Namoz – Islom dinining besh ustunidan biridir. Namoz mo‘minning me’rojidir. Namoz mo‘min-musulmon odam har kuni bajaradigan eng muhim amalidir. Namoz bandaning bu dunyoda ham, oxiratda ham najotga erishishiga sabab bo‘ladigan eng ulug‘ ibodatdir.
Hozirgi kunda ko‘plab tabiblar namozning tibbiy foydalari juda ko‘p ekanini bir ovozdan aytishmoqda.
Namoz insonni varikoz kasalliklaridan himoya qiladi.
Namozda amalga oshiriladigan harakatlar tufayli oyoq-qo‘llarda tomirlar bo‘rtib chiqib qolishi bilan kechadigan varikoz kasalligidan namozxon mo‘min odam omonda bo‘lar ekan.
Namoz tanadagi qon aylanishini ham yaxshilaydi. Jismning barcha a’zolariga qon bir maromda, tartib bilan yetib borishini ta’minlaydi.
Namoz har kuni tartib bilan ado etilgani uchun o‘ziga xos mashqlar majmuasi hamdir. Mo‘min inson har kuni tartib bilan namoz o‘qib yursa, tanasi ham risoladagidek ishlaydi.
Shuningdek, namoz insonni yana ko‘plab kasalliklardan himoya qiladi. Masalan, suyaklarning mo‘rtlashishi, umurtqa pog‘onasining egilishi va kamharakatlilik natijasida yuzaga keladigan boshqa bir qancha kasalliklarning odini oladi.
Namozlarni o‘z vaqtida muntazam o‘qib borish jismga yashovchanlik, faollik kelishiga, tananing ichki a’zolari faoliyatida tartib-intizom o‘z o‘rniga tushishiga sabab bo‘ladi.
Namozdagi ruku’ va sajda qorin, boldir va son muskullarining baquvvat bo‘lishiga olib keladi.
Namoz ichaklar faoliyatining faollashishiga katta hissa qo‘shib, ich qotishining oldini oladi.
Ruku’ va sajda miyaga qon kelib, u yana ortga qaytishiga, miya qon bilan me’yorida ta’minlanishiga, unga bo‘ladigan qon bosimining kamayishiga, barcha a’zolarda qon intizomli aylanishiga sabab bo‘ladi.
Endi mana bu rivoyatlarga diqqat qilaylik!
“Agar Nabiy sollallohu alayhi vasallam bir ishdan mahzun bo‘lsalar, namozga kirishar edilar”. Imom Ahmad rahimahulloh rivoyati.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam doim “Amal qilinglar, albatta, amallaringizning eng yaxshisi namozdir!” der edilar. Imom Ahmad rahimahulloh rivoyati.
Subhanalloh!
Dunyo va oxiratda najotga erishishimizning garovi, oxiratda birinchi bizdan so‘raladigan amal, ko‘plab ruhiy, tibbiy, aqliy foydalarning manbai va eng asosiysi – Alloh taoloning roziligiga erishtiruvchi eng buyuk amal bo‘lgan NAMOZ IBODATIni o‘z vaqtida ado etaylik, unga aslo beparvo bo‘lmaylik!
Abduddoim Kahelning maqolasi asosida
Nozimjon Iminjonov tayyorladi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
"Alloh sizdan yengillatmoqni iroda qiladir. Va inson zaif yaratilgandir".
Insonni Alloh taoloning O‘zi yaratgan. U Zot O‘z bandasining xususiyatlarini yaxshi biladi. Shuning uchun ham insonga faqat Alloh taoloning ko‘rsatmalarigina to‘g‘ri kelishi mumkin. Ushbu oyatda Alloh taolo insonning zaif holda yaratilganini ta’kidlamoqda. Yaratuvchining O‘zi «zaif yaratilgan», deb turganidan keyin, shu zaif insonga yo‘l ko‘rsatishda U Zot og‘irlikni xohlarmidi? Yo‘q, U Zot yengillikni xohlaydi.
Islom shariati, umuman, yengillik ustiga bino qilingandir. Bu haqda ko‘plab oyat va hadislar bor. Hammasi o‘z o‘rnida bayon qilinadi. «Niso» surasining boshidan muolaja qilib kelinayotgan masalalar, xususan, erkak va ayol, oila, nikoh masalasiga kelsak, ushbu oyatda bu masalalarda ham Alloh O‘z bandalariga yengillikni istashi ta’kidlanmoqda. Zohiriy qaralganda, diniy ko‘rsatmalarni bajarish qiyin, shahvatga ergashganlarning yo‘llarida yurish osonga o‘xshaydi. Islomda hamma narsa man qilingan-u, faqat birgina yo‘lga ruxsat berilganga o‘xshaydi. «Nomahramga qarama», «U bilan yolg‘iz qolma», «Uylanmoqchi bo‘lsang, oldin ahlining roziligini ol», «Mahr ber», «Guvoh keltir» va hokazo. Hammasi qaydlash va qiyinchilikdan iborat bo‘lib tuyuladi. Shahvatga ergashganlar esa «Yoshligingda o‘ynab qol, gunoh nima qiladi», deyishadi. Bu esa sodda va oson ko‘rinadi. Haqiqatda esa unday emas. Natijaga qaraganimizda bu narsa yaqqol ko‘zga tashlanadi. Dunyo tarixini kuzatadigan bo‘lsak, oila masalasiga yengil qaragan, jinsiy shahvatga berilgan xalqlar, davlatlar va madaniyatlar inqirozga uchragan. Qadimiy buyuk imperiyalarning sharmandalarcha qulashining asosiy omillaridan biri ham shu bo‘lgan.
Bizning asrimizga kelib, G‘arbda, o‘zlarining ta’biri bilan aytganda, jinsiy inqilob bo‘ldi. Jins borasida olimlar yetishib chiqdilar. Ular «Jinsiy hurriyat bo‘lmaguncha, inson to‘liq hur bo‘la olmaydi. Agar jinsiy mayllar jilovlansa, insonda ruhiy tugun paydo bo‘lib, unda qo‘rqoqlik va boshqa salbiy sifatlar kelib chiqishiga sabab bo‘ladi», kabi g‘oyalarni tarqatishdi. Oqibatda jinsiy inqilob avjiga chiqdi.
Natijasini – har xil balo-ofatlar buhronini hozir o‘zlari ko‘rib-tatib turishibdi. Axloqiy buzuqlik, oilaning va jamiyatning parchalanishi, hayotga qiziqishning yo‘qolishidan tashqari, son-sanog‘iga yetib bo‘lmaydigan muammolar paydo bo‘ldi. Jinsiy inqilob oqibatida taraqqiy etgan g‘arb davlatlarining tub aholisi dahshatli sur’atda kamayib bormoqda. Ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan tanosil kasalliklari kelib chiqdi, har yili son-sanoqsiz odamlar shu kasalliklardan o‘lmoqda. Nasl buzilib, odamlari zaifhol va kasalmand bo‘lib bormoqda. Turli aqliy va ruhiy kasalliklar urchidi. Oxiri kelib, kasalliklarga qarshi insondagi tabiiy monelikning yo‘qolishi (OITS) kasalligi paydo bo‘ldi. Bu kasallik haqli ravishda, XX asr vabosi deb nomlandi. Uning davosi yo‘q. Bu dardga chalinishning sababi zinodir. U bilan kasallangan odam tez muddatda o‘ladi. Hamma dahshatda. Bu dardga chalinmaslikning yo‘llari axtarilmoqda, bu yo‘lda behisob mablag‘lar sarflanmoqda, mazkur vaboga chalinmaslikning turli choralari taklif etilmoqda. Qonunlar chiqarilmoqda, idoralar ochilmoqda.
Lekin shahvatga ergashganlari sababli ular eng oson, eng ishonchli bitta yo‘l – Allohning yo‘liga qaytishni xayollariga ham keltirishmayapti. Aqalli ushbu dardning bevosita sababchisi bo‘lmish zinoni man etuvchi qonun chiqarishni hech kim o‘ylab ham ko‘rmayapti. Chunki shahvatga ergashganlar shahvatga qarshi chiqa olmaydilar. Ularning o‘zlari shahvatga banda bo‘lganlari uchun unga ergashganlar. O‘zlarini zohiriy yengil ko‘ringan ishga urib, endi og‘irlikdan boshlari chiqmay yuribdi. Zohiriy og‘ir ko‘ringan bo‘lsa ham, Alloh ko‘rsatgan yo‘lga yurgan bandalar boshida mazkur og‘irlik va mashaqqatlarning birortasi ham yo‘q. Ular mutlaq yengillikda, farovon turmush kechirmoqdalar.
"Tafsiri Hilol" kitobidan