Bugun yurtimizda turizmni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Dunyoga mashhur go‘zal shaharlarimizda turizm infratuzilmasini barpo etish, mehmonlar uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratish, respublikamizning turizm salohiyatini zamon talablari darajasiga olib chiqish borasida tinimsiz izlanishlar olib borilmoqda.
Muhtaram Prezidentimizning shu yil 3 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi turizm salohiyatini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-5326-son Farmoni ijrosini ta’minlash borasida bir talay ishlar qilinmoqda. Xorijlik sayyohlarni yurtimizga jalb etishda salmoqli natijalarga erishilmoqda.
Kecha, 14 noyabr kuni Saudiya Arabistoni Podshohligidan bir guruh mehmonlar yurtimizga tashrif buyurishdi. Martabali mehmonlar Toshkent shahridagi “Minor” jome masjidida juma namozini mo‘min-musulmonlarimiz bilan birga-birga ado etdilar.
Shundan so‘ng, Diniy idora Masjidlar bo‘limi mudiri Rahimberdi Rahmonov tomonidan saudiyalik mehmonlarga ushbu muhtasham jome masjidning faoliyati, namozxonlar kayfiyati, olib borilayotgan obodonlashtirish ishlari va yurtimizdagi diniy-ma’rifiy sohadagi ulkan o‘zgarishlar haqida so‘zlab berdi.
Podshohlikdan kelgan mehmonlar, haqiqatan, O‘zbekiston zaminida so‘nggi yillarda katta yangilanishlar va ijrootlar bo‘layotganini e’tirof etishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasi Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish bo‘limi mudiri Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum o‘g‘li hamda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov Bekobod shahridagi Qur’on va tajvid markaziga tashrif buyurdilar.
Markaz ma’muriyati hamda u yerda ta’lim olayotgan tinglovchilar bilan bo‘lib o‘tgan suhbat har jihatdan samarali bo‘ldi. Xususan, uchrashuvda Shayx Alijon qori hafizahulloh Qur’oni karimni yodlash fazilatlari, bu borada yaratilgan shart-sharoitlarning qadriga yetish, shukrona keltirish, vaqtdan unumli foydalanish kabi mavzularda go‘zal mav’iza qilib berdilar.
Haqiqatan, Qur’oni karimni yodlash, oyatlar ma’no-mazmunlarini tafakkur va tadabbur qilish ibodat va chinakam saodatdir.
Usmon ibn Affon roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Sizlarning yaxshilaringiz Qur’oni karimni o‘rgangan va o‘rgatganlaringizdir", deb marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati