Sayt test holatida ishlamoqda!
18 Yanvar, 2025   |   18 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:22
Quyosh
07:45
Peshin
12:38
Asr
15:41
Shom
17:25
Xufton
18:43
Bismillah
18 Yanvar, 2025, 18 Rajab, 1446

Imom Abu Hanifaning hadis ilmi rivojidagi o'rni va ahamiyati

20.07.2023   906   10 min.
Imom Abu Hanifaning hadis ilmi rivojidagi o'rni va ahamiyati

Halqimiz qadimdan amal qilib kelayotgan hanafiy mazhabi va bu yo'nalishda yozilgan asarlar ona tilimizga tarjima qilinib, keng ommaga etkazilmoqda.

Yaqin o'tmishda Hindiston o'lkasidan hadis va fiqh ilmlari sohasida ko'plab olimlar etishib chiqdi. Ular ilmiy ishlarida hanafiylikka e'tibor qaratib, mazhabimiz asoschisi Imom Abu Hanifa (vaf. 150/767) va uning shogirdlarining hadis ilmidagi faoliyatini yoritib, bu borada ularga etkazilgan ta'nalarga raddiyalar berib, qator asarlar yozdilar.
Ana shunday olimlardan biri muhaddis, faqih Zafar Ahmad Tahonaviy Usmoniy 
(1892–1974/1310–1394) bo'lib, uning “E'lo as-sunan” (Sunnatni oliy qilish) nomli asari hanafiylarning dalili hisoblangan deyarli barcha hadislarni o'zida jamlagan. Shu bilan birga, muallif asar muqaddimasida Abu Hanifa va ko'plab hanafiy muhaddislarining hadis ilmidagi mavqei, uning rivoji yo'lidagi ilmiy izlanishlari, ustoz va shogirdlari hamda yozib qoldirgan asarlariga oid ma'lumotlar bergan.
Tahonaviyning xabar berishicha, tadqiqotchi olimlar Imom Abu Hanifaning hayoti va ilmiy faoliyatini ko'zdan kechirib, uni nafaqat fiqhiy masalalar, ijdihod borasida peshvo bo'lgan, balki hadis ilmida ham ko'plab muhaddislarga ustozlik maqomida bo'lib, ularning maqto­viga sazovor bo'lgan, degan xulosaga kelganlar.
Tahonaviy “E'lo as-sunan” asarining muqaddimasida Imom Abu Hanifa haqida uni ishonchli roviy ekanini tasdiqlaydigan etuk muhaddis ulamolarning so'zlaridan iqtibos keltirgan. Jumladan, muhaddis Yahyo ibn Main (vaf. 233/848) aytadi: “Shayximiz Yahyo ibn Said Qattondan Imom Abu Hanifa haqida so'rashganida, uning ra'yidan[1] ko'ra yaxshirog'ini topmadik, u siqa (ishonchli roviy) edi, deb javob bergan”[2]. Tadqiqotchi olim Anvarshoh Kashmiriy (vaf. 1352/1933) “Fayz al-Boriy” asarida keltirishicha, mazkur muhaddis (Yahyo ibn Main): “Abu Hanifaga ta'na toshini otgan biron kimsani bilmayman”, degan. Demak, Yahyo ibn Ma'in zamoniga qadar u (Abu Hanifa) ayblanmagan. Shuningdek, muhaddis Vake' ibn Jarroh (vaf. 195/810) ham barcha masalalarda uning mazhabida bo'lgan[3].
Tahonaviy mazkur asarida Imom Abu Hanifaning muhaddislik jihatini, hadis ilmida­gi mavqeini yoritishda boshqa kitoblarda uchramaydigan o'zgacha uslub bilan yondashadi. U ayrim hollarda faqat naqliy dalillar bilan cheklanmasdan, aqliy yo'l orqali ham isbotlashga urinadi. Tahonaviyning aytishicha, yuqorida muhaddislar Imom Abu Hanifaning ijtihodini e'tirof etib, uning mazhabiga ergashganini bayon qildilar. Ma'lumki, ko'plab hadislar, sahoba va tobeinlarning so'zlari, ularning har bir masaladagi ixtiloflari, Qur'on va sunnatdagi nosix va mansuxlaridan xabardor bo'lmay turib, ijtihod qilish imkonsiz ishdir.
Shuning uchun, Tahonaviy “al-Hadis val muhaddisun” asari muallifi Muhammad Abu Zahvning quyidagi so'zini o'z qarashlarining xulosasi o'rnida keltiradi: “Afsuski, ba'zilar Imom Abu Hanifani “hadisni kam bilgan”, deb hisoblaydilar. Holbuki, butun musul­mon­lar uning mujtahidlik martabasida bo'lganini e'tirof etgan. Mujtahidlikning shartlaridan biri esa, Qur'oni karim va Payg'ambarimiz sallolloxu alayxi vasallam hadislarining ma'nola­rini to'la-to'kis va chuqur anglab etishdir”[4].
Qolaversa, Imom Abu Hanifa Anas ibn Molik[5], Abdulloh ibn Abu Avfa, Sahl ibn Sa'd, Abu Tufayl kabi to'rt sahobalarni ko'rgan[6]. Bu esa uning qolgan uch mazhab imomlaridan ustunlik jihati hisoblanadi. Biroq tadqiqotchi olimlarning xulosalariga ko'ra, Imom Abu Hanifa biron sahobadan hadis eshitmagan[7]. Bundan tashqari, u Ato ibn Abi Raboh, Ikrima, Nofe'[8], Abdurahmon ibn Hurmuz, Qatoda, Alqama ibn Marsad, Tovus ibn Kayson, Omir Sha'biy[9], Hammod ibn Abu Sulaymon, Salama ibn Kuhayl, Abu Ja'far Muhammad ibn Ali, Yahyo ibn Said Ansoriy, Hishom ibn Urva kabi muhaddislardan hadis rivoyat qilgan. Farzandi Hammod, Ibrohim ibn Tahmon, Hamza ibn Habib, Zufar ibn Huzayl, Abu Yusuf, Iso ibn Yunus, Vake' ibn Jarroh, Abdulloh ibn Muborak[10], Ali ibn Mushir, Abdurazzoq, Muhammad ibn Hasan Shayboniy va boshqalar u zotdan hadis eshitganlar.
Shunday bo'lsa-da, ba'zi muhaddislar, jumladan, Imom Nasoiy (vaf. 303/915), Ibn Adiy (vaf. 453/976), Doraqutniy (vaf. 385/910), Hatib Bag'dodiy (vaf. 463/1071) kabilar u (Abu Hanifa)ga nisbatan “zaif”, “hadis ilmida mohir bo'lmagan” kabi noo'rin so'zlarni aytganlar. Hadis ilmi borasida ko'zga ko'ringan ulamolar kitoblarida ularga raddiya o'rniga o'tuvchi etarlicha ma'lumotlar berganlar. Tahonaviy ham o'z asarida ulardan bir qanchasini keltirib o'tadi. Unga ko'ra, Abu Hanifaning shogirdi Abdulloh ibn Muborak (vaf. 181/797) aytadi: “Kufaga kirdim. U erliklardan eng ilmi ko'p kishi haqida so'radim. Ular Abu Hanifa, deb javob berdilar. Keyin ulardan eng ibodatlirog'i va ilmga chuqur sho'ng'igan kishi haqida so'raganimda, ular yana Abu Hanifa, deb javob berishdi”[11].
Ma'lumki, Imom Buxoriy (vaf. 256/870), Imom Muslim (vaf. 261/875), Abu Dovud (vaf. 275/888), Imom Termiziy (vaf. 279/892) kabi yirik muhaddislarning eng ishonchli hisoblangan hadis to'plamlari Abdulloh ibn Muborakning rivoyati bilan to'lib toshgan. Shunday bo'lsa-da, u (Abdulloh ibn Muborak) Abu Hanifaning shogirdi hisoblanadi, undan bevosita hadis eshitgani­ga shubha yo'q. Shuningdek, Imom Buxoriyning ustozlaridan yana biri Makkiy ibn Ibrohim 
(vaf. 214/829) (Buxoriyning aksari sulosiyoti[12] u orqali rivoyat qilingan) shunday degan: “Abu Hanifa o'z zamonidagi kishilarning eng olimi bo'lgan”[13].
Muhaddis Yazid ibn Horun (vaf. 206/821) shunday deydi: “Minglab olim kishilarni uchrat­dim. Ulardan hadis yozib oldim. Ammo ular orasidan besh nafaridan ko'ra faqihi, taqvosi hamda ilmi ziyoda kishini ko'rmadim. Ularning avvalida Abu Hanifa turadi”. Tahonaviy xabar beri­shicha, dastlab sahobalar va tobeinlar davrida “ilm” deganda Qur'on va hadis ilmi tushunilgan. Shuning uchun ham o'sha vaqtda odamlarning ilmlirog'i Qur'on va hadisning bilimdoni hisob­langan. Shu e'tibordan xam Imom Abu Hanifa hadis borasida ham keng qamrovli ilm egasi bo'lgani o'z isbotini topadi.
Tahonaviy “al-Hoyrot al-xisan” asarida naql qilishicha, asar muallifi Ibn Hajar Haytamiy Makkiy (vaf. 973/1565) shunday deydi: “Muhaddislar Abu Hanifadan rivoyat qilin­gan hadislardan foydalanib, o'z to'plamlarida undan bir qanchasini keltirganlar”. Imom Sha'roniy­dan naql qilib: “Abu Hanifaning barcha masalalarda tayangan umumiy hadislari boshqa uch mazhab imomlari tayanadigan xadislarga qaraganda ko'proqdir”[14], degan.
Shu nuqtai nazaridan Sufyon Savriyning Abu Hanifaga nisbatan[15], Ibn Abi Zi'bning Imom Molikka nisbatan[16], Imom Molikning Muhammad ibn Ishoqqa nisbatan[17], Yahyo ibn Mainning Imom Shofe'iyga nisbatan[18], Imom Nasoiyning Ahmad ibn Solihga nisbatan[19], Imom Ahmadning Horis Muhosibiyga nisbatan[20], Ibn Mandaning Abu Nu'aym Asbahoniyga nisbatan[21] ayblovi hisobga olinmaydi. Shuning uchun Imom Buxoriy “Juz al-qiro'a xalf al-imam” asarida: “Ko'pchilik muhaddislar (ishonchli roviy bo'lishlariga qaramasdan) ayblovdan salomat qolmagan. Shunday bo'lsa-da, hech bir muhaddis ishochlilik martabasidan tushib qolmagan, ulamolar bunday ta'na­larga e'tibor qaratishmagan”[22], deb ishora qilgan.
Tahonaviy “E'lo as-sunan”ning muqaddimasida ulamolarning bu boradagi qarashlarini kelti­rib, so'ngra hanafiy muhaddis Muhammad Hasan Sanbuhliy (vaf. 1305/1888)ning “Tansiq an-nizom” asaridan naql qilib, shunday deydi: “Abu Hanifaga etkazilgan ta'nalarning biron­tasi qabul qilinmaydi”[23]. Demak, Imom Abu Hanifa ham boshqa ulamolar singari ta'nadan benasib bo'lmagan. Ammo masalaga chuqur kirib, uni zaifga chiqarish tadqiqotchi olimlarning mazkur qarashlaridan kelib chiqib aytganda, imkoni yo'q ishdir.
Hulosa o'rnida shuni aytish kerakki, Imom Abu Hanifa fikrlash qobiliyati, adolati (ishonchli roviylik jihati) hamda chuqur ilmi tufayli ijtihod qilishga, o'zining ra'yiga qarab hukm chiqarishga, musulmonlar unga suyanib, uning fikrlarini hayotga tatbiq etishlariga munosib bo'lgan yirik mujtaxid olim hisoblanadi.
Zafar Ahmad Tahonaviyning “E'lo as-sunan” asari Imom Abu Hanifaning hadis ilmidagi mavqeini, muhaddislik jihatini yoritishda hamda hanafiy fiqhini hadislar asosida talqin etishda muhim manba bo'lib xizmat qiladi.
Tahonaviy mazkur asarida Imom Abu Hanifaga bag'ishlab yozilgan hanafiy olimlarning kitoblari bilan bir qatorda, Imom Zahabiyning “Manoqib Abi Hanifa”, Ibn Hajar Haytamiy­ning “al-Hoyrot al-hisan”, Imom Suyutiyning “Tabyiz as-sahifa” kabi qator muhaddislar­ning asarlardan ham keng foydalangan.
Asarni sinchkovlik bilan kuzatgan kishi, Tahonaviy ko'pincha mavzuning muhim jihati­ni yoritish asnosida butun muhaddislar e'tirof etgan (hanafiy bo'lmagan) olimlarning asarlari­dan iqtibos keltirishganiga guvoh bo'ladi. Demak, Tahonaviy hadis ilmi nuqtai nazaridan 
Abu Hanifaning o'rnini ko'rsatib berishda xolislik bilan yondashgan. Uning mazkur asari hozir­gi kunda xam bu borada yozilgan muhim manba hisoblanadi.
Qobil Yusupov,
O'zHIA huzuridagi Malaka oshirish markazi 
Namangan mintaqaviy filiali
Ijtimoiy va mutaxassislik 
fanlari kafedrasi o'qituvchisi
MAQOLA
Boshqa maqolalar

Talabalar Diniy idora faoliyati bilan yaqindan tanishdi

17.01.2025   2266   2 min.
Talabalar Diniy idora faoliyati bilan yaqindan tanishdi

Shu yil 16 yanvar kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov O‘zbekiston Xalqaro islom akademiyasi talabalari bilan ochiq muloqot o‘tkazdilar.
 

Suhbat avvalida Homidjon domla keyingi yillarda yurtimizda yoshlarning ta’lim-tarbiyasini yuksaltirishga katta e’tibor berilayotgani ta’kidlash barobarida O‘zbekiston musulmonlari idorasining tarixi va bugungi faoliyati haqida so‘zlab berdi. Xususan, ilk nomi “O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari idorasi” bo‘lgan tashkilot 1943 yil 20 oktyabrda tashkil topgani, 1992 yili “Movarounnahr musulmonlari idorasi”, 1995 yili “O‘zbekiston musulmonlari idorasi” deb davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgani, istiqlolgacha 80 ta masjid faoliyat yuritgani, O‘rta Osiyoda yagona bo‘lgan Mir Arab madrasasida jami 10 nafar talaba o‘qitilganini aytib o‘tdi.


Homidjon domla o‘z so‘zi davomida mustaqillik ne’mati nasib etgandan so‘ng diniy-ma’rifiy sohada ulkan o‘zgarishlar bo‘lgani, xususan, so‘nggi yillarda muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan sohada amalga oshirilayotgan ko‘lamli islohotlar natijasi va muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari sa’y-harakatlari bilan yurtimiz masjidlari soni 2145 taga, diniy ta’lim muassasalari soni 14 taga yetgani, Fatvo va ilmiy-tadqiqot markazlari, diniy adabiyotlar nashri, “Vaqf” fondi jadal faoliyat olib borayotgani, umra bo‘yicha kvota olib tashlangani, hajga boruvchilar soni yildan-yilga ortib borayotgani, eng qadimiy va nodir qo‘lyozma sanalgan “Usmon mus'hafi”, “Langar Qur’oni” yuqori darajada ta’mirlangani, Diniy idora Kutubxona fondida 20 dan ziyod toshbosma va qo‘lyozma asarlar yaxshi holatda saqlab kelinayotgani va bu kabi amaliy ishlarning sanog‘i va salmog‘i ko‘pligini ta’kidlab, ana shu e’tibor va imkoniyatlarning qadriga yetish va har kim o‘z yo‘nalishida yetuk mutaxassis bo‘lib yurt rivoji va xalq farovonligiga hissa qo‘shishi lozimligiga urg‘u qaratdi.  


Muloqot yakunida har bir talabaga O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining “Yoshlarga nasihatim”, “Fitna ko‘z ilg‘amas xatar” kitoblari taqdim etildi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

Talabalar Diniy idora faoliyati bilan yaqindan tanishdi Talabalar Diniy idora faoliyati bilan yaqindan tanishdi Talabalar Diniy idora faoliyati bilan yaqindan tanishdi Talabalar Diniy idora faoliyati bilan yaqindan tanishdi Talabalar Diniy idora faoliyati bilan yaqindan tanishdi Talabalar Diniy idora faoliyati bilan yaqindan tanishdi
O'zbekiston yangiliklari