Arab diyorlaridan birida qozi bo‘lib ishlaydigan kishi hikoya qiladi.
Kunlarning birida oldimga eri bilan ajrashmoqchi bo‘lgan ayol keldi. Undan: “Nima sababdan eringiz bilan ajrashmoqchisiz?” deb so‘radim.
U: “Hozir, hammasini aytib beraman”, dedi hayajonlanib.
“Juda yaxshi. Unda varaqqa eringizning salbiy sifatlarini yozing!” dedim.
Ayol biroz o‘ylanib turib, varoqqa quyidagilarni yozdi:
Uning so‘zlarini tinglagach: “Ajrashishingizga shumi sabab?” dedim.
Ayol: “Qanday qilib bunday er bilan yashash mumkin”, dedi achchiqlanib.
Men: “Endi bu qog‘ozga eringizning ijobiy sifatlarini yozing!” dedim.
Ayol biroz uylanib turib: “Erimda birorta ijobiy sifat topa olmadim” dedi-da, qog‘ozni qaytarib berdi.
Men hayron bo‘lib: “Nahotki, oila qurganingizga qancha bo‘ldi?” deb so‘radim.
U: “O‘n ikki yil. To‘rtta farzandimiz ham bor”, deb javob berdi.
“Eringiz qayerda ishlaydi?” dedim.
Ayol: “Nufuzli tashkilotda ishlaydi. Maoshi ham anchagina”, dedi.
Undan yana: “Odatda eringiz uyga qachon qaytadi?” deb so‘radim.
U: “Hamisha asr namozidan keyin qaytadi. Kelishi bilan bolalarim bilan uynaydi”, dedi.
Ayolning qo‘liga oq qog‘ozni berib, “Birinchi ijobiy sifatni yoz”, dedim. U: “Erim har kuni ishdan qaytgandan so‘ng farzandlarim bilan uynaydi”, deb yozdi. So‘ngra uning so‘zlaridan ular har yili biror joyga dam olishga borishlarini ham bildim. Undan birin-ketin boshqa savollarni so‘radim. U savollarimga javob berar va eridan ijobiy sifat deb topgan ishlarimni qog‘ozga tushirar edi. Bir zumda varoqdagi ijobiy sifatlar 12 taga yetdi.
Ijobiy sifatlar yozilgan varoqni ayolning o‘ng qo‘liga, salbiy sifatlar yozilgan varoqni esa chap qo‘liga tutqazib: “Endi eringizdan ajrashasizmi?” dedim.
Ayol bo‘layotgan ishdan hayron bo‘lib: “Nima deyishimni ham bilmay qoldim. Alloh gunohlarimni kechirsin. Lekin haqoratlaydigan va baxillik qiladigan er bilan qanday hayot kechirish mumkin? dedi.
“Eringiz sizni haqorat qilishi yoki sizga nisbatan baxillik ila muomalada bo‘lishini hargiz oqlamayman. Biroq, har bir insonda salbiy sifatlar bilan birga ijobiy sifatlar ham bo‘ladi. Endi haqoratlashi va baxilligiga keladigan bo‘lsak, uni muolajasini qilsa bo‘ladi. Ammo shuni aniq biling-ki, bu salbiy sifatlarning davosi ajrashish emas”.
Ayol qozining so‘zi tinglagach: “Menga ertagacha vaqt bering, uylab ko‘ray, keyin javobimni aytaman”, deb mahkamadan chiqib ketdi. Shundan so‘ng ayol qozining oldiga boshqa qaytib kelmadi...
Doktor Hasson Shamsi Boshaning “Er-xotin ikkisiga aytiladigan nasihatlar” kitobidan
Abdushukur MURADOV tarjimasi
G‘am-qayg‘usiz hayotni kutib yashayotgan qizga «Siz kutayotgan kun bu dunyoda hech qachon kelmaydi», deb aytish kerak.
Alloh taolo «Biz insonni mashaqqatda yaratdik», degan (Balad surasi, 4-oyat).
Bu hayot – g‘am-tashvishli, azob-uqubatli, mashaqqatli hayotdir. Mo‘min odam buni juda yaxshi tushunadi. Bu dunyoda qiynalsa, azob cheksa, oxiratda albatta xursand bo‘lishini biladi. Inson mukammal baxtni faqatgina oxiratda topadi. Shuning uchun ulug‘lardan biriga «Mo‘min qachon rohat topadi?» deb savol berishganda, «Ikkala oyog‘ini ham jannatga qo‘yganida», deb javob bergan ekan.
Allohning mehribonligini qarangki, oxirat haqida o‘ylab, unga tayyorgarlik ko‘rish hayotni go‘zal qiladi, qayg‘ularni kamaytirib, uning salbiy ta’sirini yengillatadi, qalbda rozilik va qanoatni ziyoda qiladi, dunyoda solih amallarni qilishga qo‘shimcha shijoat beradi, musibatga uchraganlarni bu g‘am-tashvishlar, azob-uqubatlar bir kun kelib, bu dunyoda bo‘lsin yoki oxiratda bo‘lsin, baribir yakun topishiga ishontiradi. Oxirat haqida o‘ylab, faqat solih amallar qilishga intilish insonni baxtli qiladi.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Kimning g‘ami oxirat bo‘lsa, Alloh uning qalbiga qanoat solib qo‘yadi, uni xotirjam qilib qo‘yadi, dunyoning o‘zi unga xor bo‘lib kelaveradi. Kimning g‘ami dunyo bo‘lsa, Alloh uning dardini faqirlik qilib qo‘yadi, parishon qilib qo‘yadi, vaholanki dunyodan unga faqat taqdir qilingan narsagina keladi».
Alloh taolo faqat oxirat g‘ami bilan yashaydigan (oxirat haqida ko‘p qayg‘uradigan, har bir amalini oxirati uchun qiladigan) qizning qalbini dunyoning matohlaridan behojat qilib qo‘yadi. Qarabsizki, bu qiz har qanday holatda ham o‘zini baxtli his qiladi, hayotidan rozi bo‘lib yashaydi. Xotirjamlikda, osoyishtalikda, qanoatda yashagani uchun istamasa ham qo‘liga mol-dunyo kirib kelaveradi. Zero, Alloh taolo oxirat g‘amida yashaydigan, shu bilan birga, hayotiy sabablarni ham qilish uchun harakatdan to‘xtamagan kishining rizqini kesmaydi, uni ne’matlariga ko‘mib tashlaydi.
Ammo Alloh taolo bor g‘am-tashvishi dunyo bo‘lgan qizni faqirlar qatorida qilib qo‘yadi. Bunday qiz mol-dunyoga ko‘milib yashasa ham, o‘zini faqir, bechora his qilaveradi. Natijada dardi yangilanaveradi, dardiga dard qo‘shilaveradi, fikrlari tarqoq bo‘lib, iztirobga tushadi. Afsuski, shuncha yelib-yugurgani bilan faqat dunyoning ne’matlariga erisha oladi, oxiratda nasibasi bo‘lmaydi.
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.