O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 26 yilligi munosabati bilan Toshkent shahar hokimligi tashabbusi bilan Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi otinoyilar o‘rtasida “Eng faol otinoyi” ko‘rik tanlovini o‘tkazish joriy qilindi. Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari tomonidan tasdiqlangan bayonnoma ilovasiga asosan, “Eng faol otinoyi” ko‘rik-tanlovini o‘tkazish bo‘yicha shahar hay’ati tarkibi tuzilib, mazkur ko‘rik tanlovning tuman bosqichi 3-, 4-, 10 dekabr kunlari o‘tkazilib, unda g‘oliblikni ko‘lga kiritgan 13 nafar otinoyilar ko‘rik tanlovning Toshkent shahar bosqichida ishtirok etish uchun yo‘llanma olgan edilar.
Bugun mazkur ko‘rik-tanlovning shahar bosqichi “Shayx Zayniddin” jome masjidida 13 nafar otinoyi ishtirokida bo‘lib o‘tdi.
Savollar islomdagi shar’iy hukmlar va O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi asosida tuzilgan bo‘lib, otinoyilarning diniy ilm salohiyatini va huquqiy savodxonligini Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Shuhrat Turdiqulov, O‘MI Toshkent shahar bosh imom xatibi o‘rinbosari Ergashali Rustamov, Toshkent shahar bosh imom xatibining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha yordamchisi Dilbar Ataboyeva va malakali huquqshunos mutaxassislar baholab bordilar.
Ko‘rik-tanlov qatnashchilari ishtiroki tumanlarda faoliyat yurituvchi barcha otinoyilar ko‘z o‘ngida odilona baholandi.
Yakuniy xulosalarga ko‘ra, 1-o‘rin sohibasi Yunusobod tumani hudud otinoyisi – Dilorom Karimova, 2-o‘rin sohibasi Mirzo Ulug‘bek tumani hudud otinoyisi – Nasiba To‘raxo‘jayeva va Shayxontohur tumani hudud otinoyisi – Feruza Toshxo‘jayeva, 3-o‘rin sohibasi Yakkasaroy tumani hudud otinoyisi – Sijoat Sharipova deb topildi.
Yuqorida qayd etilgan 4 nafar g‘olib otinoyilar va ishtirok etgan faol otinoyilar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Dilbar Atabayeva,
Toshkent shahar bosh imom xatibining
xotin-qizlar masalalari bo‘yicha yordamchisi
Er-xotin tez-tez urishib qolaverdi. Shunda ayoli eriga:
– Dadasi, qo‘shnilarimiz biror marta urishganini eshitmadim. Biz esa tez-tez janjallashib qolyapmiz. Qarshi bo‘lmasangiz, qo‘shni ayoldan buning sirini bilib kelaman, – dedi.
Eri rozi bo‘ldi. Ayol qo‘shni ayol bilan suhbatlashgani chiqib, undan oilada osoyishtalikni saqlash siri haqida so‘radi.
Bu paytda qo‘shni ayol oshxonada ovqat qilayotgan, uning eri esa stolda bir nimalarni yozib o‘tirgandi. Shunda birdan telefon jiringladi. Eri telefon oldiga borar ekan, bexos stol ustida turgan vazani turtib yubordi. Vaza yerga tushib, sindi. Bu holni ko‘rgan ayoli darrov kelib vazani siniqlarini tera boshladi. Eri ayoliga aybdorona qarab, uzr so‘radi. Ayoli esa: “Aslida men sizdan uzr so‘rayman. Chunki vazani stol ustiga – noqulay joyga qo‘ygan ekanman”, dedi.
Bu holni kuzatgan qo‘shni ayol uyiga qaytib keldi va nimalar ko‘rganini aytib berdi. So‘zi yakunida: “Oddiy bir ishda ular ikkalasi ham o‘zini aybdor hisoblarkan. Biz esa har ishda o‘zimizni haq, deymiz. Janjalimiz sababi shundan ekan”, dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Haq bo‘la turib janjalni tark etgan kishiga jannat yonidagi bir uyga kafilman. Hazildan bo‘lsa ham, yolg‘onni tark etgan kishiga jannat o‘rtasidagi bir uyga kafilman. Chiroyli xulqli kishiga jannatning eng yuqorisidagi bir uyga kafilman» (Imom Abu Dovud rivoyati).
Mana, osoyishtalik siri nimada ekan!
Akbarshoh Rasulov