Sayt test holatida ishlamoqda!
18 Iyun, 2025   |   22 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:49
Peshin
12:29
Asr
17:40
Shom
20:02
Xufton
21:41
Bismillah
18 Iyun, 2025, 22 Zulhijja, 1446

Alloh qalbimizga va amalimizga qaraydi

14.12.2018   3998   7 min.
Alloh qalbimizga va amalimizga qaraydi

Zamonaviy texnologiyalar hayotimizning ajralmas qismiga aylanib ulgurdi. Butunjahon o‘rgimchak to‘ri deb ataladigan Internetning imkoniyatlari, taraqqiyotning tezligiga tezlik, kuchiga kuch bag‘ishlamoqda. Hozirgi vaqtda ana shu buyuk ixtironing imkoniyatlaridan bahramand bo‘lmagan inson kam qolgan. Biroq bashariyatga foyda keltirishi ko‘zlangan ushbu vositadan o‘zlarining g‘arazli maqsadlarini amalga oshirish, odamlarni to‘g‘ri yo‘ldan adashtirish maqsadida foydalanuvchilar ham yo‘q emas. Internetdan nimani axtarsangiz, topasiz. Faqat topilgan narsa to‘g‘ri, ishonchli va eng muhimi zararsiz ekanini bilish uchun ong va tafakkur kerak.

Shuni ham ta’kidlash joizki, hozirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi diniy ta’lim muassasalari va masjidlarning rasmiy diniy-ma’rifiy saytlari, feysbuk va telegram kanallari, shuningdek, uz. domenidagi rasmiy islomiy saytlar faoliyat olib bormoqda. Ulardan barcha shar’iy masalalarga asosli javob topish mumkin.

Alloh taolo bandalari ichida eng loyiqlarini payg‘ambar etib sayladi va o‘sha payg‘ambarlarga Jabroil alayhissalom vositasida din hukmlarini o‘rgatdi. So‘ngra payg‘ambarlar bu hukmlarni odamlarga yetkazdilar.

Odamlar zimmasidagi amallar sakkiz qismga bo‘linadi: Birinchisi – farz. Ikkinchisi – vojib. Uchinchisi – sunnat. To‘rtinchisi – mustahab. Beshinchisi – muboh. Oltinchisi – harom. Yettinchisi – makruh. Sakkizinchisi – mustakrah.

Ushbu sakkiz amalning ba’zilarini bajarish shart, ba’zilarini bajarmaslik shart. Ayrimlarini esa qilish-qilmaslik ixtiyoriy. Ba’zi kishilar ana shu amallar qolib, ba’zi bir “faloniy”, “pistoniy” nomli mutaassiblarning gaplariga ishonib, chalg‘ib yuribdilar. Undan ko‘ra halol va haromni farqlab, poklik (tahorat, g‘usl va h.k.) qanday bo‘lishi, Alloh taolo yoqtiradigan namoz, ro‘za, zakot, haj, rostgo‘ylik, omonatni ado qilish, ota-onaga yaxshilik ko‘rsatish, silai rahm qilish, ahdga vafo, Alloh taoloning diniga ixlos, U Zotning ne’matiga shukr qilish, qazosiga rozi bo‘lish haqida qayg‘urish afzal emasmi? Qiyomatda Allohning huzuriga qanday boramiz. Falonchi unday dedi, pistonchi bunday dedi kabi mish-mish va uydirmalar zarardan boshqa narsa emas-ku. Binobarin, hadislarda shunday rivoyat qilinadi: Albatta, Alloh taolo sizlarning suratlaringizga ham, mol-davlatingizga ham qaramaydi, balki qalbingizga va amallaringizga qaraydi (Imom Muslim rivoyati).    

Shu o‘rinda o‘zlariga “faloniy”, “pistoniy” deb nom qo‘yib olgan  mutaassib guruhlarga tegishli internet saytlarini farqlab olish hamda bundan ogoh bo‘lish maqsadida, ularga taalluqli bo‘lgan sahifalarning o‘ziga xos xususiyatlari quyidagicha:

  • ular sahifalarida va guruhlarida faqat o‘zlarini to‘g‘ri yo‘lda yuruvchilar deb da’vo qilib, o‘zlariga ergashmaganlarni kofir sanashadi;
  • iymon keltirmaganlarni yoki g‘ayridinlarni dushman deb e’lon qilishadi;
  • o‘zlarining to‘daboshilaridan boshqa olimlarni qoralab, ularni haqoratlashadi;
  • davlat hokimiyatiga nisbatdan norozilik kayfiyatini uyg‘otish va mavjud kamchiliklarni bo‘rttirib ko‘rsatish orqali odamlarni vahimaga solishadi;
  • xalq bilan go‘yoki yaqinligini bildirish maqsadida o‘zlarini ularning qiyinchilik va tashvishlariga “sherik” qilib ko‘rsatishadi, aslida esa ularning diniy tuyg‘ularidan ustamonlik bilan foydalanishadi;
  • ixtilof chiqaradigan masalalarni o‘z sahifalari orqali yoritib, odamlarga o‘z qarashlari to‘g‘riligiga ishonch hosil qilishga urinishadi.

Xo‘sh, bunday fitna va xatolardan emin bo‘lish uchun nima qilish kerak?

Alloh taoloning kuzatib turganini, U zot hamma narsadan voqif ekanini doim his qilib turish;

Internetga muayyan vaqtlarda, aniq maqsad bilan kirish;

o‘zi aytayotgan, eshitayotgan, naql qilayotgan va o‘qiyotgan narsalar haqida ishonchli ilmga ega bo‘lish lozim. (Chunki internet shunday makonki, unda to‘g‘ri kelgan odam soxta ism ostida to‘g‘ri kelgan narsani yozishi mumkin);

biror voqeadan xabardor bo‘lsa, aql tarozisiga solib ko‘rish lozim. Chunki Niso surasining 83-oyati tafsirida bunday deyiladi: “Ba’zi kishilar biror xabarni eshitishlari bilan hamma yoqqa tarqatishga shoshiladilar. Bundan musulmonlarga foyda bormi, zarar bormi o‘ylab o‘tirmaydilar. Mazkur xabarni tarqatish musulmonlar uchun yaxshimi yoki tarqatmaslik yaxshimi – o‘ylab ko‘rmaydilar. Oqibatda dushmanlar «sovuq urush» (qurolsiz urush) deb nomlangan qabohatni ishga solib, turli-tuman yolg‘onlarni to‘qib chiqaradilar. Musulmonlar ichida g‘ulg‘ula, kelishmovchilik tarqatadilar. Ruhiy, ma’naviy quvvatlarini sindiradilar. Agar musulmonlar o‘z dinlariga amal qilsalar, bunday laqmalik, nodonlik qilmas edilar. Eshitgan gaplarini darhol yoymas edilar. Chunki Islom hukmi bo‘yicha, eshitgan gapini tarqataverish mumkin emas” (“Tafsiri hilol“ ikkinchi nashr 1- juz 587-bet. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf).

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, Bo‘lar-bo‘lmas gaplar bilan umrimizni besamar o‘tkazmaylik! Alloh taologa taqvo qilaylik! Taqvo qilishning fazilatlari va foydalari juda ham bisyordir, Qur’oni karimda ularning bir qanchalari zikr etib o‘tilgan. Jumladan: “Ey, imon keltirganlar! Agar Allohdan qo‘rqsangiz, sizlar uchun (haq bilan nohaqlikni) ajrim etuvchi (yordam)ni berur va gunohlaringizdan o‘tib, sizlarni mag‘firat qilur. Alloh ulkan fazl sohibidir (Anfol surasi, 29-oyat).

Taqvodor bandaga har qanday tang holatdan chiqish yo‘llari oson qilib qo‘yiladi, unga rizq eshiklari ham keng ochiladi. Bu haqda Qur’oni karimda bunday deyilgan: “Kimki Allohga taqvo qilsa, U unga (tashvishlardan) chiqish yo‘lini  (paydo)  qilur. Yana uni o‘zi o‘ylamagan joydan rizqlantirur (Taloq surasi, 2-3-oyatlar).

Taqvo tufayli osmonlaru yerdan barakotlar yog‘ilib, xalqlar farovon hayot kechirishlariga muyassar bo‘ladilar. Bu haqda Alloh taolo shunday marhamat qiladi: “Agarda (mazkur) yurtlarning aholisi imon keltirgan va taqvo qilganlarida edi, ular ustiga osmonlar va Yerdan barakotlar (eshiklari)ni ochib yuborgan bo‘lur edik” (A’rof surasi, 96-oyat).

Bu oyatda juda katta marhamat bor. Alloh taolo bandalaridan juda ko‘p va og‘ir narsani talab qilmadi. Imon keltirib, shirk va gunohlardan o‘zlarini tiysalar, bas. Shu ishlari evaziga yeru osmondan barakot ato etaman, deb va’da qilmoqda. Bu shart va mukofot va’dasi to qiyomatgacha dunyoga kelib ketuvchi barcha bandalarga tegishlidir.

Fotiha surasidaga:  “Iyyaka na’budu” lafzi “faqat Sening aytganingni qilamiz”, ma’nosini anglatadi. Bu esa bandaning Alloh taologa bergan ulkan va’dasidir.

Alloh taolo barchamizni ushbu va’daning ustidan chiqadiganlardan qilsin.

 

Azamat USMONOV,

Xoja Buxoriy nomli o‘rta maxsus islom bilim yurti o‘qituvchisi

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Yolg‘iz qolganda ham Allohdan hayo qiling!

18.06.2025   89   3 min.
Yolg‘iz qolganda ham Allohdan hayo qiling!

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilgan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Hayo – iymondandir. Iymon jannatdadir. Fahsh qabohatdandir. Qabohat esa do‘zaxdadir” [1], deganlar.

Ka’b hazratlarining bir gaplari bor: “Hammaning oldida odamlardan uyalganingiz singari yolg‘iz qolganda ham Alloh taolodan hayo qilinglar”.

Bizlar omma oldida uyatchan bo‘lganimiz qadar maxfiy paytlarda Alloh taolodan hayo qilayapmizmi?! Hammaning oldida biror xato qilib qo‘ygudek bo‘lsak, odamlar bizni gap-so‘z qilishlaridan qo‘rqib yurganimiz kabi hech kim ko‘rmagan paytda Alloh bizni ko‘rib turganini his qila olyapmizmi?! 

Ulug‘lardan biri bunday deydi: “Hammaning oldida qilishdan uyaladigan ishini yashirincha qilgan odamning qadri yo‘qdir”.

Alloh taoloning nazdida beqadr bo‘lishimiz va odamlar orasida hurmatimizni yo‘qotishimiz qay birimizga yoqadi?! Mana bu misralar juda to‘g‘ri yozilgan:

Gar hayo pardasi sitilsa nogoh,
Qo‘rquv ham solmasa ish nihoyasi,
Istagan narsangni qilaver gumroh,
Bexayr hayotning shudir doyasi.
Iffat tark aylasa insonni agar,
Ortidan ketgaydir xayru halovat.
Ko‘zlaring ochibroq solsang-chi nazar:
Po‘stloq turar ekan, novda salomat!

 Lekin hayo bobida uyalmaslik kerak bo‘lgan amallar ham borki, bu ishlarni hikmat va odob ila ado etmog‘imiz lozim. Ulug‘lardan biri: "Uch narsa borki, ulardan uyalma:

1. Ilm izlash. Bir so‘rab, bir so‘ramay yuradigan bo‘lsang, u holda hech qachon ilmga erisha olmaysan.

2. Badan kasalligi. Alloh taolo seni birorta kasallik bilan sinasa, o‘z qobig‘ingga o‘ralib olib, odamlardan ajralma.

3. Kambag‘al yaqin qarindosh. Bu mening amakimning o‘g‘li yoki tog‘amning o‘g‘li deyishdan uyalma”, deydi.

Hayo martabalarining eng yuqorisi banda Robbisidan hayo qilishi va U Zotga osiylik qilmasligi, ibodatlarida kamchilikka yo‘l qo‘ymasligidir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kim Alloh taolodan hayo qilsa, boshni va u qamrab olgan narsalar (ko‘z, quloq kabi a’zolar)ni  saqlasin, qorin va u qamrab olgan narsalar (farj kabi a’zolar)ni ehtiyot qilsin. O‘lim va chirishni yodga olsin. Oxiratni istagan kishi dunyo ziynatlarini tark qiladi, kim ularni qiladigan bo‘lsa, Alloh taolodan haqiqiy ma’noda hayo qilgan bo‘ladi”, [2] dedilar.

Alloh taolo bergan ne’matlarini va U Zotning haqqini ado etishda kamchilikka yo‘l qo‘yayotganingizni ko‘ra olishingiz hayodandir. Alloh taologa itoat qilib, Unga osiylik qilmasangiz qiyomat kunida bandaga amallari ko‘rsatilganida Alloh taolo u bandani azoblashdan hayo qiladi.

Rivoyat qilinishicha, Misr azizi (shoh yoki xazinabon)ning ayoli Yusuf alayhissalomga ko‘ngli tushib buzuq ishni qilmoqchi bo‘lganida, uyning burchagida turgan butning yuzini yopib qo‘yadi. Shunda Yusuf alayhissalom: “Nima qilyapsan?” – deb so‘raydi. Ayol javoban: “Undan hayo qilyapman”, deydi. Yusuf alayhissalom esa: “Men Allohdan hayo qilishga haqliroqman”, deydi.

 

Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.


[1]  Imom Termiziy rivoyat qilgan va “Hasan sahih” qaror bergan.
[2]  Imom Ahmad va Imom Termiziy rivoyati.

 

Maqolalar