Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ba’zi kechalarda Madina qabristoniga borib, yaqin birodarlarini ziyorat qilar edilar. Mo‘minlarning qabrlariga salom berar, haqlariga duo qilib, o‘lim va oxiratni yod etardilar. Shunday tunlarning birida Oisha onamiz yarim kechasi uyg‘onib, yonlarida Sarvari olamni topolmagach, ancha qayg‘ulandilar. Birozdan so‘ng qaytib kelgan Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) Oishani mahzun ko‘rdilar va:- Ey Oisha, shaytoningga mag‘lub bo‘libsan, — dedilar. Shayton so‘zi Oisha onamizning diqqatini tortib, so‘radilar:
— Yo Rasululloh, mening ham shaytonim bormi?
Payg‘ambar (alayhissalom) unga javoban:
- Albatga, har bir insonning shaytoni bordir, — dedilar. Oisha onamiz yana:
- Sizniki ham bormi? - deb so‘raganlarida, Alloh Rasuli (sollallohu alayhi va sallam):
- Ha, faqat men Robbimning yordami bilan uni mag‘lub etdim, - dedilar.
Payg‘ambarimizning (sollallohu alayhi va sallam) Oisha onamizga bo‘lgan muhabbatlari shunchalar kuchli ediki, natijada boshqa onalarimiz rashk qila boshlashdi. Payg‘ambarimizning (alayhissalom) qizlari Fotimadan (roziyallohu anho) bu holni u zotga bildirishlarini iltimos qildilar. Avvaliga Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bu haqqa gaplashishni xohlamagan bo‘lsalar, suyukli qizlarining ikkinchi bor murojaatlaridan keyin so‘zlashga majbur bo‘ldilar:
— Kizginam Fotima, mening sevganimni siz sevmaysizmi? Hazrati Fotima:
— Albatga, sevaman, ey Allohning Rasuli, - dedilar. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam):
— U holda Oishani sevishingiz kerak!
Fotima onamiz jim bo‘lib qoldilar. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) so‘zini davom ettirib:
— Oishadan hech qachon rashk qilmasinlar. Robbimga qasam etib aytamanki, Oishadan boshqa hech birlarining yotoqlarida menga vahiy kelmaydi, — dedilar.
Saidabror Umarov tayyorladi
Savol: Birovning telefoni va undagi ma’lumotlarni ruxsatsiz ko‘rish mumkinmi? Chunki ba’zan avtobus, metro kabi ommaviy transport vositalarida ayrim shaxslarning shunday ishlar qilayotganiga guvoh bo‘lib qolamiz?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Yo‘q, birovning telefonidan uning ruxsatisiz foydalanish yoki undagi ma’lumotlarni o‘qish shar’an to‘g‘ri emas. Bu birovning uyiga ruxsatsiz mo‘ralash, xatiga ruxsatsiz qarash kabidir. Zero, bu ishlar Qur’on va hadislarda man etilgan.
Ammo agar murabbiy (ota, ustoz va hokazo) qo‘l ostida tarbiyalanayotgan shaxsning to‘g‘ri yo‘ldan og‘ishidan shubha qilsa, u holda tarbiya maqsadida o‘z qo‘l ostidagi shaxsning telefonini tekshirishiga ruxsat beriladi. Balki ular vaqti-vaqti bilan bolalar va ularga tegishli narsalarni nazorat qilib turishlari kerak, toki ular to‘g‘ri yo‘ldan og‘masinlar. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi