Nasabshunos olim Ismoil ibn Husayn G‘anaviy hikoya qilib aytadilar:
“Mashhur mufassir olim Faxruddin Ar-Roziy (ma’lumot o‘rnida aytamiz: bu kishi “At-Tafsiyr al-kabiyr” yoki “Mafotiyhul g‘oyb” nomli tafsir kitobini yozganlar) Marv shahriga keldilar. U kishi qadri baland, nomi mashhur, viqorli, haybatli kishi edilar. Shu darajada katta olim edilarki, u kishining aytgan gaplarini rad etib bo‘lmas, huzurlarida birov chuqurroq nafas olishga ham jur’at etmas edi.
Marvga kelgan kunlaridan boshlab ulug‘ olimning oldida dars o‘qishga intildim. Dars kunlarining birida menga: “Talabalarning nasabi haqida bir ajoyib kitob yozib bersang degandim. Keyin men o‘sha kitobningni o‘qib, yodlab olardim” dedilar.
Men ustoz aytganlaridek qilib nasablar borasida bir kitob yozib berdim. Kitobni olib kelib, u zotga uzatganimda, o‘tirgan kursilaridan pastga tushdilar va yerdagi bo‘yra ustiga o‘tirdilar. Menga qarab: “Anavi kursiga borib o‘tir!” dedilar. Men bunday qilishni o‘zimga ep ko‘rmay, bosh tortdim. Ustoz meni koyidilar, xafa bo‘lib, baland ovozda “Aytgan joyimga o‘tir!” dedilar. Haybatlaridan cho‘chib, u kishi aytgan kursiga borib o‘tirdim.
Keyin oldimda o‘tirgancha mening kitobimni o‘qiy boshladilar. Ora-orada tushunmagan joylarini mendan so‘rab qo‘yardilar. Shu tarzda kitobni oxirigacha o‘qib tugatdilar. Keyin menga qarab “Ana endi istagan joyingda o‘tiraver! Bu nasab ilmida sen menga ustozsan. Men esa bu borada sendan foydalanaman, senga shogird hisoblanaman. Shogird ustozidan pastroqda, oldida o‘tirishi odobdandir ” dedilar”.
Honiy Hojining “Solihlar va solihalar, zohidlar va zohidalar hayotidan ming bir qissa” kitobidan Nozimjon Iminjonov tarjimasi
Shu yil 3-7 yanvar kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarining 237 nafar pedagog-o‘qituvchilari uchun qisqa muddatli malaka oshirish o‘quvlari tashkil etildi.
O‘quv-mashg‘ulotlari maxsus reja va dars jadvali asosida bo‘lib o‘tdi. Darslar zamonaviy axborot texnologiyalari va interfaol uslublar yordamida o‘tildi. Unga Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hududiy boshqarmalari, yurtimizdagi yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan ma’ruzachilar taklif qilindi.
Malaka oshirish davomida pedagog-o‘qituvchilarning davlat va din munosabatlari, o‘quv jarayonida pedagogik texnologiyalardan unumli foydalanishda bilim va ko‘nikmalarini yuksaltirish, talabalar orasida mutaassiblik va radikallashuvning oldini olish, ta’lim muassasalarida ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish bo‘yicha mas’uliyatini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Mazkur o‘quv-mashg‘ulotlarni muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilarga sertifikatlar taqdim etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati