O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari Parijda bo‘lib o‘tgan XIV Xalqaro musulmon forumidagi chiqishida musulmon ummatining birinchi navbatdagi vazifasi nima ekanini aytdi. Bu haqda Rossiya musulmonlari kengashi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Muftiy hazratning fikriga ko‘ra, hozirda mo‘min-musulmonlar o‘rtasidagi hamkorlikning mustahkamlanishi, o‘zaro muloqotni ta’minlash kabi globallashuvning ijobiy samaralari bilan birga, yovuz kuchlar tomonidan yoshlarni manfur maqsadlarda ishlatish uchun axborot kurashi davom etmoqda.
O‘zbekiston muftiysi o‘z chiqishida yoshlar tarbiyasi musulmon ummatining birinchi galdagi vazifasi ekanini ta’kidlagan holda, yoshlar tarbiyasiga jiddiy e’tibor qilishga katta urg‘u berdi.
Forum doirasida Bahouddin Naqshband tavalludining 700 yilligi nishonlanishi munosabati bilan Usmonxon Alimov hazratlari naqshbandiya tariqati asoschisi o‘z shogirdlariga meros sifatida qoldirgan va o‘zi ham amal qilgan muhim tamoyillarni yodga soldi. Naqshbandiya tariqatining “dil bayor, dast bakor” ta’limoti “qalbing Allohda, qo‘ling ishda bo‘lsin” degan ma’noni anglatishini atroflicha izohladi. Bu musulmon odamning jamiyatning faol a’zosi bo‘lishi bilan birga, qalbi Allohning yodidan bir zum ham xoli bo‘lmasligini ushbu ta’limotda ifoda etilganini muftiy hazratlari alohida qayd etdilar, – deyiladi Rossiya musulmonlari kengashi matbuot xizmati xabarida.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Kitoblarda Fir’avnning ko‘milmagani, odamlarga ibrat bo‘lishi uchun yer yuzida qoldirilgani aytiladi. Agar u qabrga ko‘milmagan bo‘lsa, uning qabrdagi so‘roq-savoli va azoblanishi qanday bo‘ladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Inson vafot etganidan keyin uning bu dunyo bilan aloqasi uzilib, “Barzax olami” deb ataladigan boshqa bir olamga ko‘chadi. Uni oddiy qilib qabr hayoti deb ataladi. Qabr deganda faqat yerdan qazilgan chuqurlik nazarda tutilmaydi, balki inson vafot etganidan keyin uning jasadi qayerda bo‘lsa, o‘sha joy uning qabri hisoblanadi. Shu bois, odatda barzax olamidagi azob “qabr azobi” deb hisoblanadi.
Mayyit dafn qilinmagani uchun yer yuzida qoldirilgan bo‘lsa ham uni dunyo olamida emas, balki barzax olamida deyiladi. Alloh taolo O‘zining cheksiz hikmati bilan barzax olamidagi haqiqatlarni odamlardan yashirib qo‘ygan. Shu sababli mayyitning boshidan o‘tayotgan yaxshi yoki yomon holatlarni bu dunyodagilar ko‘ra olmaydi.
Fir’avnning jasadi yoki uning tana a’zolari qayerda va qaysi holatda bo‘lmasin, unga qilgan jinoyatlari va amallariga yarasha barzax azobi beriladi.
Mashhur yurtdoshlarimizdan So‘fi Ollohyor hazratlarining “Sabotul ojizin” kitobida mazkur masala quyidagicha tushuntirilgan:
“Agar chandi ki go‘rsiz o‘lsa inson, So‘rolur, albatta, beshakku nuqson.
Agar daryoda o‘lsun yo osilsun, Azob etsa, bani odam na bilsun.
Daranda odam o‘g‘lin qilsa xo‘rok, gumon yo‘qdur, so‘rar qornida, ey pok.
Agar banda muazzab bo‘lsa anda, qolur tuymay bu ishni ul daranda.
Nechuk qilsa erur Qodiru Nosir, Bu yerda bandasining aqli qosir”.
Demak, inson vafot etgandan keyin u uchun barzax olami boshlanadi va qay holatda bo‘lishidan qat’iy nazar uning so‘roq-savoli hamda azob yoki rohati muqarrar sodir bo‘ladi. Musulmon inson mana shunday e’tiqodda bo‘lishi zarurdir. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi