Sayt test holatida ishlamoqda!
06 Iyun, 2025   |   10 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:07
Quyosh
04:50
Peshin
12:27
Asr
17:36
Shom
19:56
Xufton
21:33
Bismillah
06 Iyun, 2025, 10 Zulhijja, 1446

Saudiya Arabistoni OAV O'zbekistonning sayyohlik salohiyati haqida

21.07.2023   2170   2 min.
Saudiya Arabistoni OAV O'zbekistonning sayyohlik salohiyati haqida

Saudiya Arabistonining  ommabop «Swift News» veb-saytida «Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasi turizm sohasini yanada rivojlantirishni qo'llab-quvvatlaydi» sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb  xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

«Prezident Shavkat Mirziyoev rahnamoligida O'zbekistonda sayyohlik sohasini yanada rivojlantirishga katta e'tibor qaratilayotganligi bois turizm yangi bosqichga ko'tarildi,- deyiladi maqolada. -Ushbu sohada ko'plab me'yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilindi, turizm infratuzilmasini rivojlantirish bo'yicha investitsiya dasturlari ishga tushirildi, xalqaro standartlar asosida turistlarga xizmat ko'rsatish tizimi yaratildi».

Nashrda 2022-2026 yillarga mo'ljallangan Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasiga muvofiq, turizm ob'ektlari infratuzilmasini rivojlantirish hamda 8 mingdan ortiq madaniy meros ob'ektlaridan samarali foydalanish bo'yicha davlat dasturi qabul qilinishi  ta'kidlangan.

«O'zbekiston Madaniyat va turizm vazirligi mamlakatga kelayotgan sayyohlar sonini 4,5 milliondan 10 million nafarga ko'paytirishni rejalashtirgan. Shu sababli, O'zbekiston sayohatga qo'yilgan barcha cheklovlarni bekor qildi, - deb yoziladi materialda. - Sayohat cheklovlarini bekor qilish to'g'risidagi qarorlar turistlar oqimining ko'payishiga xizmat qilmoqda. Bu esa O'zbekistonning Toshkent, Samarqand va Buxoro kabi tarixiy shaharlarida mehmonxonalar bilan bandlik ko'rsatkichlarining 83,6 foizga va hostellarning 70,8 foizga oshishiga olib keldi».

Maqolada ta'kidlanishicha, so'nggi to'rt yilda O'zbekistonda 833 ta yangi mehmonxona ishga tushirilib, ularda 75 mingdan ortiq mehmon qabul qilinyapti. Sayyohlik ko'chalari va qishloqlari tashkil etilyapti, zarur infratuzilmalar rivojlantirilmoqda.

«Sayyohlik ob'ektlari qatorida dunyoning 90 ta davlati fuqarolarining O'zbekistonga vizasiz kirishi, shuningdek, 60 ga yaqin davlat fuqarolariga tezkor viza olish imkoniyatlari yaratildi», - deb yozadi «Swift News».

O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

Dunyo yangiliklari
Boshqa maqolalar

“Ruvaybiza” bo‘lmang!

28.05.2025   5712   2 min.
“Ruvaybiza” bo‘lmang!

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Odamlarning ustiga yolg‘onchi yillar soya soladi. O‘sha kezlarda yolg‘onchi tasdiqlanadi, rostgo‘y yolg‘onchiga chiqariladi. Xoin kishi ishonarli bo‘ladi, omonatdor kishi xoinga chiqarib qo‘yiladi va ruvaybiza gapiradi”, dedilar. U zotga: “Ruvaybiza” kim? – deyildi. Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Ommaning ishini gapiradigan esi past odam”[1], dedilar.

Ibn Manzur “Lisonul arab” kitobida: “Ruvaybiza – bir ish qilish qo‘lidan kelmaydigan notavon odam. Ko‘pincha, bu so‘z esi pastlarga nisbatan ishlatiladi, chunki ular uyida ko‘p o‘tirishadi va katta ishlar bilan kam shug‘ullanishadi”, degan[2].

Davralarda o‘tirib poyintar-soyintar gap gapiradigan kishini uchratganmisiz?

Yoki maza-bemaza ishlar to‘g‘risida uzundan-uzun maqolalar yozadigan muxbirlarni uchratasizmi?

Yoxud bekorchi ko‘rsatuvlarga chiqib, birorta foyda keltirmaydigan ishlarni gapiradigan odamlarni ko‘rgan bo‘lsangiz kerak. Ko‘pincha bunday holatlar zarar keltirib, dilni xira qiladi. Odamlarning boshini aylantirib, fikrlarini chalg‘itadi.

Hammajlislarning qay biri yaxshiroq?

Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Yo Allohning Rasuli, bizlarga qay bir hammajlis yaxshiroq?” – deyishdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Uni ko‘rish sizga Allohni eslatadigan, u bilan gaplashish ilmingizga ilm qo‘shadigan va amali sizlarga oxiratni eslatadiganidir”, [3] dedilar.

Bizning hamsuhbatlarimiz orasida bunday sifatlilar topiladimi?

Do‘st-yorlar bilan birga o‘tirsangiz, o‘sha o‘tirishingizni Habibimiz sollallohu alayhi vasallam o‘rgatgan lafzlar bilan yakunlash esingizdan chiqmasin. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Birov bir davrada o‘tirsa va behuda gaplar ko‘payib ketsa, o‘rnidan turayotib: “Subhanakallohumma va bihamdika, ashhadu allaa ilaha illaa anta. Astag‘firuka va atuubu ilayk”, deydigan bo‘lsa, o‘sha majlis davomida bo‘lgan ishlar mag‘firat qilinadi”[4].

O‘ylab ko‘ring, shu zikrni aytish uchun qancha vaqt ketadi? Bor-yo‘g‘i bir necha soniya. Biroq qanchadan-qancha odamlar bu fazilatdan bebahra qolishyapti. Axir, bu olamlar Robbi tarafidan bo‘ladigan afv va mag‘firatku...


Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.


[1]  Ibn Moja rivoyati.
[2]  Lisonul arab, 7/153.
[3]  Imom Abu Dovud, Imom Termiziy rivoyati.
[4]  Imom Termiziy rivoyati.