Muhtaram Prezidentimizning 2018 yil 16 apreldagi “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonining ijrosini ta’minlash maqsadida, shu yil 1 noyabr kuni Vazirlar Mahkamasining «Hadis ilmi maktabi faoliyatini tashkil etish va qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori e’lon qilingan edi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi muassisligida Hadis ilmi maktabi oliy diniy ta’lim muassasasi shaklida tashkil etildi va 5 dekabr kuni Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib, 23-sonli guvohnomaga ega bo‘ldi.
Ushbu oliy diniy ta’lim muassasasini Bosh qomusimizning 26 yilligi arafasida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishida ham o‘zi xos ramziy ma’no bor. Hadis ilmi maktabining tashkil etilishi Konstitutsiyamizda va “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonunda belgilangan diniy ta’lim olishga bo‘lgan fuqarolarimiz huquqlarini amalga oshirishlari uchun yana bir katta imkoniyat bo‘ldi.
Guvohnomani topshirish jarayonida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Shayx Abdulaziz Mansur hazratlari Hadis ilmi maktabi ulug‘ allomalarimiz, muhaddis ajdodlarimiz ishlarini davom ettirish imkoniyatini taqdim etishi, bu dargohda ta’lim olgan yoshlarimiz kelajakda malakali mutaxassislar sifatida ajdodlarimizning davomchisi bo‘lishga va dinimizning ezgu ta’limotlarini odamlar ongu shuuriga singdirishga xizmat qilishlarini alohida qayd etdilar.
Hadis ilmi maktabi faoliyatiga ulkan muvaffaqiyatlar tilab, ezgu duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati