Davlat ramzlari mamlakat suverenitetini ifodalovchi muqaddas timsollardir. O‘zbekistonning Davlat ramzlari xalqimizning shon-sharafi, tarixiy xotirasi va intilishlarini o‘zida mujassam etib, har birimizga faxru iftixor bag‘ishlaydi. Ular ma’naviyatning eng muhim timsollaridir. Shu bois madhiyamiz yangraganda biz ruhan jo‘shqinlikni, azmu shijoatimiz oshganini qalbimizda g‘urur va buyuk istiqbolga ishonch tuyg‘usini his etamiz.
O‘zbekistonda mustaqillik yillarida xalqimizning ma’naviyatini yuksaltirish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Madhiyasi yoshlarda Vatanga muhabbat, boy tariximizga, milliy o‘zligimizga chuqur hurmatni shakllantirishda, farzandlarimizning har tomonlama barkamol va yetuk insonlar bo‘lib voyaga yetishida muhim tarbiyaviy vosita bo‘lib hizmat qilmoqda. Madhiyada mardona va sharaflarga boy o‘tmishimiz, milliy an’ana va qadriyatlarimiz, tinchlik, osoyishtalik, millatlararo totuvlik va birodarlik kabi umuminsoniy tuyg‘ullar tarannum etilgan.
Davlat ramzlarining muqaddasligini, ular bizga yurt manfaati har narsadan ustunligini anglatib, eslatib turishini har birimiz, ayniqsa, yosh avlodning yodda tutishi maqsadga muvofiqdir.
Odiljon Narzullayev,
Zangiota tumanidagi «Imomi A’zam» masjidi imom-xatibi
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Vaqf” xayriya jamoat fondining Jizzax viloyati filiali tomonidan xayriya tadbiri tashkil etildi.
Viloyatning turli hududlaridan bo‘lgan boquvchisini yo‘qotgan 35 nafar bolaning xatna to‘yi qilib berildi.
Tadbirda bolajonlarga velosiped, kostyum-shim va ko‘ylaklar, shirinliklar qutisi sovg‘a qilinib, bayram dasturxoni yozildi.
Bolajonlarga qo‘shilib, ularning yaqinlari ham quvonchdan tashakkur aytib, tashkilotchilar, Yurtboshimiz haqlariga duolar qilishdi.
Shuningdek, tadbir doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan hamda kam ta’minlangan oilalar farzandlariga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatilib, ularga ham hadyalar ulashildi.
Bunday ezgu tashabbuslar jamiyatda o‘zaro mehr-oqibat, saxovat va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat va insonparvarlik tuyg‘ularini yuksaltirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati