Mo‘min-musulmonlarning juda ko‘p qismi, shu jumladan, rossiyalik musulmonlar uchun Buxoro va Samarqand shaharlari asrlar davomida islom ilmlarining o‘chog‘i bo‘lib kelgan. Bu haqda Rossiya musulmonlari diniy idorasi raisi, muftiy Shayx Ravil Gaynutdin janoblari Parij shahrida boshlangan “Islom va globallashuv muammolari” mavzusidagi XIV xalqaro musulmon forumida alohida ta’kidladi.
Shayx Ravil Gaynutdinning so‘zlariga ko‘ra, 2018 yilgi ushbu anjuman doirasida musulmon tamaddunining bir necha buyuk mutafakkirlari nomlari ulug‘lanadi. Shayx mana shunday mo‘tabar zotlar qatorida tavalludining 700 yilligi nishonlanayotgan Bahouddin Naqshband hazratlari va tavalludining 400 yilligi nishonlayotgan Boburiylar sulolasining vakili Sulton Muhammad Avrangzeb Bahodirni alohida qayd etib o‘tdi.
Shuningdek, u quyidagi so‘zlarni bayon etdi:
– Ushbu yubiley sanalariga hamohang ravishda mazkur anjuman ishtirokchilarining jo‘g‘rofiy uyg‘unlashuvida ham juda katta ramziy ma’no-mazmun bor. Bugun “Chishti” jamg‘armasi raisi Said Salmon Chishti ushbu yig‘inda ishtirok etmoqda. Mazkur tariqat asoschisi – Shayx Muyniddin Chishti hazratlari bilimlarining ko‘p qismini Buxoro, hozirgi O‘zbekiston zaminida olgan. O‘zbekiston muftiysi Usmonxon Alimov hazratlari ham bugun bizning oramizda fayz bag‘ishlab o‘tiribdilar. O‘zbekiston musulmonlari idorasi bugungi kunda ko‘p asrlar davomida O‘zbekiston zaminida to‘plangan ulkan diniy merosni qayta tiklash yo‘lida juda katta ishlarni amalga oshirmoqda. Musulmon jamoalarning juda katta qismi, shu jumladan rossiyalik musulmonlar uchun ham Buxoro, Samarqand va boshqa shaharlar asrlar davomida islom bilimlarining o‘chog‘i bo‘lganini e’tirof etamiz”, deya o‘z so‘zlarini yakunladi Rossiya musulmonlari rahbari Shayx Ravil Gaynutdin janoblari.
Xalqaro anjuman ishini saytimizda yoritishda davom etamiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida bo‘lib o‘tgan taqdimot va matbuot anjumani doirasida Markaz hamda Imom Termiziy nomidagi islom instituti o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi.
Mazkur memorandum ikki ilmiy-ma’rifiy muassasa o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash, talabalarni Islom ilmlari va termiziy allomalarning ilmiy merosi asosida ta’lim-tarbiya berish, o‘zaro tajriba almashish va qo‘shma tadbirlar o‘tkazishni nazarda tutadi.
Shuningdek, tadbirda Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan Islom institutiga markazda nashr etilgan nodir kitob va ilmiy risolalar taqdim etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi
Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati