Jamoat namozi – savobi ulug‘ ibodat. Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Jamoat namozi yolg‘iz o‘qilgan namozdan yigirma yetti daraja afzaldir”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Jamoat namozining savobini bilganingizda edi... Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bomdod va xufton namozlaridagi (jamoatga) hozir bo‘lishni lozim top. Agar shu ikki (namoz)ning (jamoat bilan o‘qishdagi) savobini bilganlaringizda edi, emaklab bo‘lsa ham kelardingiz”, dedilar (Imom Tabaroniy rivoyati).
Jamoat namozi – gunohlarga kafforot bo‘ladi. Abu Ubayda (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Juma kuni bomdod namozining jamoatda o‘qilganidan ko‘ra afzal namoz yo‘qdir. Kim unda ishtirok etsa, gunohlari mag‘firat qilinadi, deb hisoblayman” (Imom Hokim rivoyati).
Jamoat namozi – kechani bedor o‘tkazganning savobiga noil etadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim xufton namozini jamoat bilan o‘qisa, go‘yo kechaning yarmini bedor o‘tkazibdi. Kim bomdod namozini jamoat ila ado qilsa, go‘yo kechaning barchasida namoz o‘qibdi”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Jamoat namozi – mo‘minlik belgisi. Abu Said Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: «Qachon masjidga borishga odatlangan kishini ko‘rsangizlar, uning iymonli ekaniga guvohlik beringlar. Chunki Alloh taolo bunday marhamat qilgan: “Allohning masjidlarini faqat Allohga va oxirat kuniga imon keltirgan, namozni barkamol o‘qigan, zakot bergan va faqat Allohdangina qo‘rqqan kishilar obod qilurlar” (Tavba surasi, 18‑oyat) (Imom Termiziy rivoyati).
Jamoat namozi – Qiyomatda nur bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alaĭhi vasallam: “Qorong‘uda masjidlar sari yurganlarga Qiyëmat kunidagi tugal nur xushxabarini bering!” dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Alloh taolo barchamizni O‘zining ibodatida sobitqadam qilsin. Besh vaqt namozni O‘zining uylaridan bir uy bo‘lmish – masjidda xolis O‘zining roziligi uchun ado etishimizga tavfiq ato etsin.
Davron NURMUHAMMAD
Er-xotin tez-tez urishib qolaverdi. Shunda ayoli eriga:
– Dadasi, qo‘shnilarimiz biror marta urishganini eshitmadim. Biz esa tez-tez janjallashib qolyapmiz. Qarshi bo‘lmasangiz, qo‘shni ayoldan buning sirini bilib kelaman, – dedi.
Eri rozi bo‘ldi. Ayol qo‘shni ayol bilan suhbatlashgani chiqib, undan oilada osoyishtalikni saqlash siri haqida so‘radi.
Bu paytda qo‘shni ayol oshxonada ovqat qilayotgan, uning eri esa stolda bir nimalarni yozib o‘tirgandi. Shunda birdan telefon jiringladi. Eri telefon oldiga borar ekan, bexos stol ustida turgan vazani turtib yubordi. Vaza yerga tushib, sindi. Bu holni ko‘rgan ayoli darrov kelib vazani siniqlarini tera boshladi. Eri ayoliga aybdorona qarab, uzr so‘radi. Ayoli esa: “Aslida men sizdan uzr so‘rayman. Chunki vazani stol ustiga – noqulay joyga qo‘ygan ekanman”, dedi.
Bu holni kuzatgan qo‘shni ayol uyiga qaytib keldi va nimalar ko‘rganini aytib berdi. So‘zi yakunida: “Oddiy bir ishda ular ikkalasi ham o‘zini aybdor hisoblarkan. Biz esa har ishda o‘zimizni haq, deymiz. Janjalimiz sababi shundan ekan”, dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Haq bo‘la turib janjalni tark etgan kishiga jannat yonidagi bir uyga kafilman. Hazildan bo‘lsa ham, yolg‘onni tark etgan kishiga jannat o‘rtasidagi bir uyga kafilman. Chiroyli xulqli kishiga jannatning eng yuqorisidagi bir uyga kafilman» (Imom Abu Dovud rivoyati).
Mana, osoyishtalik siri nimada ekan!
Akbarshoh Rasulov