Quyida keltiriladigan fikrlar, hikmatlar ijtimoiy tarmoqlardagi turli sahifalardan olib tarjima qilingan. Bundan tashqari sahobai kiromlar, ulug‘ olimlar, Yaqin Sharq, Osiyo, Yevropa va Amerika mutafakkirlarining bir qator fikrlari ham berilgan.
*****
Qum ustiga qurilgan narsa yo bugun yoki ertaga qulaydi.
“Tarix muhrlagan so‘zlar”
*****
Munofiq kimsa sizni baland ovozda maqtaydi-da, jim turib xiyonat qiladi.
“Tarix muhrlagan so‘zlar”
*****
Hayotdagi eng xatarli inson – yolg‘onchidir!
“Tarix muhrlagan so‘zlar”
*****
Yaxshi nom qoldirishga e’tiborli bo‘l. Chunki sendan keyin ham uzoq vaqt yashaydigan narsang – yaxshi nomingdir.
“Tarix muhrlagan so‘zlar”
*****
Agar meni yaxshi tanimasang ham men haqimda yaxshi gumon qilib, hurmatimni joyiga qo‘yaver.
Najib Mahfuz
*****
Bir shaxs sening qalbingni sindirdi, ishongan do‘sting ishonchingni oqlamadi, mansabdor kimsa senga zulm qildi, sening muvaffaqiyat yo‘ling xuddi shu joydan boshlanadi. Endi sen odamlardan umidingni uzasan-da, Alloh taoloning o‘ziga yuzlanasan, Undan yordam so‘raysan. U esa seni boshqalardan behojat qilib qo‘yadi.
“Tarix muhrlagan so‘zlar”
*****
Haqiqiy do‘st – bitta shodlik va bitta mahzunlikni ikki qalb ko‘tarib yuradi deganidir.
“Hikmatlar”
*****
(Do‘stimiz bizni tashlab ketganda) biz do‘stlarni yo‘qotmaymiz, balki haqiqiy do‘st kim ekanligini bilib olamiz.
“Hikmatlar”
Internet materiallaridan to‘plab, tarjima qiluvchi
Nozimjon Iminjonov
Er-xotin tez-tez urishib qolaverdi. Shunda ayoli eriga:
– Dadasi, qo‘shnilarimiz biror marta urishganini eshitmadim. Biz esa tez-tez janjallashib qolyapmiz. Qarshi bo‘lmasangiz, qo‘shni ayoldan buning sirini bilib kelaman, – dedi.
Eri rozi bo‘ldi. Ayol qo‘shni ayol bilan suhbatlashgani chiqib, undan oilada osoyishtalikni saqlash siri haqida so‘radi.
Bu paytda qo‘shni ayol oshxonada ovqat qilayotgan, uning eri esa stolda bir nimalarni yozib o‘tirgandi. Shunda birdan telefon jiringladi. Eri telefon oldiga borar ekan, bexos stol ustida turgan vazani turtib yubordi. Vaza yerga tushib, sindi. Bu holni ko‘rgan ayoli darrov kelib vazani siniqlarini tera boshladi. Eri ayoliga aybdorona qarab, uzr so‘radi. Ayoli esa: “Aslida men sizdan uzr so‘rayman. Chunki vazani stol ustiga – noqulay joyga qo‘ygan ekanman”, dedi.
Bu holni kuzatgan qo‘shni ayol uyiga qaytib keldi va nimalar ko‘rganini aytib berdi. So‘zi yakunida: “Oddiy bir ishda ular ikkalasi ham o‘zini aybdor hisoblarkan. Biz esa har ishda o‘zimizni haq, deymiz. Janjalimiz sababi shundan ekan”, dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Haq bo‘la turib janjalni tark etgan kishiga jannat yonidagi bir uyga kafilman. Hazildan bo‘lsa ham, yolg‘onni tark etgan kishiga jannat o‘rtasidagi bir uyga kafilman. Chiroyli xulqli kishiga jannatning eng yuqorisidagi bir uyga kafilman» (Imom Abu Dovud rivoyati).
Mana, osoyishtalik siri nimada ekan!
Akbarshoh Rasulov