu arzimas narsa uchun ham siqilib, yig‘lab yurgan ekanmanmi? U paytlarda ancha yosh bo‘lgan ekanmiz-da», deb qo‘yamiz.
Ikkinchisi – haqiqatdan ham katta musibatlar. Ba’zilari hayotimizni zir titratgan. Bu qayg‘ular ham o‘tib ketadi, lekin o‘chmaydigan iz qoldirib ketadi. Bu izlar uzoq yillargacha qalbga og‘riq berib turaveradi. Bu qayg‘ular ba’zan to‘xtab, ba’zan harakatga kelib, yangilanib turadigan vulqonga o‘xshaydi. Bunday g‘am-qayg‘ularning yaxshi tarafi shundaki, ular hayotda ham, oxiratda ham yaxshiliklarning ko‘payishiga sabab bo‘ladi. Ular qalbimizda o‘chmas iz qoldirsa, har eslaganda ko‘zlarimizda yosh qalqisa, eng asosiysi – o‘shanda duoga qo‘l ochib, sabr bilan turib bera olsak, ko‘p-ko‘p yaxshiliklarga, ajr-savoblarga ega bo‘lamiz. G‘am-qayg‘u yangilanishi bilan yaxshiliklar ham yangilanib boraveradi.
G‘am-qayg‘usiz hayotni kutib yashayotgan qizga «Siz kutayotgan kun bu dunyoda hech qachon kelmaydi», deb aytish kerak.
Alloh taolo «Biz insonni mashaqqatda yaratdik», degan (Balad surasi, 4-oyat).
Bu hayot – g‘am-tashvishli, azob-uqubatli, mashaqqatli hayotdir. Mo‘min odam buni juda yaxshi tushunadi. Bu dunyoda qiynalsa, azob cheksa, oxiratda albatta xursand bo‘lishini biladi. Inson mukammal baxtni faqatgina oxiratda topadi. Shuning uchun ulug‘lardan biriga «Mo‘min qachon rohat topadi?» deb savol berishganda, «Ikkala oyog‘ini ham jannatga qo‘yganida», deb javob bergan ekan.
Allohning mehribonligini qarangki, oxirat haqida o‘ylab, unga tayyorgarlik ko‘rish hayotni go‘zal qiladi, qayg‘ularni kamaytirib, uning salbiy ta’sirini yengillatadi, qalbda rozilik va qanoatni ziyoda qiladi, dunyoda solih amallarni qilishga qo‘shimcha shijoat beradi, musibatga uchraganlarni bu g‘am-tashvishlar, azob-uqubatlar bir kun kelib, bu dunyoda bo‘lsin yoki oxiratda bo‘lsin, baribir yakun topishiga ishontiradi. Oxirat haqida o‘ylab, faqat solih amallar qilishga intilish insonni baxtli qiladi.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Kimning g‘ami oxirat bo‘lsa, Alloh uning qalbiga qanoat solib qo‘yadi, uni xotirjam qilib qo‘yadi, dunyoning o‘zi unga xor bo‘lib kelaveradi. Kimning g‘ami dunyo bo‘lsa, Alloh uning dardini faqirlik qilib qo‘yadi, parishon qilib qo‘yadi, vaholanki dunyodan unga faqat taqdir qilingan narsagina keladi».
Alloh taolo faqat oxirat g‘ami bilan yashaydigan (oxirat haqida ko‘p qayg‘uradigan, har bir amalini oxirati uchun qiladigan) qizning qalbini dunyoning matohlaridan behojat qilib qo‘yadi. Qarabsizki, bu qiz har qanday holatda ham o‘zini baxtli his qiladi, hayotidan rozi bo‘lib yashaydi. Xotirjamlikda, osoyishtalikda, qanoatda yashagani uchun istamasa ham qo‘liga mol-dunyo kirib kelaveradi. Zero, Alloh taolo oxirat g‘amida yashaydigan, shu bilan birga, hayotiy sabablarni ham qilish uchun harakatdan to‘xtamagan kishining rizqini kesmaydi, uni ne’matlariga ko‘mib tashlaydi.
Ammo Alloh taolo bor g‘am-tashvishi dunyo bo‘lgan qizni faqirlar qatorida qilib qo‘yadi. Bunday qiz mol-dunyoga ko‘milib yashasa ham, o‘zini faqir, bechora his qilaveradi. Natijada dardi yangilanaveradi, dardiga dard qo‘shilaveradi, fikrlari tarqoq bo‘lib, iztirobga tushadi. Afsuski, shuncha yelib-yugurgani bilan faqat dunyoning ne’matlariga erisha oladi, oxiratda nasibasi bo‘lmaydi.
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.