Joriy yilning 10-11 dekabr kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tishi kutilayotgan “O‘zbekistonning madaniy merosi jahon to‘plamlarida” loyihasining 2018 yil yakunlari va 2019 yil uchun “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishga bag‘ishlangan xalqaro multimedia forumida mamlakatimiz va xorijlik 300 dan ortiq olimlar, mutaxassislar, ekspertlar ishtirok etishi kutilmoqda. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi tashabbusi bilan bir qator hamkor tashkilotlar ko‘magida tashkil etilayotgan ushbu nufuzli tadbirda xorijiy mamlakatlarning kutubxonalari, muzeylari, ilmiy muassasalari, shaxsiy kolleksiyalaridan topilgan yangi osori atiqalar haqida batafsil ma’lumot beriladi.
Shunday nodir topilmalardan biri mutafakkir Mir Alisher Navoiyning Buyuk Britaniyadan topilgan, uning tiriklik paytida ko‘chirilgan noyob qo‘lyozmasidir.
O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi boshqaruvi raisi, “O‘zbekiston madaniy merosi dunyo to‘plamlarida” loyihasi rahbari Firdavs Abduxoliqov bu haqda shunday dedi:
– Mazkur qo‘lyozmalar “Xamsa” beshligi tarkibiga kirgan, alohida muqovalangan dostonlar bo‘lib, XV asr oxiri XVI asr boshlaridan Hirotda, temuriy shahzoda, Husayn Boyqaroning katta o‘g‘li Badiuzzamon Mirzo topshirig‘iga ko‘ra Alisher Navoiyga tuhfa qilish uchun ko‘chirilgan, – dedi F.Abduxoliqov. – Bu qo‘lyozmalar Buyuk Britaniyaning Oksford shahridagi Bodlean kutubxonasida saqlanmoqda. Biz bu yerda faqat to‘rtta dostonni topa oldik. Demak, ulardan yana biri qayerdadir bo‘lishi kerak. Kitoblar juda chiroyli bezatilgan, alohida did va mahorat bilan ko‘chirilgan. Qo‘lyozmalar Navoiy asarlarining asosiy kotibi Sulton Ali Mashhadiy tomonidan ko‘chirilgan, miniatyuralarni Kamoliddin Behzod ishlagan bo‘lishi haqiqatga yaqin. Hali bu asarlar tegishli mutaxassislar tomonidan jiddiy o‘rganilishi, tadqiq etilishi lozim. Chunki biz bu topilmalar haqida taniqli navoiyshunos olimlarimizga aytganimizda, ular hayratda qolishdi. Buni qarangki, shu paytgacha bu qo‘lyozmalar adabiyotshunoslarimiz uchun sir bo‘lib kelgan. Biz kelgusida, albatta, buyuk bobolarimizga tegishli bu javohirlarning asliyatdan qolishmaydigan faksimile nusxalarini tayyorlab, Vatanimizga tuhfa etamiz. Forumning yana bir ahamiyatli jihati shundaki, unda ishtirokchilar xorijiy mamlakatlarda saqlanayotgan “Katta Langar Qur’oni”, “Devoni Husayniy”, “Me’rojnoma”, “Zafarnoma”, “Temur tuzuklari”, “Ravzatus-safo” kitoblari bilan tanishishga muvaffaq bo‘ladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Respublikamiz hojilari ishtirokida o‘tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlari qizg‘in davom etmoqda.
“Yangi O‘zbekistonning fidoyisi bo‘lib, ma’naviyat targ‘ibotchisiga aylanamiz” tashabbusi doirasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov boshchiligida o‘tkazilgan 69 ming 138 ta tadbir doirasida joriy yilning shu davriga qadar 422 ming 565 nafardan oshiq yurtdoshimiz qamrab olindi.
Ular bilan tinchlik qadri, shukronalik, yoshlar tarbiyasi, ilm-ma’rifatga targ‘ib, yot g‘oyalarga qarshi kurashish, oila mas’uliyati, nizolarning oldini olish mavzularida suhbatlar o‘tkazildi. Ehtiyojmandlar holidan xabar olinib, oziq-ovqat mahsulotlari, moddiy yordamlar berib borilmoqda.
Ushbu xayrli ishlarga diniy soha vakillari bilan bir qatorda 11 mingdan ziyod hojilar jalb etilgan bo‘lib, ular mahallalarda amaliy ishlarda ko‘ngilli ravishda ishtirok etishmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati