Bishr Hofiy rahimahulloh avvallari otalaridan qolgan molu davlatni sarflab, kayfu safo qilib yurdilar. Keyin bir taqvodor temirchiga shogird tushib, uning nasihatlarini tinglaganlaridan so‘ng qilgan xatolarini anglab, tavba qildilar va ulug‘ olimlardan biri bo‘ldilar. Quyida ana shu temirchi bilan Bishr o‘rtasidagi suhbatni e’tiboringizga havola etamiz.
- Yaxshi, qo‘ling tez kelishdi. Bolg‘ani o‘z vaqtida ur! Oldin yoki keyin urmagin! Bir xil ohangda va ehtiyot bo‘lib ur! Qara, Bishr, ko‘ryapsanmi? Temir ham yupqalashdi. Ana shunday. Asta-sekin yumshab, boshqacha shaklga kiradi.
- Ha, usta. Haqiqatan chiroyli shaklga kirdi. Qaniydi men ham shunga o‘xshab o‘zgarsam.
- Yongan o‘zgaradi. (Ya’ni nafs tarbiyasi bilan mashg‘ul bo‘lib, o‘zini tuzatib, oxirat uchun harakat qilgan, Allohning aytganini qilib, qaytarganidan qaytgan, Allohni sevgan kishi o‘zgaradi).
- Yongan?
- Ha. Yonish kerak!
- Yonmoq istayman! Yonishim kerak! Yonish! Menga yonishni o‘rgating, usta!
- Bu juda qiyin ish!
- Chidayman!
- Har lahza tavba qilish kerak!
- Tavba qildim!
- Harom luqma yema!
- Yemayman!
- Harom joyga borma!
- Bormayman!
- Zino qilma!
- Qilmayman!
- Kibrlanma!
- Yana!
- Haq bo‘lsang ham janjallashma!
- Yana!
- Omonatga xiyonat qilma!
- Yana!
- Birovning dilini og‘ritma!
- Yana!
- Birovning haqqini yema!
- Tavba qildim! Harom yemayman! Yolg‘on gapirmayman! Birovning dilini og‘ritmayman! Hech kim bilan janjal qilmayman! Birovning omonatiga xiyonat qilmayman! Kibrlanmayman!
- Olov temirni qizdirgani kabi Alloh sening gunohlaringni yoqib, kulga aylantirsin!
Nozimjon Iminjonov tayyorladi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyatining aholi bilan samimiy muloqoti ko‘plab muammolarni hal etishda muhim omil bo‘lmoqda. Ayniqsa, fuqarolar qabuli davomida har bir murojaat e’tiborga olinib, o‘z yechimini topayotgani quvonarli hol.
Bugun, 8 yanvar kuni Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov fuqarolarni qabul qilib, murojaat, arz va takliflarini eshitdi. Qabul chog‘ida ular tomonidan ko‘tarilgan masjidlar holati, imom-xatiblar faoliyati, haj-umra, oilaviy masalalar va moddiy yordam olish singari masalalar ko‘rib chiqildi.
Jumladan, shar’iy masalalar yechimi yuzasidan tavsiyalar va moddiy yordam so‘raganlarga belgilangan tartibda ko‘mak berildi. Masjid va imomlar faoliyatiga oid murojaatlarni ko‘rib chiqish uchun Idora bo‘limlariga tegishli vazifalar yuklandi.
Mana shunday samimiy qabul va g‘amxo‘rlikdan mamnun bo‘lgan fuqarolar ko‘rsatilgan e’tibordan ko‘ngillari shod bo‘lishib, xayrli duolar qilishdi.
Bu kabi qabul jarayonlari O‘zbekiston musulmonlari idorasining hududlardagi vakilliklari va barcha jome masjidlarida ham haftaning har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati