Assalomu alaykum! Bugun dekabr oyining yettinchi sanasi, haftaning esa muborak juma kuni.
Hafta davomidagi yangiliklar bilan Jumadan jumagacha rukni orqali habardor bo‘ling
"Vaqf" fondi Siyrat musobaqasi g‘oliblarini taqdirladi
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida «Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga muhabbat iymondandir» nomli siyrat musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Unda institut talabalari o‘zaro musobaqalashishdi. Tadbir ko‘tarinki kayfiyat va duoi xayrlar bilan o‘tdi. Ushbu musobaqa yakunlariga ko‘ra g‘oliblar aniqlanib, "Vaqf" xayriya jamoat fondi tomonidan bir qator sovg‘alar taqdim etildi.
“Ayolni e’zozlagan din” kitobi nashrdan chiqdi
O‘zbekiston musulmonlari idorasining Farg‘ona viloyatidagi vakili, viloyat bosh imom-xatibi Salimjon qori Qodirovning islomda ayolning o‘rni, unga qilinadigan hurmat va ehtirom va ayollarga xos boshqa masalalar xususida “Ayolni e’zozlagan din” nomli kitobi nashrdan chiqdi. Muallif risolada musulmon ayollarining oila va jamiyatdagi o‘rni, Islom dinida nozik xilqat vakilalariga bo‘lgan e’tibor va e’tirofni ilmiy dalillar, hayotiy voqe’liklar orqali o‘quvchiga tushunarli tarzda yoritib bergan. Mazkur risola yaqin orada qoraqalpoq va rus tillarida ham chop etilishi rejalashtirilgan.
“Muruvvat karvoni” Jizzax viloyatida bo‘ldi
1 dekabr kuni “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan “Muruvvat karvoni” nomli xayriya tadbiri Jizzax viloyatida o‘tkazildi. Xayriya tadbiri doirasidagi 100 nafar kam ta’minlangan oilalarga oziq-ovqat mahsulotlari, 20 nafar jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslarga nogironlik aravachalari berildi. Ikki nafar yordamga muxtoj oilalarning uylarini ta’mirlash ishlariga mablag‘lar ajratildi. “Vaqf” fondi xayru ehsonlaringizni o‘z egalariga yetkazishda ochiqlik va xolislikni kafolatlaydi. Mablag‘larni shaffoflik asosida haqdorlarga yetkazilayotganini vaqf.uz sayti orqali kuzatib boring!
BAAdagi festivalda O‘zbekiston ham ishtirok etdi
Birlashgan Arab Amirliklarida o‘tkazib kelinayotgan, mamlakat asoschisi Shayx Zayid nomidagi Abu Dabi madaniy meroslar festivalida ilk bor O‘zbekiston ham ishtirok etmoqda. Festival doirasidagi O‘zbekiston paviloni ulkan Registon maydoni shaklida qurilib, yon atrofidagi hujralarda hunarmandchilik, naqsh o‘ymakorligi, gilamdo‘zlik, so‘zana tikish san’ati kabi o‘zbek milliy madaniy meroslari ekspozitsiyalari va amaliy san’at yaralishini namoyish qiluvchi miniatyura asarlari o‘rin egallaydi. Ta’kidlash joizki O‘zbekiston paviloni festivaldagi eng katta kompozitsiyalardan biri bo‘ldi.
Malayziya O‘zbekistonda islom bankingi bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlaydi
Toshkent moliya instituti va Malayziyaning Binary boshqaruv va tadbirkorlik universiteti yangidan ochilayotgan o‘zbek-malayziya fakultetining o‘quv dasturini tasdiqlashdi. Boshlang‘ich bosqichda Toshkent moliya instituti qoshidagi ushbu fakultetda 50 nafar magistrant moliya va bank ishi bo‘yicha qabul qilinadi. Malayziya universiteti ijrochi raisi Jozef Adaykalamning aytishicha, kelgusida fakultet o‘z faoliyati doirasini kengaytirib, xalqaro audit va islom bankingi bo‘yicha mutaxassislarni ham tayyorlashi mumkin bo‘ladi.
“Vaqf: mohiyati va ijtimoiy ahamiyati” mavzusida videoseminar o‘tkazildi
4 dekabr kuni “Vaqf: mohiyati va ijtimoiy ahamiyati” mavzusida diniy soha xodimlari ishtirokida videoseminar o‘tkazildi. Seminarda “Vaqf” tushunchasi, istilohiy ma’nolari, vaqf mulklari yuzaga kelishi tarixi va vaqf mulklarining shar’iy hukmlari hamda “Vaqf” xayriya jamoat fondi faoliyatini targ‘ib etish bo‘yicha ma’ruzalar tinglandi. Seminar yakunida “Vaqf” xayriya jamoat fondi faoliyati, bugungi kungacha amalga oshirilgan xayriya ishlari, tadbirlar va loyihalarning amaliy ifodasi aks ettirilgan videorolik namoyish etildi.
Makkada nogironligi bo‘lgan kishilar uchun maxsus namozxona ochildi
Masjidi Haromning ishlar bosh boshqarmasi namozxonalardan birini eshitish qobliyati bilan bog‘liq nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun surdo (ishorat) tilini biladigan tarjimon bilan ajratilganini ma’lum qildi. Bu haqda islom.uz nashri xabar beradi. Xabarda aytilishicha, juma namozi, Fitr va Qurbon bayramlari mav’izalari, yomg‘ir duosi, darslar va Masjidi Haromda aytiladigan va’zlarni surdo tarjima orqali ularga yetkazish imkoniyati yaratilgan. Shuningdek, bu yerda ko‘zi ojizlar uchun namozxonaga olib boradigan maxsus oq tutqichlar ham o‘rnatilgan. Ular uchun Brayl yozuvidagi Qur’oni karimlar hamda Mus'hafni tutib turadigan maxsus uskuna tayyorlangan.
O‘MI Matbuot xizmati
Shu yil 11 yanvar kuni Jidda shahrida O‘zbekiston delegatsiyasi hamda Saudiya Arabistoni Haj va umra vazirligi rahbariyati o‘rtasida muloqot bo‘lib o‘tdi.
Unda Haj va umra vaziri doktor Tavfiq bin Favzon ar-Rabia, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar, “Haj” va “Umra” ishlari bo‘yicha attashe Shuhrat Amoniy ishtirokida o‘zaro aloqalarning istiqbollari hamda “Haj – 2025” mavsumini yuqori darajada tashkil etish muhokama qilindi.
Uchrashuv avvalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev janobi oliylari hamda Ikki muqaddas masjid xodimi, Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saud, Valiahd va Bosh vazir Muhammad bin Salmon Ol Saud o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar jadal rivojlanayotgani, Alloh taoloning mehmoni bo‘lgan ziyoratchilarga namunali xizmat ko‘rsatilayotgani alohida qayd etildi.
Ayniqsa, haj kvotasi avvalgiga qaraganda 2 karra oshirilgani, keyingi yetti yilda 60 mingdan ziyod yurtdoshimiz haj amallarini bajargani yuqori baholandi. Umra safarlari uchun cheklovlar olib tashlangani, qonuniy tartibga solingani ta’kidlandi.
So‘nggi yillarda davlatimiz Rahbari tashabbuslari bilan yurtimizda haj va umra safarlari yo‘nalishida amalga oshirilayotgan islohotlar, tashkiliy tadbirlar, huquqiy asoslar, raqamlashtirish jarayonlari va o‘zbekistonlik ziyoratchilarning tartib-intizomi Saudiya tomonidan yuqori baholandi.
Shuningdek, Tavfiq bin Favzon ar-Rabia so‘zining davomida Yangi O‘zbekistondagi islohotlarni e’tirof etish barobarida zaminimizdan nafaqat islom ulamolari, balki dunyo sivilizatsiyasiga katta hissa qo‘shgan Ibn Sino, al-Xorazmiy kabi buyuk mutafakkirlar, ilm-fan namoyondalari yetishib chiqqani va yurtdagi bugungi o‘zgarishlar yana mana shunday allomalar chiqishiga poydevor bo‘lishini ta’kidladi.
Muloqot yakunida tomonlar esdalik sovg‘alari topshirdilar.
O‘MI Matbuot xizmati