Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Yanvar, 2025   |   24 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:19
Quyosh
07:41
Peshin
12:40
Asr
15:48
Shom
17:32
Xufton
18:49
Bismillah
24 Yanvar, 2025, 24 Rajab, 1446

Tog‘larning vazifasini bilasizmi?

7.12.2018   4104   8 min.
Tog‘larning vazifasini bilasizmi?

Tog‘lar – tabiatdagi eng go‘zal narsalardan biridir. Olimlar yaqin-yaqingacha tog‘larning vazifasi nima ekanini bilishmas edi. Ilm-fan rivojlanib, taraqqiy etganidan so‘ng tog‘larning bir qancha vazifalari borligini kashf etdilar. Qur’oni Karimda tog‘larning vazifalari ochiq-oydin aytib qo‘yilgan.

Tog‘lar o‘zining shakli va yer ostiga chuqur kirib borgani sababli yer qatlamlari surilib ketishining oldini olib, qoziq sifatida ularni ushlab turadi. Yerning ustki plitalari kesishgan joyda tog‘lar mavjud bo‘lib, ikki plita birlashtirilib, ustiga tog‘lar mix kabi qoqib qo‘yilgan.

Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday degan:

أَلَمْ نَجْعَلِ الْأَرْضَ مِهَاداً وَالْجِبَالَ أَوْتَاداً

“Yerni to‘shab qo‘ymadikmi? Va tog‘larni qoziq (qilib qo‘ymadikmi?)” (Naba surasi, 6-7-oyatlar).

Tog‘lar bulutlarning shakllanishiga, shamollarning to‘silishiga o‘z hissasini qo‘shadi.

Qur’oni Karimdagi mana bu oyatga diqqat bilan nazar solaylik:

خَلَقَ السَّمَاوَاتِ بِغَيْرِ عَمَدٍ تَرَوْنَهَا وَأَلْقَى فِي الْأَرْضِ رَوَاسِيَ أَن تَمِيدَ بِكُمْ وَبَثَّ فِيهَا مِن كُلِّ دَابَّةٍ وَأَنزَلْنَا مِنَ السَّمَاءِ مَاءً فَأَنبَتْنَا فِيهَا مِن كُلِّ زَوْجٍ كَرِيمٍ

“U, siz ko‘rib turganingizdek, osmonlarni ustunsiz yaratgan, sizlarni tebratmasligi uchun yer yuziga og‘ir tog‘larni tashlagan va (yer)da har turli jonivorlarni taratib qo‘ygan zotdir. Va osmondan suv tushirib, u bilan un(yer yuzi)da turli go‘zal va foydali juftlarni o‘stirib qo‘ydik”. (Oyatda “o‘simliklarni o‘stirib qo‘ydik”, deyilmasdan, “karamli (go‘zal va foydali) juftlarni o‘stirib qo‘ydik”, deb aytilmoqda. Bu yerda, avvalo, o‘simliklardagi go‘zallik va foydaga ishora qilinyapti, qolaversa, ular juft bo‘lishi ham bildirib qo‘yilyapti. Allohning kitobida o‘n besh asr ilgari zikr etilgan bu haqiqatga ilm yaqindagina yetdi. Har bir o‘simlikda erkak va urg‘ochi xo‘jayralar bo‘lib, ular bir-biri bilan chatishgandagina meva hosil bo‘lishi endi tushunib yetildi. O‘simliklarni bunday qilib yaratishga faqat Alloh qodirdir.) (Luqmon surasi, 10-oyat).

Tog‘lar suvlarning toza, pok holda saqlanishiga ham katta hissa qo‘shadi.

Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday degan:

وَجَعَلْنَا فِيهَا رَوَاسِيَ شَامِخَاتٍ وَأَسْقَيْنَاكُم مَّاء فُرَاتاً

“Va Biz unda yukasak tog‘lar qildik va sizlarni zilol suv bilan sug‘ordik” (Mursalot surasi, 27-oyat).

Tog‘lar o‘z ustida katta miqdordagi chuchuk suv zaxirasini qor va muz ko‘rinishida saqlaydi.

Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday degan:

 وَهُوَ الَّذِي مَدَّ الأَرْضَ وَجَعَلَ فِيهَا رَوَاسِيَ وَأَنْهَاراً

“U yerni cho‘zib, unda baland tog‘lar va anhorlar qilgan” (Ra’d surasi, 3-oyat).

Bizga ma’lumki, dunyodagi barcha ummonlar va dengizlarning suvlari sho‘r bo‘lib, to‘g‘ridan to‘g‘ri ichishga yaroqsizdir. Insoniyat faqat daryo suvlarini ichadi. Oyatdagi “anhaaro” so‘zi o‘zbekchaga tarjima qilinganda “daryolar” degan ma’noni ifoda qiladi. Ushbu oyatda tog‘lardan daryolar oqib tushishiga va ular ichishga yaroqli ekaniga ishora qilinmoqda.

Tog‘lar bir necha ming yillar davomida insoniyat uchun boshpana vazifasini ham o‘tagan. Odamlar tog‘lardagi g‘orlarda yashab, vahshiy hayvonlar, sovuq havo va boshqa xatarlardan saqlanishgan.

Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday degan:

وَجَعَلَ لَكُم مِّنَ الْجِبَالِ أَكْنَاناً

“Va sizga tog‘lardan boshpanalar... qilib qo‘ydi” (Nahl surasi, 81-oyat).

Tog‘lar o‘zidagi suv zaxirasi va o‘ziga xos landshafti tufayli yer yuzidagi o‘simlik dunyosining muvozanatini bir maromda saqlashga hissa qo‘shadi.  

Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday degan:

  وَالأَرْضَ مَدَدْنَاهَا وَأَلْقَيْنَا فِيهَا رَوَاسِيَ وَأَنبَتْنَا فِيهَا مِن كُلِّ شَيْءٍ مَّوْزُونٍ

“Biz yerni yoyib, ustiga baland tog‘larni tashlab qo‘ydik va unda o‘lchangan turli narsalarni o‘stirib qo‘ydik” (Hijr surasi, 19-oyat).

Tog‘lar yerning barqarorligiga, silkinib ketmasligiga hissa qo‘shadi. Ular o‘ziga xos shakli tufayli vodiylarning vujudga kelishiga ham sabab bo‘ladi. Ma’lumki, vodiylar daryolar oqadigan joylarda vujudga keladi. Tog‘lar esa daryolarning paydo bo‘lishiga, tog‘ yon bag‘irlariga, pstliklarga qarab oqishiga sabab bo‘ladi.

Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday degan:

وَأَلْقَى فِي الأَرْضِ رَوَاسِيَ أَن تَمِيدَ بِكُمْ وَأَنْهَاراً وَسُبُلاً لَّعَلَّكُمْ تَهْتَدُونَ

“U zot yer sizlarni tebratib yubormasligi uchun uning ustiga baland tog‘larni tashlab qo‘ydi. Anhorlaru yo‘llarni ham. Shoyadki, to‘g‘ri yo‘l topsangiz” (Nahl surasi, 15-oyat).

Agar tog‘lar bo‘lmaganda, tekis yo‘llarning vujudga kelishiga imkon bo‘lmasdi. Yuz millionlab yillar davomida Yer yuzi relefi shakllanishi tarixini o‘qigan kishi tog‘lar, daralar, yo‘llar paydo bo‘lishiga sabab bo‘lgan tektonik siljishlar hamda plitalar to‘qnashuvi naqadar ahamiyatga ega ekanini anglab yetadi. Ana shunday hodisalar natijasida tog‘lar orasida tekis yo‘llar, daralar yuzaga kelib, odamlar o‘sha yo‘llardan ming yillardan beri qiyinchiliksiz yurib o‘tadilar.

Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday degan:

وَجَعَلْنَا فِي الْأَرْضِ رَوَاسِيَ أَن تَمِيدَ بِهِمْ وَجَعَلْنَا فِيهَا فِجَاجاً سُبُلاً لَعَلَّهُمْ يَهْتَدُونَ

“Biz yerda ularni tebranmasliklari uchun tog‘lar qildik va shoyadki to‘g‘ri yo‘l topsalar, deb unda daralar, yo‘llar qildik” (Anbiyo surasi, 31-oyat).

Tog‘larning rangi haqida ham tafakkur qilgan odam ularning turli ranglarda ekanini fahmlaydi. Ha, tog‘lar xilma-xil rangda bo‘lib, ba’zilari qizil-qo‘ng‘ir, ba’zilari qora, ayrimlari esa oq rangda bo‘ladi.

Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday degan:

أَلَمْ تَرَ أَنَّ اللَّهَ أَنزَلَ مِنَ السَّمَاءِ مَاءً فَأَخْرَجْنَا بِهِ ثَمَرَاتٍ مُّخْتَلِفاً أَلْوَانُهَا وَمِنَ الْجِبَالِ جُدَدٌ بِيضٌ وَحُمْرٌ مُّخْتَلِفٌ أَلْوَانُهَا وَغَرَابِيبُ سُودٌ

“Allohning osmondan suv tushirganini ko‘rmadingmi? Bas, u ila turli ranglardagi mevalarni va tog‘lardan ham yo‘l-yo‘l, oq hamda qizilning turli ranglarini va qop-qoralarini chiqardik” (Fotir surasi, 27-oyat).

Bundan tashqari tog‘lar atrofning go‘zalligiga go‘zallik qo‘shadi. Ular o‘z ko‘rinishi bilan Buyuk Yaratuvchining azamatiga dalolat qiladi.

Ha, azizlar! Alloh taolo tog‘larni Yerning barqarorligi, unda hayotning tinch, go‘zal davom etishi, o‘simliklarning muvozanati, ichimlik suvining pok holda saqlanishi, insoniyat va barcha jonzotlar qulay sharoitlarda yashashi uchun yaratib qo‘ygan. Bu haqiqat quyidagi oyatlarda aniq bayon etilgan:

 وَالْأَرْضَ بَعْدَ ذَلِكَ دَحَاهَا أَخْرَجَ مِنْهَا مَاءهَا وَمَرْعَاهَا وَالْجِبَالَ أَرْسَاهَا مَتَاعاً لَّكُمْ وَلِأَنْعَامِكُمْ

“Va undan so‘ng yerni tuxum shaklida qildi. Undan suvni, o‘t-o‘lanlarni chiqardi. Va tog‘larni sobit qildi. Sizlarga va chorvalaringizga manfaat bo‘lsin uchun” (Naziat surasi, 30-33-oyatlar).

Insoniyat tog‘larning vazifasi, tuzilishi, ularda chuchuk suvning to‘planishi, o‘simliklarning muvozanatiga sabab bo‘lishi haqida bilishi u yoqda tursin, tog‘lar o‘zi nimaligi haqida aniq tasavvurga ega bo‘lmagan bir paytda Qur’oni Karimda tog‘larning vazifalari haqida ochiq-oydin aytib qo‘yilgani Qur’on Alloh taoloning Kalomi ekaniga va Muhammad sollallohu alayhi vasallam Uning haq rasuli va nabiysi ekanliklariga katta dalildir!

 

Abduddoim Kahelning maqolasidan

Nozimjon Iminjonov tarjimasi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Balog‘at ilmining ahamiyati

15.01.2025   6053   3 min.
Balog‘at ilmining ahamiyati

Ajdodlarimizning qoldirgan asarlarining katta qismi arab tilida yozilgani barchamizga ma’lum. Arab tili dunyo tillari ichida eng ko‘p o‘rganilgan va hanuz o‘rganilayotgan til hisoblanadi. U lug‘at boyligi, qoidalarining turli-tumanligi, bir so‘zni bir necha uslubda ishlatish imkoniyatlarining ko‘pligi bilan mukammal tillar ichida ajralib turadi. Shuningdek, u shevalarining juda ko‘pligi bilan ham dunyoda yuqori o‘rinni egallaydi.

Bu til Qur’oni karim va janob Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning tillari bo‘lgani uchun uni o‘rganish usullari sahobai kiromlar davridayoq ishlab chiqilgan. Arab tilini o‘rganish uchun lug‘at, morfologiya, grammatika, ya’ni sarf va nahv ilmlari mukammal o‘rganiladi. Shu bilan birga, arab tilida mukammal gaplashish va uni tushunish uchun albatta, balog‘at fani qoidalarini yaxshi bilish kerak.

Balog‘at ilmini tahsil qilish orqali Qur’oni karim va hadisi shariflar ma’nolarini to‘g‘ri tushunish va nozik jihatlarni teran anglash oson kechadi. Shuningdek, Qur’oni karimning fasohat va balog‘at e’tiboridan mo‘jizakorligi kashf qilinadi. Shu bois, Qur’oni karim tafsiri, hadisi shariflar sharhi va boshqa diniy ilmlarni o‘rganmoqchi bo‘lgan kishi lug‘at, sarf, nahv ilmlari bilan bir qatorda balog‘at ilmini ham puxta egallashi lozim. Bu haqda Abdurauf Fitrat shunday degan: “Diniy va ijtimoiy ta’limotimiz Qur’on va hadislarda mavjud. Qur’on va hadislar esa arab tilidadir. Binobarin, ularni tushunish uchun arab tilining sarfu-nahvini o‘rganish zarur. Lekin bu yetarli emas, Qur’on ma’nolarini tushunishimiz uchun balog‘at ilmini – bayon, bade’ va ma’oniy ilmlarini ham bilishimiz lozim.”

Bu ilm boshqa fanlardan o‘zining fazilati bilan ajralib turadi. Lug‘at sir-asrorlarini ochishda va xazinalarini kashf etishda balog‘at ilmining o‘rni beqiyosdir. Jorulloh Mahmud Zamaxshariy o‘zining “Kashshof” nomli tafsirining muqaddimasida shunday deydi: “Tafsir ilmiga kirishgan kishi Qur’onga xos bo‘lgan ilmi ma’oniy va ilmi bayonda bilimdon bo‘lsa va bu ilmlarni puxta o‘rgansa, tafsirning haqiqatlariga yeta oladi.”

Shuningdek, Alisher Navoiy, Zaxiriddin Muhammad Bobur, Lutfiy, Fuzuliy, Umar Hayyom, Mashrab kabi mumtoz adabiyot namoyondalari o‘z asarlarida majoz, tashbeh, istiora, kinoya kabi balog‘at qoidalaridan keng foydalanganlar. Buyuk ajdodlarimizning boy ma’naviy merosini chuqur o‘rganib, boshqalarga yetkazishda balog‘at ilmining ahamiyati katta.

Balog‘at ilmining tarixi, shakllanishi, taraqqiyot bosqichlari va bu ilmga hissa qo‘shgan ulamolarning hayoti hamda asarlarini o‘rganish bugungi kunda muhim vazifalardan biridir. Arab tilining balog‘at va bade’ ilmlarini o‘rganish orqali kishida bu fanlarga nisbatan qiziqish va mukammal bilim shakllanadi. Balog‘at fanini chuqur o‘zlashtirish orqali faqat arab tilida emas, balki o‘zbek tilida yozilgan mumtoz adabiyotimiz sirlarini ham anglash mumkin bo‘ladi.

Abdulqayum Turdaliyev,
Toshkent Islom instituti talabasi.