Quyida keltiriladigan fikrlar, hikmatlar ijtimoiy tarmoqlardagi turli sahifalardan olib tarjima qilingan. Bundan tashqari sahobai kiromlar, ulug‘ olimlar, Yaqin Sharq, Osiyo, Yevropa va Amerika mutafakkirlarining bir qator fikrlari ham berilgan.
*****
Men faqat Robbimga suyanaman.
Qoqilsam, faqat U meni turg‘azib qo‘yadi.
Kasal bo‘lsam, faqat U menga shifo beradi.
Kambag‘al bo‘lib qolsam, faqat U meni boy qiladi.
Gunoh qilsam, faqat U meni mag‘firat etadi.
“Hikmat durdonalari”
*****
Qalbingni hasad bilan yoqma, gina bilan o‘ldirma, adovat bilan kasal qilma. Salim qalb egasi, xotiri jam inson bo‘lib yasha. Xalqlarni esa Xoliqqa qo‘yib ber.
“Hikmat durdonalari”
*****
Hech bir ish qilmaydiganlarga nasiba o‘zi kelib yordam berolmaydi.
“Tarix muhrlagan so‘zlar”
*****
Modomiki to‘g‘ri yurgan ekanman, soyamning odamlar tarafga egilishiga e’tibor bermayman.
“Tarix muhrlagan so‘zlar”
*****
To‘g‘ri ish qil! Boshqalarning sen haqingda nima deyishlariga e’tibor berma!
“Tarix muhrlagan so‘zlar”
*****
O‘lik ummat o‘z qahramonlarini, ular vafot etganidan keyin eslaydi. Buyuk ummat o‘z qahramonlarini, ular tirikliklarida hurmat qiladi.
“Tarix muhrlagan so‘zlar”
*****
Qiyin vaziyatlarda odamlarning qandayligi fosh bo‘ladi. Shuning uchun bir insonga, uning gapiga qarab hukm qilma. Insonlar gapirayotgan paytda ko‘pincha namunali bo‘ladilar.
“Hikmat durdonalari”
*****
Bobom menga shunday dedilar: “Bolam, bu sayyorda yashash qiyin bo‘lib qoldi. Odamlar bir-birini o‘yin qilishyapti. Pok inson qiynalyapti. Munofiq kimsa qalblarni o‘ziga qaratyapti. Odamlar yolg‘onchiga yaqinlashib, haqni aytadiganlardan qochishyapti”.
“Hikmat durdonalari”
*****
Jim turganimiz doim ham rozi ekanimizni anglatmaydi.
Sabrimiz doim ham zaifligimizni anglatmaydi.
Tabassumimiz doim ham qabul qilganimizni anglatmaydi.
Bir narsani qidirganimiz doim ham o‘sha narsaga muhtojligimizni anglatmaydi.
Biror masala muhokamasi paytida yo‘qligimiz doim ham o‘sha masalaga e’tibor bermayotganimizni anglatmaydi.
Ehtiyot bo‘lishimiz doim ham qo‘rqishimizni anglatmaydi.
Savol berishimiz doim ham bilmasligimizni anglatmaydi.
Xato qilishimiz doim ham ahmoqligimizni anglatmaydi.
Kechirishimiz doim ham ojizligimizni anglatmaydi.
Bularning barchasi biz o‘tadigan ko‘prik bo‘lib, o‘sha ko‘prik orqali cho‘qqiga yetib boramiz.
“Hikmat durdonalari”
*****
Odamlarga ko‘p ham ishonaverma. Odamlarni ko‘p ham yaxshi ko‘raverma. Dunyo ishlari haqida ko‘p ham o‘ylayverma. Chunki bularning ko‘pi sening ko‘p alam chekishingga sabab bo‘lishi mumkin.
“Hikmat durdonalari”
*****
Og‘riqlarni jim turib qabul qiladigan va boshqalarning xatolarini yaxshi niyat bilan kechiradigan kishilar meni hayron qoldiradi.
“Hikmat durdonalari”
*****
Ba’zilar ilonning zahri bilan bellasha oladigan gaplarni muloyimlik, yumshoqlik ohangida gapiradi. O‘sha gapni gapirayotganda yuzida tabassum ham bo‘lishi mumkin.
“Hikmat durdonalari”
Internet materiallaridan to‘plab, tarjima qiluvchi
Nozimjon Iminjonov
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
U Hijru Ismoil deb ham nomlanadi. U yarim doira shaklidagi ochiq binodir. Xatim deb nomlanishiga sabab, u Ka’badan sindirib olingandir. Quraysh Ka’ba binosini yangilaganda o‘sha yerni qoldirgan. Ismoil hijri deyilishiga sabab, Ibrohim alayhissalom Ka’baning yoniga arok daraxtidan Ismoil hamda onalariga kapa qurib berganlar. Demak, hijr Ka’baning qismidan bo‘lmagan. Lekin Quraysh Ka’badan qoldirib, Hijrga kiritgan joyi shak-shubhasiz Ka’badir. Hajmi olti gazu bir qarich, ya’ni uch metrdir.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan xatim haqida so‘rab: «U Ka’badanmi?» desam, u zot: «Ha», dedilar. Men: «Unda nima uchun Ka’baga qo‘shib yuborishmagan?» desam, u zot: «Qavmingning, ya’ni Qurayshning mablag‘i yetmay qolgan...» dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Boshqa bir rivoyatda keltirilishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Oisha, agar qavming johiliyatdan endi qutulganini hisobga olmaganimda, Ka’bani buzishga buyurib, uning chiqib ketgan joyini kirgizib, yerga yopishtirib, ikki eshik, ya’ni sharq va g‘arb tomondan eshik ochib, Ibrohim alayhissalom bunyod etgan poydevorga yetkazar edim», dedilar.
Ibn Zubayrni Ka’bani buzishga undagan narsa mana shu edi. Yazid: «Ibn Zubayr buzib, qayta qurayotganlarida guvoh bo‘ldim. Hijrni Ka’baga kiritdilar. Ibrohim alayhissalom qurgan poydevordagi toshlarni ko‘rdim. U xuddi tuyaning o‘rkachiga o‘xshar edi», deganlarida, Jarir: «Uning o‘rni qayerda edi?» dedilar. U kishi: «Hozir senga ko‘rsataman», dedilar. Jarir u kishi bilan Hijrga kirdilar. Yazid o‘sha makonga ishora qilib: «Mana bu yerda», dedilar. Jarir: «Hijrni taxminiy o‘lchab ko‘rsam, 6 gaz yoki shunga yaqin edi», dedilar.
Bu narsa Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning so‘zlarida ham ochiq-oydin kelgan. Imom Muslimning rivoyatlarida esa: «Hijrdan olti gaz qo‘shdim», deb aytilgan.
Bu rivoyatlardan bilinadiki, Hijr Ka’baning bir qismidir. U Ka’ba atrofidagi taxminan 3 metrlar chamasi joydir. Boshqa yer esa Ka’badan emas. Shunga binoan hijrning orqa tomonidan tavof qilish durustdir. Kim Ka’ba ichida namoz o‘qishga imkon topa olmasa, Ka’baning chamasi 3 metr yonidagi xatim qismida o‘qisa, go‘yoki Ka’ba ichida namoz o‘qigandek bo‘ladi.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Men Ka’ba ichiga kirib namoz o‘qishni yaxshi ko‘rar edim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qo‘limdan ushlab, hijrga kirgizdilar, «Ka’baga kirishni xohlasang, mana shu yerda ham o‘qiyvergin. Chunki u Ka’badan bir bo‘lakdir», dedilar».
Boshqa rivoyatda Oisha roziyallohu anho: «Hijrdami, Ka’badami namozni qaysi birida o‘qishga ahamiyat bermayman», deganlar.
Salaflardan qilingan rivoyatda: «Xatimda, mezob ostida duolar mustajobdir», deyilgan.
Shayboniy: «Sa’id ibn Jubayrning Ka’bani hijrda kuchib turganlarini ko‘rdim», dedilar.
Zolim Hajjoj ibn Yusuf xalifa Abdulmalik ibn Marvonga maktub yozib, unda Ibn Zubayr Ka’bani o‘zgartirib, uning o‘rni bo‘lmagan joylarni qo‘shib, boshqa eshik ochganini aytgan va endi Ka’bani qaytadan bino qilishini so‘ragan edi. Hajjoj Ka’bani o‘zi aytganidek o‘zgartirib bo‘lganidan keyin Abdulmalik bildiki, Ibn Zubayr Ka’ba qurilishini Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytganlaridek amalga oshirgan edilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Oisha, agar qavming johiliyat zamonidan endigina qutulganini hisobga olmaganimda, Ka’bani buzib, chiqib ketgan joylarini qo‘shib olgan bo‘lar edim...» deganlar.
Xalifa Abdumalik Hajjojga ruxsat bergani uchun pushaymon chekib: «Agar Hajjoj buzishidan oldin ushbu hadisni eshitganimda, Ibn Zubayr qurganlarini qoldirar edim», degan Muslim rivoyati.
Rivoyat qilinishicha, ba’zi abbosiy xalifalar Imom Molik ibn Anasdan Ka’bani buzib, hadisda zikr qilinganidek, Ibn Zubayr qurganlari kabi yana qayta qurish uchun fatvo so‘rashganida, Imom Molik roziyallohu anhu: «Ey mo‘minlar amiri, o‘tinib so‘rayman, Baytullohni podshohlarga o‘yinchoq qilib qo‘ymang, xohlagan kishi uni buzib o‘ynayvermasin. Shu holat bo‘laversa, odamlar qalbida Ka’baning haybati ketib qoladi», dedilar. Imom Molikning ushbu gaplaridan keyin Ka’ba mana shu holatda qoldi.
Xatim devorining balandligi 1 metr 32 sm. Devorning eni 1 metr 55 sm.
Ikki kirish orasidagi masofa 8 metr 77 sm. Ka’ba devoridan Xatim devorigacha 8 metr 46 sm.
Ka’badan Xatimgacha mavjud bo‘lak 3 metr.
Multazam tomondagi ochiqlik o‘lchami 2 metr 29 sm.
Muqobil ochiqlikdagi o‘lcham 2 metr 23 sm. Tashqaridan devor aylanasining uzunligi 21 metr 57 sm.
"Makka, Ka’ba, Zamzam tarixi, haj va umra manosiklari" kitobidan