Ona – ajoyib xilqat. Mo‘tabar zot.
Dinimizda onalar e’zozlangan, jannat ularning oyoqlari ostida deb e’lon qilingan.
Ota-onasini rozi qilgan insondan Alloh taolo rozi bo‘lishi aytilgan.
“Kimga yaxshilik qilay?” deb so‘ragan sahobaga Nabiy sollallohu alayhi vasallam uch marta “Onangga!” deb, to‘rtinchisida “Otangga va yaqin qarindoshlaringga!” deya javob berganlar.
Dunyoda bolasini yomon ko‘radigan, unga yomonlik yetishini istaydigan birorta ona yo‘q.
Hech bir ona bolasini qarg‘amaydi. Xafa bo‘lib, achchiqlansa ham, tilining uchida tanbeh berib, urishadi.
Bolasi jonidan to‘ydirib yuborgan taqdirda ham onaizor qarg‘amaydi. Mabodo bolasining ozorlariga sabr kosasi to‘lib ketganda, bolasini emas, o‘zini so‘kadi. “Seni tug‘may men o‘lay” deydi.
Ha, ona ana shunday mehribon, mushfiqdir.
Qish fasli ham kirib keldi. Sovuq havoda yupun kiyinib yurgan inson shamollab qolishi hech gap emas.
Onangiz sizga “Bolam, issiq kiyinib ol. Shamollab qolma” desa va ayolingizga qarab, “Qizim o‘g‘limning jemperini, paltosini olib chiqing, kiyib olsin” deganida, “Kiyimim qalin bo‘lib ketadi, qo‘pollashib ketaman, harakatlarim noqulay bo‘ladi. Yosh bola emasman-ku! Shu yaxshi. Sovqotmayman” deb volidangizning istagini yerda qoldirmang!
Mehrga to‘la yuraklarini ezmang!
Qo‘pollashib ketsangiz ham aytgan narsalarini kiyib oling!
Onangiz xursand bo‘lishi uchun kiyib oling!
Harakatlaringizda o‘ng‘aysizlik sezsangiz ham onajoningizning gaplari yerda qolmasin!
Onangiz rozi bo‘lishi uchun qo‘pollashib, qalinlashib ketishga ham rozi bo‘ling!
Ertaga chindan ham havo sovib, o‘sha jemper va paltolarni kiyishga ehtiyojingiz tushganda, istasangiz ham, kutsangiz ham, sog‘insangiz ham “Bolam jemperingni kiyib ol, shamollab qolma” degan ovozni eshitmaysiz.
Hozir boshingizda shunday ovoz sohibasi bor ekan, Alloh taologa ko‘p shukr qilib, issiq kiyinib yuring!
Shu kichik ishni aytganlarida ham “Xo‘p bo‘ladi” deb, ko‘ngillarini ko‘tarib, ko‘plab savob ishlab olishning payidan bo‘ling!
Onasining ovozini eshitishni sog‘inganlar, ammo eshita olmayotganlar qancha!
Alloh taolo ota-onasi hayot bo‘lgan azizlarimizning ota-onalariga uzoq umr, sihat-salomatlik bersin!
Ota-onasi vafot etgan azizlarimizning ota-onalarini rahmatiga olib, oxiratlarini obod aylab, joylarini jannatda qilsin!
Nozimjon Iminjonov
O‘tgan 2024 yili O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi rahbariyatining Qatar davlatining O‘zbekistondagi elchixonasida bo‘lib o‘tgan uchrashuv davomida xayriya yo‘nalishidagi bir qancha masalalar yuzasidan muzokaralar bo‘lib o‘tgan edi. Xususan, Qatar davlatining favqulodda va muxtor elchisi kam ta’minlangan oilalarga yordam ajratish, imkoniyati cheklangan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, ular uchun kasb va bilimga o‘rgatish kurslarini tashkil etish, zaruriy jihoz-uskunalar (eshitish moslamalari, nogironlik aravachalari, qo‘ltiqtayoq va protez ortopediya-mahsulotlari) bilan ta’minlash kabi bir qancha yo‘nalishlar doirasida fond bilan hamkorlik qilish istagini bildirgan edi.
Kecha ana shu muzokaralar natijasi o‘laroq, Qatar davlati mablag‘lari hisobiga xarid qilingan yuzdan oshiq nogironlik aravachalari va 80 ga yaqin qo‘ltiqtayoqlar “Vaqf” xayriya jamoat fondiga olib kelindi. Nogironligi bo‘lgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash aksiyasi doirasida keltirilgan mazkur jihozlarni topshirish jarayonida Qatar davlatining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Fahad Ali al-Hammadiy ishtirok etib, fond bilan hamkorlikdan minnatdor ekanligini, o‘zgalar parvarishiga muhtoj insonlarga oz bo‘lsada yordam berayotganidan xursandligini bildirdi.
O‘z navbatida “Vaqf” xayriya jamoat fondi boshqaruvi rahbari Isoxon Abdullayev Qatar elchixonasi vakiliga minnatdorlik bildirib, bu hamkorlik har ikki tomon uchun ham xayrli bo‘layotganini, bu jihozlardan ko‘plab insonlarning mushkuli oson bo‘lishini ta’kidlab o‘tdi.
O‘zaro muloqot davomida ikki tomon ham bu kabi xayrli tashabbuslarni yanada ko‘paytirishni maqsad qilishdi.