Mana, jonajon diyorimizga qish fasli ham kirib keldi. Kunlari qisqa, tunlari uzun – qish. Ushbu faslda kechalarning uzayishi boshqa vaqtlarda qilolmagan solih amallarni bajarishimiz uchun qulay fursatlar: oila a’zolarimiz bilan suhbatlashish, yaqinlar va qarindosh-urug‘lar holidan xabar olish, kitob o‘qish kabi imkoniyatlarni beradi.
Qishda odamlar ko‘proq namoz o‘qishga, ro‘za tutishga moyil bo‘ladi. Qish qazo namozlarini o‘qishga ham juda qulay fasl hisoblanadi. Chunki kunning issig‘ida odam ko‘p namoz o‘qiy olmaydi: issiq tanasini lanj qiladi va sajdaga borganda boshiga ko‘p qon quyilgandek tuyilib, odam og‘irlikni his qiladi. Ammo qishda unday emas.
G‘ayratli kishilar qishning uzun tunlari tahajjudga ham turadi. Sokin tun bag‘rida rohatlanib tahorat oladi, namoz o‘qiydi, Qur’on tilovat qiladi. Hamma uyquda, faqat Alloh va obid so‘zlashmoqda – obid roz aytmoqda, Alloh taolo tinglamoqda.
Banda shirin uyquni yengib turgani uchun Alloh undan bir dardni ko‘taradi; tahorat olib tanasi yengil tortganda, unga soya solib kelayotgan yana bir dardni aritdi; namoz o‘qib ruhi yengil tortganda esa hammasini jamlab uni kasallikdan forig‘ etdi; qalbini esa qurumdan tozaladi, ko‘ngli yumshab ko‘zidan oqqan yosh qalbidagi qurumlarni yuvib ketdi. Jismi va ruhi poklangan insonga fayz eshiklari ochildi. U Qur’oni karimni o‘qir ekan, muqaddas Kitobning har bir harfi unga mo‘jiza bo‘lib ko‘rina boshlaydi. Chunki Alloh taoloning farishtalari bu banda haqqiga o‘sha harflar miqdoricha istig‘for aytdi.
Qazo ro‘zasi bor kishilar va nafl ro‘zasi tutishni niyat qilganlar ham qishda ro‘za tutishga urinadi. Chunki qishda kunduzlari qisqa bo‘ladi, bir zumda qorong‘u tushadi. Ammo bu asosiy sabab emas. Asosiy sabab shundaki, tunda vaqtida uyquga yotgan mo‘min tun uzunligi bois sahar vaqtiga kelib uyquga to‘yib turadi. Yuqorida aytilgan ibodatlarni qilganidan so‘ng uning ko‘ngli ro‘zaga ham moyil bo‘ladi. Zero, ro‘za o‘sha ibodatlarning davomi bo‘lgani qanday yaxshi. Qolaversa, hadisi sharifda
"Qish mo‘minning bahoridir. Kunduzlari qisqaligi uchun ro‘za tutadi, kechalari uzun bo‘lgani uchun turib namoz o‘qiydi" (Ahmad, Abu Ya’lo, Bayhaqiy).
O‘zi nima uchun qishda shunday bo‘ladi? Kuz, yoz, bahordagidan ko‘ra, qishda odam taqvodorroq, boshqalarga nisbatan ham mehribonroq bo‘lib qoladi? Buning sababi ham hadisi sharifda juda chiroyli ta’riflangan ekan: "Odam bolasining qalbi qishda yumshaydi. Shunday. Chunki Alloh tolo Odamni tuproqdan yaratgan. Tuproq esa qishda yumshaydi" (Suyutiy, al-Muttaqiy).
Shunday ekan, bu fasldan – Alloh taoloning inoyatidan foydalanib qolishga, yanada ko‘proq ibodat qilishga, barchamizga nasib aylasin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy alayhissalom: «Qur’onni o‘qish va yodlashda bardavom bo‘linglar. Jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, Qur’on ipini yechib, qochib ketish borasida tuyadan ham tezroq», dedilar (Imom Buxoriy, 5033; Imom Muslim, 791).
Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qur’onni yod olgan (Qur’onni o‘ziga do‘st tutgan) kishining misoli bog‘lab qo‘yilgan tuyaning misoliga o‘xshaydi. Agar qattiq turib, uni bog‘lashda bardavom bo‘lsa, tuyasini saqlab qoladi. Agar bo‘sh qo‘sa, ketib qoladi”, dedilar (Imom Buxoriy, 5031; Imom Buxoriy, 789).
Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimningdir men falon-falon oyatni sedan chiqardim, deb aytishi qanday ham yomon. Balki, u sedan chiqartirildi. Qur’onni (o‘qish bilan uni) esda saqlanglar. Chunki u kishilarning qalbidan ketib qolishda tuyalardan ham tez”, dedilar.
"Qur’on fazilatlari haqida qirq hadis" kitobidan