Abdulloh ibn Abu Rabiy'a roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi va sallam mendan qirq ming (dirham) qarz oldilar. Keyin u zotga mol kelganida uni menga qaytarib berdilar va: “Alloh molingga va ahlingga baraka bersin. Albatta, qarzning mukofoti maqtov va ado etishdir”,dedilar»(Imom Nasoiy rivoyati).
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: «Isro kechasi jannat eshigida: “Sadaqaga o'n barobar, qarzga o'n sakkiz barobar”, degan yozuvni ko'rdim. Jabroil alayhissalomga: “Nima uchun qarzga sadaqadan ko'proq?” dedim. U: “Chunki sadaqa muhtojning ham, behojatning ham qo'liga tushaveradi, qarz esa, faqat muhtojga beriladi”, dedi»(Imom Ibn Moja rivoyati).
Haqiqatan, muhtoj odamga qarz berib, mushkulini oson qilish – ulkan savob. Mo'min kishi birodarining mushkuli oson bo'lishini ko'zlab qarz beradi. Shunday ekan, qarz bergan odamning yaxshiligini qadrlash va omonatni o'z vaqtida egasiga qaytarish lozim.
Afsuski, bugun jamiyatimizda qarz oldi-berdisiga o'ta engil qaraydiganlar ko'payib ketdi: kimdir qaytara olish-olmasligini o'ylamay qarz olsa, kimdir qaytarmaslik niyatida oladi. Natijada qarz beruvchiga jabr bo'ladi. Odamlar o'rtasidagi o'zaro ishonchga putur etadi. Qarz oldi-berdisini deb nafaqat do'stlik-birodarlik, balki qarindoshlik aloqalari ham uzilib ketmoqda.
Shunday kishilar borki, o'zlariga to'q bo'laturib, qarz olishadi-da, qaytarishni atayin ortga surishadi. Qarz bergan kishining esidan chiqishini kutishadi. Ular o'zlaricha shu yo'l bilan qarzlaridan qutulmoqchi bo'lishadi. Ba'zilar esa, avval-boshdan qarzni qaytarmaslik niyatida olishadi. Qarzni bermaslik uchun turli bahonalarni ro'kach qilib, o'zlarini muhtoj ko'rsatishadi. Oxir-oqibat haqdor ham qarzini kechib yuborishga majbur bo'ladi. Ular mana shu yo'l bilan o'zgalarning haqini o'zlashtirib olishadi.
Ba'zida olgan qarzlaridan tonadigan kimsalar ham uchrab turadi. Ular pulni qaytarmaslik uchun har qanday yolg'on-yashiqdan tap tortishmaydi. Shuning uchun qarz oldi-berdisini guvohlar yordamida yozib qaydlab qo'yish maqsadga muvofiqdir.
Alloh taolo: «Ey iymon keltirganlar! Bir-biringizdan biror muddatga qarz olib, qarz bersangiz, uni yozib qo'yingiz!» (Baqara surasi, 282-oyat), deb marhamat qilgan.
Nabiy alayhissalom marhamat qiladilar: “Kim qarzini ado qilishni iroda qilib odamlardan mol olsa, Alloh taolo unga to'lash sabablarini muhayyo qilib qo'yadi. Kim talafot etkazishni iroda qilib olsa, Alloh uning o'ziga talafot etkazadi”(Imom Buxoriy rivoyati).
Boshqa hadisda: “Kim odamlarning mollarini (qarzga) olib, uni qaytarishni niyat qilsa, Alloh uni ado etishda yordam qiladi. Kim yo'q qilishni niyat qilib olsa, Alloh uni yo'q qiladi”, deb ogohlantirilgan.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Badavlat kishining (birovdan qarz olib, uni qaytarmay vaqtni) cho'zib yurishi zulmdir”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Har bir mo'min ushbu ko'rsatmalarni yaxshi bilib olishi va ularga og'ishmay amal qilishi zarur. O'zgalarning haqini o'zlashtirishdan, ishonchini suiiste'mol qilishdan ehtiyot bo'laylik. Albatta, uning hisob-kitobi og'ir bo'ladi.
Dilmurod SODIQOV
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Men tush ko‘rdim va uyg‘onib Ibni Sirinning "Tushlar ta’biri" kitobini ko‘rsam yomonroq chiqdi va siqilib qoldim. Tush ta’biri masalalariga musulmon inson qanday qarashi kerak?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Avvalo shuni aytishimiz kerakki, Ibn Siriyn rahimahullohga nisbat berilgan “Tushlar ta’biri” kitobi u zotga tegishli emas. Shuning uchun bu kitobni u zotga nisbat berib bo‘lmaydi. Dinimizga ko‘ra tushlar uch xil bo‘ladi:
– Alloh taolo tomonidan bo‘lgan, tahorat bilan yotilganda, tongga yaqin ko‘riladigan, solih tushlar.
– Shaytondan bo‘lgan, aniq esda qolmaydigan, kayfiyatni tushiradigan, alahsirashga o‘xshash yomon tushlar.
– Kasbiga yoki qiziqqan narsasiga taalluqli tushlar.
Dinimizda tush ko‘rganda nima qilish kerakligi borasida aniq tavsiyalar kelgan. Agar rost tushlar shariatga mos kelsa, amal qilish mumkin, agar zid kelsa, qat’iy amal qilinmaydi. Yomon tush ko‘rgan kishi tushini birovga aytmasligi va tushning yomonligidan Alloh taolodan panoh so‘rashi kerak. Bu haqida Abdulloh ibn Qatoda roziyallohu anhu otasidan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Rost tush Allohdan, yomon tush shaytondan. Birortangiz qo‘rqinchli tush ko‘rsa, chap tomoniga tuflab qo‘ysin va tushning yomonligidan (Allohdan) panoh so‘rasin. Shunda yomon tush zarar qilmaydi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Ya’ni yomon tush ko‘rgan kishi chap tomonga yengilgina tuflab: “Robbim! Ko‘rgan tushimni yomonligidan panoh so‘rayman”, deb qo‘yadi.
Ba’zi ulamolar imkon bo‘lsa o‘rnidan turib, tahorat olib, ikki rakat nafl namoz o‘qigani hamda biroz sadaqa qilib qo‘ygani yana ham yaxshi, deyishgan.
Shuningdek, tush inson taqdirini belgilamaydi. Tushga ortiqcha baho berib, uni hayot mezoniga aylantirish to‘g‘ri emas. Biz dinimiz ko‘rsatmalariga og‘ishmay amal qilsak, ham moddiy, ham ruhiy tarafdan sog‘lom, irodamiz mustahkam bo‘ladi. Vallohu a’lam!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.