Sayt test holatida ishlamoqda!
12 Yanvar, 2025   |   12 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:34
Shom
17:18
Xufton
18:37
Bismillah
12 Yanvar, 2025, 12 Rajab, 1446

Adolat – millat ravnaqi kafolati

9.12.2018   4849   9 min.
Adolat – millat ravnaqi kafolati

Davlat taraqqiyoti, jamiyat ravnaqi, insonlar osoyishtaligini ta’minlovchi eng muhim omil bu – adolatdir. Kishilik tarixiga nazar solsangiz, gullab-yashnagan tamaddunlarda adolat tamoyiliga amal qilingani va o‘sha tamaddunlarning inqirozga yuz tuta boshlashlarining sababi ham adolatsizlik boshlanganidan so‘ng yuz berganiga guvoh bo‘lasiz.

Alisher Navoiy hazratlari adolat borasidagi o‘z qarashlarini hadisi shariflar bilan dalillab, bir soatlik adolat butun borliqdagi mavjudotning nafl ibodatidan afzal ekanini oxirzamon payg‘ambari nomidan keltiradi:

 

Hadisida ham bu bashoratdurur,

Ki adl ahli sori ishoratdurur.

Ki adl ichra o‘tgancha bir soate

Erur behki jinnu bashar toati.

 

Yana bir mutafakkir Husayn voiz Koshifiy “Axloqi muhsiniy” asarida adolat va adolatlilikni quyidagicha ta’riflaydi: “Adolatning ma’nosi xalqning huquqiy tengligini ta’minlashdir. Adl shunday ziynatdirki, u mamlakatga oroyish beradi; bir quyoshki, uning nuri bilan zulmat yorug‘likka aylanadi. Haq (pok va oliy) bandalarini adolatga buyurib, “Albatta, Alloh adolatga, ehsonga, qarindoshlarga yaxshilik qilishga amr etadir va fahshu munkar hamda zulmkorlikdan qaytaradir. U sizlarga va’z qilur. Shoyadki, eslasangiz”. (Abdulloh ibn Mas’uddan (r.a.) qilingan rivoyatda u kishi: «Qur’ondagi eng jamlovchi oyat shu oyatdir. Ergashiladigan yaxshilikni ham, chetlanishi lozim bo‘lgan yomonlikni ham jamlab zikr qilgan», deydilar. Alloh buyurgan adolat - mutlaq adolatdir. Bu adolatga ko‘ra, har bir shaxs, jamoat va har bir qavmga odilona muomalada bo‘linadi. Hamma uchun o‘lchov bir. «Ehson» yaxshilik qilish ma’nosini anglatadi. Islomda uning eshigi keng ochilgan.

«Fahsh» so‘zining lug‘aviy ma’nosi haddan oshishlikdir. Lekin urfda kishilar nomusiga taalluqli jinoyatlar tushuniladi. «Munkar» deganda, insonning sof tabiati inkor qiladigan ishlar ko‘zda tutiladi. Buni, albatta, shariat ham inkor etadi. «Zulmkorlik» esa, haqqa tajovuz qilish va adolatni buzishdir. Darhaqiqat, bular eslashga arzigulik va’z-nasihatdir.) (Nahl.90), degan.

Adolat zulm ko‘rganlarning dodiga yetib, ahvollariga shafqat nazari bilan qarash demakdir. Ehson esa g‘ussa tig‘idan majruh bo‘lganlarning jarohatiga rohat malhamini surish demakdir...”

Shariatimizda afv etishga ko‘p da’vat qilingan. Negaki, afv Alloh taoloning mehribonliklaridan biri. Agar Rabbimiz otamiz Odam alayhissalom bilan onamiz Havvoni afv etgani sababidan bugun biz bormiz: birimiz uzr so‘rab, boshqamiz qovoq solgancha tamanno qilib turarmidik.

Parvardigorimiz oyati karimada: “Agar sizlar (ularni) afv etsangizlar, koyimasangizlar va kechirsangizlar, u holda, albatta, Alloh (ham) mag‘firatli va rahmlidir” (Tag‘obun, 14), deb ta’lim beradi.

Ushbu oyati karimadan anglashiladiki, agar biz bizga moddiy-ma’naviy zarar yetkazgan kimsani afv etsak, Alloh taolo uni o‘sha gunohi uchun kechirar ekan. Va yana uning gunohidan o‘tganimiz uchun bizning gunohimizdan ham o‘tar ekan.

Ayonki, bexosdan biror nomaqbul ishga qo‘l urib qo‘ygan odam o‘sha qilmishining gunoh ekanini qalban his qilib, o‘sha ishidan pushaymon bo‘lsa-yu, unga yana bir imkoniyat berilsa, u davlat va jamiyatga ko‘p foyda yetkazadi. Bunga uning pushaymoni kuch beradi.

Binobarin, Alloh taolo O‘zining Kalomida: “Yaxshilik bilan yomonlik barobar bo‘lmas, siz (har qanday yomonlikni) eng go‘zal so‘zlar bilan daf’ qiling! (Shunda) banogoh siz bilan o‘rtalaringizda adovat bo‘lgan kimsa qaynoq - sodiq do‘st kabi bo‘lib qolur” (Fussilat, 34), deb marhamat qilgan.

Muhtaram Prezidentimiz O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 26 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida: “Keyingi ikki yilda sudlar mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha ham muhim choralar ko‘rildi. Jumladan, joriy yilning o‘zida 1 ming 881 ta jinoyat ishi dalillar yetarli bo‘lmaganligi sababli tugatildi, sudlar tomonidan 590 nafar shaxs oqlandi. Vaholanki, bu raqam 2016 yilda – e’tibor bering – bor-yo‘g‘i 28 tani, 2017 yilda esa 263 tani tashkil etgan edi.

Shuningdek, 5 ming  462  nafar shaxsga nisbatan tergovda asossiz qo‘yilgan moddalar ayblovdan chiqarib tashlandi, 2 ming 449 nafar shaxs esa sud zalidan ozod qilindi.

Sudlarda ishlarni yillar davomida qayta-qayta ko‘rish amaliyotiga butunlay chek qo‘yildi.

Insonparvarlik tamoyili asosida mutlaqo yangi amaliyot joriy etilmoqda. Buning natijasida jinoyat yo‘liga adashib kirib, qilmishiga chin dildan pushaymon bo‘lgan 993 nafar fuqaro, jumladan, 456 nafar yigit-qiz hamda 113 nafar ayollar Yoshlar ittifoqi, mahallalar va xotin-qizlar qo‘mitalarining kafilligi bilan jazodan ozod qilindi.

Shuningdek, jazoni o‘tayotgan 3 ming 333 nafar, jumladan, faoliyati man etilgan tashkilotlarga kirib qolgan 646 nafar mahkum afv etilib, oilasi bag‘riga qaytarildi.

Konstitutsiya kuni munosabati bilan muhtaram Prezidentimiz maxsus Farmonni imzoladi. Unga ko‘ra, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lib, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan va ayni paytda ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan 136 nafar shaxs afv etildi.

Bir paytlar diniy ekstremistik guruhlarga aloqasi bor, deb nazoratga olingan 20 mingdan ziyod fuqaro “maxsus hisoblar”dan chiqarildi”.

Ushbu so‘zlardan sudlarning mustaqil hokimiyat sifatidagi mavqeini tiklab borayotgani va buning samarasi hozirdanoq yaqqol ko‘zga tashlanayotgani – adolat mezoni ustuvor bo‘layotganini ko‘rsatmoqda.

Alloh taolo aytadi: “...(har qanday) yomonlikning jazosi xuddi o‘ziga o‘xshagan yomonlikdir (ya’ni har bir yomonlikning o‘ziga yarasha jazosi bordir). Endi kim (intiqom olishga qodir bo‘lgani holda) afv qilib (o‘rtani) tuzatsa, bas uning ajri Allohning zimmasidadir. Albatta, U zulm qilguvchilarni sevmas” (Sho‘ro, 40).

Qadim davlatchiligimiz tarixida ham avf etishga oid hujjatlar qabul qilingan. Jumladan, “Tuzuklar”da: “Menga yomonliklar qilib, boshim uzra shamshir ko‘targanlar, ishimga ko‘p ziyon yetkazganlarni ham, agar ular iltijo bilan tavba-tazarru qilib kelsalar, hurmatlab, yomon qilmishlarini xotiramdan o‘chirdim...”

Sohibqiron bobomizning bu ishi Qur’oni karim ko‘rsatmasiga hamda Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning sunnatiga muvofiq bo‘lgan. Oyati karimada: “Afvni (qabul qilib) oling, yaxshilikka buyuring, johillardan esa yuz o‘giring!” (A’rof surasi, 199-oyat) deb marhamat qilingan.

Rivoyat qilishlaricha, bir a’robiy Rasulullohga yetib olib, xirqalaridan qattiq tortgan, hatto xirqa hoshiyasi bo‘yinlarida iz qoldirgan. Keyin: “Ey Muhammad,  Allohning mollaridan menga ham ber”, deb qo‘pol  muomala  qilganida  ham Rasululloh  uning muomalasidan kulib qo‘ydilar. Va unga biror narsa berib yuborishni buyurdilar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).

Nabiy sollallohu alayhi vasallam Alloh taoloning kechirimlilik haqida oyatiga muvofiq ish tutgani bois o‘sha a’robiyga o‘xshaganlar u zotning sodiq ummatlaridan bo‘lib izlarini ko‘zlariga surdilar. Amir Temur oyatu hadisga bo‘ysungani tufayli dushmanlar tavba tazarru qilib huzuriga keldilar. Qarangki, kechirimlilik insonni qanchalik ulug‘lab qo‘yar ekan.

Prezidentimiz har doim adashib diniy oqimlarga kirib qolganlar yoki boshqa huquqbuzarliklar sodir qilib sudning qora kursisiga o‘tirib qolganlarning aybini yaxshilab o‘rganib, agar ular qilmishlaridan pushaymon bo‘lsalar, ularni kechirish chorasini ko‘rish to‘g‘risida gapirganida, “ular ham o‘zimizning farzandlarimiz”, deb jon kuydirib gapiradi. Zotan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Odam bolasining har biri ham gunoh qiladi, ammo ularning ichida eng yaxshilari, qilgan gunohlariga tavba qiladiganlaridir”, deb marhamat qilganlar.

Afv etishning naqadar qadrli va savobli ish ekani dinimizda juda ko‘p ta’kidlanadi. Bu borada Islom dunyosining butun olamga mashhur olimu faqihlari, sarkardayu peshvolari ko‘p ibratli ishlarni bajarganlar va g‘oyatda foydali nasihatlar qilganlar.

“Hayratul abror”da hikoya qilinishicha, saxiy bir podshohning quli bor ekan, bazm vaqtida falokat bosib, oyog‘i chalishib, podshohning boshiga issiq taomni to‘kib yuboribdi. A’yonlar: “Podshoh endi uni o‘ldiradi, gunohiga loyiq jazo shu!” deyishibdi. Shoh esa qulning ahvolini ko‘rib, uni ozod qilib yuboribdi. Bunga hayron bo‘lgan vaziri: “Ey saxiylikda beg‘araz shoh, unga tig‘dan boshqa narsa loyiq emas edi-ku?” debdi. Shoh kulimsirab: “Xijolatning o‘zi uni o‘ldirib bo‘ldi. Hech kim o‘lgan o‘likni qaytadan o‘ldirmagan, boshiga jazo tig‘ini tortmagan...”

Jadid bobomiz Abdulla Avloniy: “Har bir millatning taraqqiy va taoliysi, davlat va hukumatlarning uzun yashamog‘i adolatga bog‘liqdir”, deb yozganida qanchalar haq gapni aytgan edi. Uning o‘sha fikrining isboti bugun ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘lib turibdi – mamlakatimiz kundan-kun chiroy ochib, odamlarimizning ijtimoiy ahvoli yaxshilanib, eng muhimi, xalqda davlatga bo‘lgan ishonch tuyg‘usi mustahkamlanib bormoqda.

 

Damin Jumaqul

 

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Videolar

“JUMADAN JUMAGACHA” (10.01.2025)

11.01.2025   8536   1 min.

00:00 Anons
00:48 Fuqarolar murojaati e’tibor markazida
01:11 Qur’on va tajvid markaziga tashrif
01:44 Qo‘shko‘pirdagi "Islom bobo" masjidi foydalanishga topshirildi 
02:28 Xayru saxovat – qalblarga quvonch ulashadi
02:42 Ziyoratchilarimiz Payg‘ambar alayhissalom shaharlarida 
02:58 Imkoniyati cheklanganlar uchun navbatdagi ma’rifiy  suhbat
03:24 To‘raqo‘rg‘on tumanida amalga oshiriladigan ishlar muhokama qilindi 
04:01 Otinoyilar ishtirokida tanlov o‘tkazildi 
04:22 Qishki ta’til davrida o‘tkazilgan malaka oshirish o‘quv seminari nihoyasiga yetdi


O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Videolavhalar