O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tomonidan “Islom tafakkuri” nomli yangi jurnal nashr etildi. Bugun, 10 dekabr kuni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Islom tafakkuri” jurnalining taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Toshkent Islom instituti, Hadis ilmi maktabi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professor-o‘qituvchilari va matbuot xodimlari ishtirok etdi.
Diniy-ma’rifiy, ilmiy-ommabop jurnal sifatida ilk soni taqdim etilgan ushbu nashr Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi muassisligida nashr etildi.
“Islom tafakkuri” jurnali Islom dinining asl mohiyatini anglatish, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish, ulamolar va ilohiyotchi olimlar tomonidan olib borilayotgan tadqiqotlarni yoritish yo‘lidagi yana bir yangi nashrdir.
Jurnalning ilk sonida chop etilgan materiallar, qutlov so‘zlari, zamonamizning zabardast olimlari, din ulamolari tomonidan yozilgan teran maqolalar, ilmiy tadqiqotlardan namunalar o‘quvchini befarq qoldirmaydi.
“Islom tafakkuri” jurnali diniy-ma’rifiy, ilmiy-ommabop nashr hisoblanib, yil mobaynida to‘rt marta o‘zbek, rus, ingliz va arab tilida, A 4 formatda, 96 bet hajmda, to‘liq rangli shaklda chop etiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati