So'nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda qotillik, “samosud”, ya'ni o'zboshimchalik bilan birovni jazolash, tahqirlash, kaltaklash holatlari haqidagi xabarlar ko'payib ketdi. Namanganda 26 yoshli erkak 23 yoshli talaba xotinini kuppa-kunduzi ta'lim muassasasi hududida pichoqlab o'ldirdi... Qashqadaryoda bir ayol sobiq eriga turmushga chiqqan juvonni ko'chada zo'ravonlik bilan tahqirladi... Toshkent shahridagi maktablardan birida boshlang'ich sinf o'qituvchisi o'quvchining onasi tomonidan kaltaklandi... Bu kabi voqealarni eshitib dahshatga tushasan.
Sir emas, “samosud” paytida ham kuchlar teng bo'lmaydi, jazolanuvchi kishi himoyasiz, ojiz holatda vahshiylik qurboniga aylanadi. O'ylanib qolasan, jamiyatimizda bu kabi holatlar nega tez-tez takrorlanyapti, odamlarga nima bo'lyapti o'zi? Kimnidir o'zboshimchalik bilan jazolashga, eng dahshati, hayotiga qasd qilishga ularni nima majbur etmoqda?
Biror kishining aybdor yoki jinoyatchi deb topilishi uchun avvalo uning aybi mahkamada guvohlar va dalillar yordamida isbotlanishi lozim. Aybi isbotlangach, qanday jazo belgilashni ham faqatgina qozi – sud'ya hal qiladi. Boshqa hech kim emas! Bu narsa qomusimizda ham ta'kidlab qo'yilgan:
24-modda. Yashash huquqi har bir insonning uzviy huquqidir. Inson hayotiga suiqasd qilish eng og'ir jinoyatdir.
25-modda. Har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega.
Hech kim qonunga asoslanmagan holda hibsga olinishi yoki qamoqda saqlanishi mumkin emas.
26-modda. Jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan har bir shaxsning ishi sudda qonuniy tartibda, oshkora ko'rib chiqilib, uning aybi aniqlanmaguncha u aybdor hisoblanmaydi. Sudda ayblanayotgan shaxsga o'zini himoya qilish uchun barcha sharoitlar ta'minlab beriladi.
Hech kim qiynoqqa solinishi, zo'ravonlikka, shafqatsiz yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa tarzdagi tazyiqqa duchor etilishi mumkin emas.
Hech kimda uning roziligisiz tibbiy yoki ilmiy tajribalar o'tkazilishi mumkin emas.
Yaxshi anglashimiz lozim, insonlarni nohaq azoblaganlar mabodo bu dunyoda jazodan qutulib qolsalar ham, oxiratda, albatta jazosini oladi. Islom hukmi bo'yicha, insonni nohaqdan urgan, ozor bergan shaxsning gunohi faqat mazlumning qasos olishi yoki kechirib yuborishi bilangina yuvilishi mumkin. “Pichoqni avval o'zingga ur, og'rimasa birovga” degan dono naql bor. Agar o'zgaga nisbatan zo'ravonlik qilmoqchi bo'lgan kimsa, unga etkazadigan jabri miqdoricha azob tortmasdan turib gunohi kechirilmasligini bilsa, bu ishga qo'l urarmidi? Aslo!
Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning: “Kim o'z g'ulomiga tarsaki tushirsa, buning kafforati uni ozod qilishdir”, deganlarini eshitdim»(Imom Ahmad rivoyati).
Abu Mas'ud Badriy roziyallohu anhu aytadi: «Bir g'ulomimni qamchi bilan urayotgan edim. Ortimdan “Ey Abu Mas'ud, bilginki” degan ovozni eshitdim. G'azabning kuchidan ovozni tanimadim. (Ovoz egasi) menga yaqinlashganda qarasam, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ekanlar. U zot: “Ey Abu Mas'ud, bilginki, albatta, Alloh sening ustingdan sen bu g'ulomning ustidan bo'lganingdan ko'ra qodirroqdir”, demoqda edilar. Men darhol: “Bundan so'ng hech qachon qulni urmayman”, dedim. U zotning haybatlaridan qo'limdagi qamchim tushib ketdi: “Ey Allohning Rasuli, Allohning roziligi uchun u hurdir”, dedim. U zot: “Agar shunday qilmaganingda, do'zax seni kuydirgan bo'lar edi”, dedilar»(Imom Muslim rivoyati).
Dinimizda nafaqat begonaga, balki o'zining quliga (shaxsiy mulkiga!) ham kuch ishlatishdan qaytariladi. Endi birovlarga nisbatan o'zicha jazo qo'llayotganlar, ayniqsa, vahshiylarcha qotillik qilayotganlarning oqibatini tasavvur qilavering. Ular o'zlaricha adolatni qaror toptiryapman, deb o'ylashadi. Aslida esa, daxlsiz bir insonning hayotiga daxl qilishmoqda. Hech kimning o'zboshimchalik bilan samosud qilishga haqqi yo'q!
To'lqin ShYeRNAYeV
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati