Joriy yilning 10-11 dekabr kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tishi kutilayotgan “O‘zbekistonning madaniy merosi jahon to‘plamlarida” loyihasining 2018 yil yakunlari va 2019 yil uchun “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishga bag‘ishlangan xalqaro multimedia forumida mamlakatimiz va xorijlik 300 dan ortiq olimlar, mutaxassislar, ekspertlar ishtirok etishi kutilmoqda. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi tashabbusi bilan bir qator hamkor tashkilotlar ko‘magida tashkil etilayotgan ushbu nufuzli tadbirda xorijiy mamlakatlarning kutubxonalari, muzeylari, ilmiy muassasalari, shaxsiy kolleksiyalaridan topilgan yangi osori atiqalar haqida batafsil ma’lumot beriladi.
Shunday nodir topilmalardan biri mutafakkir Mir Alisher Navoiyning Buyuk Britaniyadan topilgan, uning tiriklik paytida ko‘chirilgan noyob qo‘lyozmasidir.
O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi boshqaruvi raisi, “O‘zbekiston madaniy merosi dunyo to‘plamlarida” loyihasi rahbari Firdavs Abduxoliqov bu haqda shunday dedi:
– Mazkur qo‘lyozmalar “Xamsa” beshligi tarkibiga kirgan, alohida muqovalangan dostonlar bo‘lib, XV asr oxiri XVI asr boshlaridan Hirotda, temuriy shahzoda, Husayn Boyqaroning katta o‘g‘li Badiuzzamon Mirzo topshirig‘iga ko‘ra Alisher Navoiyga tuhfa qilish uchun ko‘chirilgan, – dedi F.Abduxoliqov. – Bu qo‘lyozmalar Buyuk Britaniyaning Oksford shahridagi Bodlean kutubxonasida saqlanmoqda. Biz bu yerda faqat to‘rtta dostonni topa oldik. Demak, ulardan yana biri qayerdadir bo‘lishi kerak. Kitoblar juda chiroyli bezatilgan, alohida did va mahorat bilan ko‘chirilgan. Qo‘lyozmalar Navoiy asarlarining asosiy kotibi Sulton Ali Mashhadiy tomonidan ko‘chirilgan, miniatyuralarni Kamoliddin Behzod ishlagan bo‘lishi haqiqatga yaqin. Hali bu asarlar tegishli mutaxassislar tomonidan jiddiy o‘rganilishi, tadqiq etilishi lozim. Chunki biz bu topilmalar haqida taniqli navoiyshunos olimlarimizga aytganimizda, ular hayratda qolishdi. Buni qarangki, shu paytgacha bu qo‘lyozmalar adabiyotshunoslarimiz uchun sir bo‘lib kelgan. Biz kelgusida, albatta, buyuk bobolarimizga tegishli bu javohirlarning asliyatdan qolishmaydigan faksimile nusxalarini tayyorlab, Vatanimizga tuhfa etamiz. Forumning yana bir ahamiyatli jihati shundaki, unda ishtirokchilar xorijiy mamlakatlarda saqlanayotgan “Katta Langar Qur’oni”, “Devoni Husayniy”, “Me’rojnoma”, “Zafarnoma”, “Temur tuzuklari”, “Ravzatus-safo” kitoblari bilan tanishishga muvaffaq bo‘ladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
28 fevral kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari raisligida Surxondaryo, Samarqand hamda Toshkent viloyatlarida faoliyat yuritayotgan tuman va shahar bosh imom-xatiblari ishtirokida videomuloqot yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Muftiy hazratlari kirib kelayotgan qutlug‘ Ramazon oyi bilan barchani muborakbod etib, bu oyni munosib kutib olish, yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha bir qator muhim vazifa va topshiriqlarga to‘xtalib o‘tdilar.
Yig‘ilishda tashkiliy masalalar ham ko‘rildi. Surxondaryo viloyati bosh imom-xatibi Aliakbar domla Sayfuddinov o‘z arizasiga ko‘ra vazifasidan ozod etilib, Termiz shahridagi “Hakim Termiziy” jome masjidi imom-xatibi vazifasida qoldirildi. Termiz shahri bosh imomi va “Manguzar” jome masjidi imom-xatibi lavozimida ishlab kelayotgan Rasuljon domla Abdullayev O‘zbekiston musulmonlari idorasining Surxondaryo viloyatidagi vakili, viloyat bosh imom-xatibi vazifasiga tayinlandi.
Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani “Oltintepa” masjidida imom-xatib bo‘lib ishlab kelayotgan Ahmadxon qori Alimov O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyati vakili, viloyat bosh imom-xatibi etib tayinlandi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyati vakili vazifasini vaqtinchalik bajarib kelgan Yoqubjon domla Mansurov bosh imom-xatib o‘rinbosari va Samarqand tumani “Xo‘ja Ahrori Valiy” jome masjidi imom-xatibi vazifalarida qoldirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Toshkent viloyati vakili Jasurbek domla Raupov ham o‘z ixtiyori bilan lavozimidan ozod etilib, Zangiota tumanidagi “Zangiota” jome masjidi imom-xatibi vazifasida qoldirildi. Toshkent tumani bosh imomi va mazkur tumandagi “Hasanboy ota” jome masjidi imom-xatibi vazifasida ishlab kelayotgan Doniyor domla Ikromov O‘zbekiston musulmonlari idorasining Toshkent viloyati vakili, viloyat bosh imom-xatibi lavozimiga tayinlandi.
Alloh taolodan yangi tayinlangan bosh imom-xatiblarning mas’uliyatli va sharafli faoliyatiga muvaffaqiyatlar tilaymiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati