Ibn Abbos roziyallohu anhumo rivoyat qilib aytadilar:
“Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuning xalifaligi davrida bir voqea sodir bo‘ldi. Odamlarga qahatchilik yetdi. Vaziyat og‘irlashgach, ular Abu Bakr roziyallohu anhuning oldilariga bordilar va:
“Ey Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘rinbosarlari, osmondan yomg‘ir yog‘may qo‘ydi, yerdan giyoh o‘smay qo‘ydi, odamlar halokat yoqasiga kelib qolishdi, biror chora ko‘rasizmi?” deyishdi. U zot:
“Boringlar, sabr qilinglar, umid qilamanki, shoyad Alloh taolo kun kech bo‘lmasidan turib mushkullaringizni oson qilsa!” dedilar.
Quyosh botay deganda Madinada “Usmon ibn Affonning karvoni Shomdan yetib keldi” degan xabar tarqaldi. Karvon Madinaga kirib kelgach, odamlar uni kutib oldilar. Qarashsa, u karvon bug‘doy, yog‘ va mayiz ortilgan mingta tuyadan iborat ekan. Tuyalar Usmon roziyallohu anhuning uylari oldida cho‘ktirildi. Keyin yuklar u kishining hovlilariga olib kirildi.
Shundan so‘ng savdogarlar kela boshlashdi. Hazrati Usmon roziyallohu anhu ulardan:
“Nima istaysizlar?” deb so‘radilar. Ular:
“Nima istashimizni bilasiz-ku! Olib kelgan narsalaringizni bizga soting! Bu ashyolarga odamlarning ehtiyoji borligini o‘zingiz yaxshi bilasiz” deyishdi. Hazrati Usmon roziyallohu anhu:
“Xo‘p bo‘ladi, bajonidil. Men olib kelgan narsalarni qancha foydasiga sotib olmoqchisizlar?” deb so‘radilar. Ular:
“Har bir mahsulotni ikki dirham foydasiga olamiz” deyishdi. Usmon roziyallohu anhu:
“Menga bundan ko‘proq ham berildi” dedilar. Ular:
“To‘rt dirham foydasiga olamiz” deyishdi. Hazrati Usmon roziyallohu anhu:
“Bundan ham ko‘proq berildi” dedilar. Ular:
“Xo‘p, besh dirham foydasiga olamiz” deyishdi. Hazrati Usmon roziyallohu anhu yana:
“Bundan ham ko‘proq berildi” dedilar. Savdogarlar hayron bo‘lib:
“Madinada bizdan boshqa savdogarlar bo‘lmasa, biz hammadan oldin uyingizga yetib kelgan bo‘lsak, sizga kim biz bergandan ko‘proq berdi?” deb so‘rashdi. Shunda buyuk sahobiy:
“Albatta, Alloh taolo har bir dirham uchun o‘n dirham berdi. Sizlar bundan ham ko‘proq bera olasizlarmi?” dedilar. Ular:
“Yo‘q” deyishdi. Bu gapni eshitgan Usmon roziyallohu anhu:
“Men bu karvondagi hamma narsani Allohning roziligi uchun musulmonlarning miskinu faqirlariga sadaqa qildim” dedilar.
Shunday qilib Madinada o‘sha karvondagi mollardan o‘zi va oilasi uchun yetarlicha narsa olmagan birorta ham faqir qolmadi”.
Honiy Hojining “Solihlar va
solihalar, zohidlar va zohidalar
hayotidan ming bir qissa” kitobidan
Nozimjon Iminjonov tarjimasi
Vafot etishingiz bilan dastlab nomingiz odamlar yodidan ko‘tariladi. G‘assol kelsa: “Mayit qayerda” – deydi. Mansabingizni ham, nasabingizni ham va hatto ismingizni ham so‘ramaydi. Janozangizni o‘qishdan oldin Imom: “Marhumning yoshi nechchida edi?” – deydi. Mansabingiz ham, nasabingiz ham va hatto nomingiz ham zikr qilinmaydi. Keyin: “Tobutni ko‘taringlar!” – deyiladi. Bunda ham na mansabingiz, na nasabingiz va na nomingiz eslanadi. Hayotda tez unutilasiz, shunchaki xotiraga aylanasiz. Esingizdan chiqarmang, hamma narsa o‘tkinchi sizdan faqat yaxshilik qoladi xalos..!
Xulosa shuki, bugun sizu bizga ALLOH tomonidan umr berildi. Bugun yangi tong otdi. Siz uyg‘ondingiz, buning uchun ALLOHga hamd aytishni unutmang. Dunyoning qaysidir burchagida qanchadan-qancha odam bugun uyg‘onmadi.
Avvalo, yoningizda bo‘lishsa, ota-onangizning hollaridan xabar oling, yoningizda bo‘lishmasa telefon orqali avhol so‘rang. Har kuni ko‘chaga chiqishingizdan avval ALLOH nomini zikr qiling, hamd aytib, ota-onangizni duolarini oling. ALLOH kasbingizga molingizga rizqingizga, albatta, baraka beradi, inshaalloh. Agar bu olamdan o‘tgan bo‘lsalar haqlariga ko‘p-ko‘p duolar qiling. Shunda ham ularning haqlarini ado eta olmaysiz.
ALLOH bergan va berayotgan barcha ne’matlarni qadriga yetaylik!
Akbarshoh RASULOV