Davlat taraqqiyoti, jamiyat ravnaqi, insonlar osoyishtaligini ta’minlovchi eng muhim omil bu – adolatdir. Kishilik tarixiga nazar solsangiz, gullab-yashnagan tamaddunlarda adolat tamoyiliga amal qilingani va o‘sha tamaddunlarning inqirozga yuz tuta boshlashlarining sababi ham adolatsizlik boshlanganidan so‘ng yuz berganiga guvoh bo‘lasiz.
Alisher Navoiy hazratlari adolat borasidagi o‘z qarashlarini hadisi shariflar bilan dalillab, bir soatlik adolat butun borliqdagi mavjudotning nafl ibodatidan afzal ekanini oxirzamon payg‘ambari nomidan keltiradi:
Hadisida ham bu bashoratdurur,
Ki adl ahli sori ishoratdurur.
Ki adl ichra o‘tgancha bir soate
Erur behki jinnu bashar toati.
Yana bir mutafakkir Husayn voiz Koshifiy “Axloqi muhsiniy” asarida adolat va adolatlilikni quyidagicha ta’riflaydi: “Adolatning ma’nosi xalqning huquqiy tengligini ta’minlashdir. Adl shunday ziynatdirki, u mamlakatga oroyish beradi; bir quyoshki, uning nuri bilan zulmat yorug‘likka aylanadi. Haq (pok va oliy) bandalarini adolatga buyurib, “Albatta, Alloh adolatga, ehsonga, qarindoshlarga yaxshilik qilishga amr etadir va fahshu munkar hamda zulmkorlikdan qaytaradir. U sizlarga va’z qilur. Shoyadki, eslasangiz”. (Abdulloh ibn Mas’uddan (r.a.) qilingan rivoyatda u kishi: «Qur’ondagi eng jamlovchi oyat shu oyatdir. Ergashiladigan yaxshilikni ham, chetlanishi lozim bo‘lgan yomonlikni ham jamlab zikr qilgan», deydilar. Alloh buyurgan adolat - mutlaq adolatdir. Bu adolatga ko‘ra, har bir shaxs, jamoat va har bir qavmga odilona muomalada bo‘linadi. Hamma uchun o‘lchov bir. «Ehson» yaxshilik qilish ma’nosini anglatadi. Islomda uning eshigi keng ochilgan.
«Fahsh» so‘zining lug‘aviy ma’nosi haddan oshishlikdir. Lekin urfda kishilar nomusiga taalluqli jinoyatlar tushuniladi. «Munkar» deganda, insonning sof tabiati inkor qiladigan ishlar ko‘zda tutiladi. Buni, albatta, shariat ham inkor etadi. «Zulmkorlik» esa, haqqa tajovuz qilish va adolatni buzishdir. Darhaqiqat, bular eslashga arzigulik va’z-nasihatdir.) (Nahl.90), degan.
Adolat zulm ko‘rganlarning dodiga yetib, ahvollariga shafqat nazari bilan qarash demakdir. Ehson esa g‘ussa tig‘idan majruh bo‘lganlarning jarohatiga rohat malhamini surish demakdir...”
Shariatimizda afv etishga ko‘p da’vat qilingan. Negaki, afv Alloh taoloning mehribonliklaridan biri. Agar Rabbimiz otamiz Odam alayhissalom bilan onamiz Havvoni afv etgani sababidan bugun biz bormiz: birimiz uzr so‘rab, boshqamiz qovoq solgancha tamanno qilib turarmidik.
Parvardigorimiz oyati karimada: “Agar sizlar (ularni) afv etsangizlar, koyimasangizlar va kechirsangizlar, u holda, albatta, Alloh (ham) mag‘firatli va rahmlidir” (Tag‘obun, 14), deb ta’lim beradi.
Ushbu oyati karimadan anglashiladiki, agar biz bizga moddiy-ma’naviy zarar yetkazgan kimsani afv etsak, Alloh taolo uni o‘sha gunohi uchun kechirar ekan. Va yana uning gunohidan o‘tganimiz uchun bizning gunohimizdan ham o‘tar ekan.
Ayonki, bexosdan biror nomaqbul ishga qo‘l urib qo‘ygan odam o‘sha qilmishining gunoh ekanini qalban his qilib, o‘sha ishidan pushaymon bo‘lsa-yu, unga yana bir imkoniyat berilsa, u davlat va jamiyatga ko‘p foyda yetkazadi. Bunga uning pushaymoni kuch beradi.
Binobarin, Alloh taolo O‘zining Kalomida: “Yaxshilik bilan yomonlik barobar bo‘lmas, siz (har qanday yomonlikni) eng go‘zal so‘zlar bilan daf’ qiling! (Shunda) banogoh siz bilan o‘rtalaringizda adovat bo‘lgan kimsa qaynoq - sodiq do‘st kabi bo‘lib qolur” (Fussilat, 34), deb marhamat qilgan.
Muhtaram Prezidentimiz O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 26 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida: “Keyingi ikki yilda sudlar mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha ham muhim choralar ko‘rildi. Jumladan, joriy yilning o‘zida 1 ming 881 ta jinoyat ishi dalillar yetarli bo‘lmaganligi sababli tugatildi, sudlar tomonidan 590 nafar shaxs oqlandi. Vaholanki, bu raqam 2016 yilda – e’tibor bering – bor-yo‘g‘i 28 tani, 2017 yilda esa 263 tani tashkil etgan edi.
Shuningdek, 5 ming 462 nafar shaxsga nisbatan tergovda asossiz qo‘yilgan moddalar ayblovdan chiqarib tashlandi, 2 ming 449 nafar shaxs esa sud zalidan ozod qilindi.
Sudlarda ishlarni yillar davomida qayta-qayta ko‘rish amaliyotiga butunlay chek qo‘yildi.
Insonparvarlik tamoyili asosida mutlaqo yangi amaliyot joriy etilmoqda. Buning natijasida jinoyat yo‘liga adashib kirib, qilmishiga chin dildan pushaymon bo‘lgan 993 nafar fuqaro, jumladan, 456 nafar yigit-qiz hamda 113 nafar ayollar Yoshlar ittifoqi, mahallalar va xotin-qizlar qo‘mitalarining kafilligi bilan jazodan ozod qilindi.
Shuningdek, jazoni o‘tayotgan 3 ming 333 nafar, jumladan, faoliyati man etilgan tashkilotlarga kirib qolgan 646 nafar mahkum afv etilib, oilasi bag‘riga qaytarildi.
Konstitutsiya kuni munosabati bilan muhtaram Prezidentimiz maxsus Farmonni imzoladi. Unga ko‘ra, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lib, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan va ayni paytda ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan 136 nafar shaxs afv etildi.
Bir paytlar diniy ekstremistik guruhlarga aloqasi bor, deb nazoratga olingan 20 mingdan ziyod fuqaro “maxsus hisoblar”dan chiqarildi”.
Ushbu so‘zlardan sudlarning mustaqil hokimiyat sifatidagi mavqeini tiklab borayotgani va buning samarasi hozirdanoq yaqqol ko‘zga tashlanayotgani – adolat mezoni ustuvor bo‘layotganini ko‘rsatmoqda.
Alloh taolo aytadi: “...(har qanday) yomonlikning jazosi xuddi o‘ziga o‘xshagan yomonlikdir (ya’ni har bir yomonlikning o‘ziga yarasha jazosi bordir). Endi kim (intiqom olishga qodir bo‘lgani holda) afv qilib (o‘rtani) tuzatsa, bas uning ajri Allohning zimmasidadir. Albatta, U zulm qilguvchilarni sevmas” (Sho‘ro, 40).
Qadim davlatchiligimiz tarixida ham avf etishga oid hujjatlar qabul qilingan. Jumladan, “Tuzuklar”da: “Menga yomonliklar qilib, boshim uzra shamshir ko‘targanlar, ishimga ko‘p ziyon yetkazganlarni ham, agar ular iltijo bilan tavba-tazarru qilib kelsalar, hurmatlab, yomon qilmishlarini xotiramdan o‘chirdim...”
Sohibqiron bobomizning bu ishi Qur’oni karim ko‘rsatmasiga hamda Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning sunnatiga muvofiq bo‘lgan. Oyati karimada: “Afvni (qabul qilib) oling, yaxshilikka buyuring, johillardan esa yuz o‘giring!” (A’rof surasi, 199-oyat) deb marhamat qilingan.
Rivoyat qilishlaricha, bir a’robiy Rasulullohga yetib olib, xirqalaridan qattiq tortgan, hatto xirqa hoshiyasi bo‘yinlarida iz qoldirgan. Keyin: “Ey Muhammad, Allohning mollaridan menga ham ber”, deb qo‘pol muomala qilganida ham Rasululloh uning muomalasidan kulib qo‘ydilar. Va unga biror narsa berib yuborishni buyurdilar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Nabiy sollallohu alayhi vasallam Alloh taoloning kechirimlilik haqida oyatiga muvofiq ish tutgani bois o‘sha a’robiyga o‘xshaganlar u zotning sodiq ummatlaridan bo‘lib izlarini ko‘zlariga surdilar. Amir Temur oyatu hadisga bo‘ysungani tufayli dushmanlar tavba tazarru qilib huzuriga keldilar. Qarangki, kechirimlilik insonni qanchalik ulug‘lab qo‘yar ekan.
Prezidentimiz har doim adashib diniy oqimlarga kirib qolganlar yoki boshqa huquqbuzarliklar sodir qilib sudning qora kursisiga o‘tirib qolganlarning aybini yaxshilab o‘rganib, agar ular qilmishlaridan pushaymon bo‘lsalar, ularni kechirish chorasini ko‘rish to‘g‘risida gapirganida, “ular ham o‘zimizning farzandlarimiz”, deb jon kuydirib gapiradi. Zotan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Odam bolasining har biri ham gunoh qiladi, ammo ularning ichida eng yaxshilari, qilgan gunohlariga tavba qiladiganlaridir”, deb marhamat qilganlar.
Afv etishning naqadar qadrli va savobli ish ekani dinimizda juda ko‘p ta’kidlanadi. Bu borada Islom dunyosining butun olamga mashhur olimu faqihlari, sarkardayu peshvolari ko‘p ibratli ishlarni bajarganlar va g‘oyatda foydali nasihatlar qilganlar.
“Hayratul abror”da hikoya qilinishicha, saxiy bir podshohning quli bor ekan, bazm vaqtida falokat bosib, oyog‘i chalishib, podshohning boshiga issiq taomni to‘kib yuboribdi. A’yonlar: “Podshoh endi uni o‘ldiradi, gunohiga loyiq jazo shu!” deyishibdi. Shoh esa qulning ahvolini ko‘rib, uni ozod qilib yuboribdi. Bunga hayron bo‘lgan vaziri: “Ey saxiylikda beg‘araz shoh, unga tig‘dan boshqa narsa loyiq emas edi-ku?” debdi. Shoh kulimsirab: “Xijolatning o‘zi uni o‘ldirib bo‘ldi. Hech kim o‘lgan o‘likni qaytadan o‘ldirmagan, boshiga jazo tig‘ini tortmagan...”
Jadid bobomiz Abdulla Avloniy: “Har bir millatning taraqqiy va taoliysi, davlat va hukumatlarning uzun yashamog‘i adolatga bog‘liqdir”, deb yozganida qanchalar haq gapni aytgan edi. Uning o‘sha fikrining isboti bugun ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘lib turibdi – mamlakatimiz kundan-kun chiroy ochib, odamlarimizning ijtimoiy ahvoli yaxshilanib, eng muhimi, xalqda davlatga bo‘lgan ishonch tuyg‘usi mustahkamlanib bormoqda.
Damin Jumaqul
Muhammad Said ibn Ramazon ibn Umar ibn Murod al-Butiy 1929 yilda Usmoniylar imperiyasi tarkibida bo‘lgan, bugungi kunda Turkiya Respublikasi hududiga kiruvchi Jizre (arabcha: Jazirat ibn ‘Umar, kurdcha: Cizîrê Botan) viloyatiga qarashli Jalka qishlog‘ida tavallud topgan. Ushbu hudud tarixan boy ilmiy va madaniy merosga ega bo‘lib, ko‘plab yetuk shaxslar, ayniqsa islom olimlari bilan mashhur bo‘lgan. Jizre hududi o‘zining uzoq yillik ilm-fan va ma’rifat an’analari bilan ajralib turadi. Tarixiy manbalarda bu yerda yashab o‘tgan ko‘plab olimlarning ismlari tilga olinadi. Jumladan, buyuk musulmon tarixchisi va "al-Kamil fī’t-Tarix" asari muallifi Ibnul-Asir (1160–1233), mashhur qiroat olimi Abul-Xoyr Muhammad ibn Muhammad al-Jazariy, mexanika va texnika sohasida kashshof sifatida tanilgan, "al-Jami' baynaal-'ilm val-'amal an-nafi' fī ṣina'at al-ḥiyal" asari muallifi Abul-‘Izz ibn Isma‘il ar-Rozzaz al-Jazariy (vafoti 1206-yil) shular jumlasidandir.
Muhammad Said Ramazon al-Butiy ana shunday yuksak martabali olimlardan biridir. U Islom olamida asosan fiqh, da’vatchilik faoliyati, asarlari va siyosat bilan aloqasi sababli mashhur bo‘lgan. Uning ilmiy merosi, asarlari va ilgari surgan g‘oyalari ko‘pincha G‘azoliy bilan qiyoslanadi [1].
Muhammad Said Ramazon al-Butiy 1934-yilda oilasi bilan Suriyaning Damashq shahriga hijrat qilgan. Ular asosan kurdlar istiqomat qiladigan Ruknuddin mahallasiga joylashadilar. Butiy bolaligidan Qur’on ta’limini boshlaydi va atigi olti oy ichida Qur’onni to‘liq xatm qiladi. Keyinchalik otasi bosh-qoshligida turli madrasalarda diniy ilmlar bilan shug‘ullanadi. 1953-yilgacha Shayx Hasan Habanka al-Maydoniy boshchiligidagi "At-tavjih al-islomiy" kollejida nahv, mantiq, balog‘at, usul va boshqa diniy fanlarni o‘rganadi.
1953-yilda Misrning Azhar universiteti Shariat fakultetiga o‘qishga kirib, 1956-yilda tamomlaydi. 1957-yilda Humus shahrida diniy madaniyat o‘qituvchisi sifatida faoliyat boshlaydi. 1960-yilda Damashq universitetining Shariat fakultetida yordamchi lavozimiga tayinlanadi. 1965-yilda Azhar universitetida "Islom huquqida "Maslaha" mavzusida doktorlik dissertatsiyasini "Mumtaz" (juda a‘lo) bahosi bilan himoya qiladi. Shundan so‘ng u Damashq universitetida professor unvoniga erishib, islom huquqi, fiqh, aqida va siyrat fanlaridan saboq beradi.
1970-yilda dotsent, 1975-yilda professor, 1977-yilda esa Shariat fakulteti dekani lavozimiga tayinlanib, 1993-yilgacha bu lavozimda ishlaydi. U arab, kurd, turk va ingliz tillarini yaxshi bilgan. Akademik faoliyati davomida u kitoblari, televideniya, radio va internet orqali keng ommaga diniy ta’lim yetkazgan. Uning Damashqdagi yirik masjidlardagi va’zlari ko‘p sonli kishilarni jamlagan.
Yevropalik tadqiqotchi Andreas Christmann ta’kidlaganidek, diniy amallarga rioya qilmaydigan hatto musulmon bo‘lmagan kishilar ham uning ma’ruzalariga qiziqish bildirgan [2]. 2005-yilda Dubay Qur’on Xizmat Kengashi uni "Namunali Islom Olimi" deb e’tirof etgan. 2012-yilda esa Iordaniya Qirollik Akademiyasi tomonidan tuzilgan eng nufuzli 500 musulmon ro‘yxatida 22-o‘rinni egallagan.
Butiy aqidada Ash’ariy kalom maktabiga ergashgan bo‘lib, salafiylik oqimiga tanqidiy yondashuvi bilan mashhur edi. Fiqhiy yo‘nalishda esa Shofi’iy mazhabiga mansub bo‘lgan.
Butiyning ilmiy faoliyatida birinchi yirik yutug‘i sifatida "ad-Davabitu’l-Maslaha fi’sh-Shari‘ati’l-Islamiyya" nomli doktorlik dissertatsiyasi bo‘lib, bu asar Islom huquqidagi "Maslaha" masalasini chuqur tahlil qilgani sababli tadqiqotchilar tomonidan muhim manba sifatida qadrlanadi.
Uning asl shuhrati esa "Fiqhus-siyra" asari orqali keng tarqalgan. Ushbu kitobda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hayotlari asosida shar’iy va fiqhiy xulosalar chiqarilib, yangicha ilmiy uslubda taqdim etilgan.
Tahrirchi Bot, [16.05.2025 12:30]
Butiy 70 ga yaqin kitob va ko‘plab maqolalar muallifi bo‘lib, Islom ummati muammolariga bag‘ishlangan "Abhas fi’l-Kimme" nomli o‘nta risoladan iborat to‘plami ham e’tibor qozongan. Bu risolalarda u muammolarga yechimlarning o‘zini emas, balki ularning asl sabablari, xususan, G‘arb qarshisida musulmonlarning ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan orqada qolish omillarini ochib berishga intilgan.
U butun umri davomida islomiy fikr, axloq va ma’rifatni targ‘ib etishda fidokorona xizmat qilgan. Afsuski, bu yuksak ilm va taqvo sohibi 2013 yil 21 mart kuni Damashqdagi Imom masjidida dars berayotgan paytida shahid bo‘ldi. Uning vafoti nafaqat Suriyada, balki butun Islom olamida chuqur iztirob bilan qabul qilindi. Shu tariqa Ramazon Butiy o‘zining boy ilmiy merosi va mardonavor xizmatlari bilan musulmon ummatining qalbida chuqur iz qoldirdi.
Muhammaddiyor MO‘MINOV,
Toshkent Islom instituti 402-guruh talabasi.
[1] Mahsum Aslan. Muhammed Said Ramazan el-Bûtî’nin hayatı, eserleri, ilmî kişiliği ve fıkıhçılığı "Muhammad Said Ramazon al-Butiyning Hayoti, Asarlari, Ilmiy Shaxsiyati va Fiqhchilig‘i" nomli magistrlik dissertatsiyasidan. Dijla Universiteti, Sotsial fanlar instituti, Diyarbakir, qisqartirma, 2014.– J.1. — B.1.
[2] Andreas Christmann. Islamic scholar and religious leader: A portrait of Shaykh Muhammad Sa’id Ramadan al-Būti “Musulmon Olim va Diniy Yetakchi: Shayx Muhammad Said Ramazon al-Butiy”, tarj. Muammer İskenderoğlu, Usul islomiy tadqiqotlar jurnali, Son: 2, Iyul-Dekabr, 2004. – 129-154, - B.130.