Sayt test holatida ishlamoqda!
29 Dekabr, 2024   |   29 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:23
Quyosh
07:48
Peshin
12:30
Asr
15:21
Shom
17:05
Xufton
18:25
Bismillah
29 Dekabr, 2024, 29 Jumadul soni, 1446

Buyuk mufassirning kamtarligi

5.12.2018   2899   1 min.
Buyuk mufassirning kamtarligi

Nasabshunos olim Ismoil ibn Husayn G‘anaviy hikoya qilib aytadilar:

“Mashhur mufassir olim Faxruddin Ar-Roziy (ma’lumot o‘rnida aytamiz: bu kishi “At-Tafsiyr al-kabiyr” yoki “Mafotiyhul g‘oyb” nomli tafsir kitobini yozganlar) Marv shahriga keldilar. U kishi qadri baland, nomi mashhur, viqorli, haybatli kishi edilar. Shu darajada katta olim edilarki, u kishining aytgan gaplarini rad etib bo‘lmas, huzurlarida birov chuqurroq nafas olishga ham jur’at etmas edi.

Marvga kelgan kunlaridan boshlab ulug‘ olimning oldida dars o‘qishga intildim. Dars kunlarining birida menga: “Talabalarning nasabi haqida bir ajoyib kitob yozib bersang degandim. Keyin men o‘sha kitobningni o‘qib, yodlab olardim” dedilar.

Men ustoz aytganlaridek qilib nasablar borasida bir kitob yozib berdim. Kitobni olib kelib, u zotga uzatganimda, o‘tirgan kursilaridan pastga tushdilar va yerdagi bo‘yra ustiga o‘tirdilar. Menga qarab: “Anavi kursiga borib o‘tir!” dedilar. Men bunday qilishni o‘zimga ep ko‘rmay, bosh tortdim. Ustoz meni koyidilar, xafa bo‘lib, baland ovozda “Aytgan joyimga o‘tir!” dedilar. Haybatlaridan cho‘chib, u kishi aytgan kursiga borib o‘tirdim.

Keyin oldimda o‘tirgancha mening kitobimni o‘qiy boshladilar. Ora-orada tushunmagan joylarini mendan so‘rab qo‘yardilar. Shu tarzda kitobni oxirigacha o‘qib tugatdilar. Keyin menga qarab “Ana endi istagan joyingda o‘tiraver! Bu nasab ilmida sen menga ustozsan. Men esa bu borada sendan foydalanaman, senga shogird hisoblanaman. Shogird ustozidan pastroqda, oldida o‘tirishi odobdandir ” dedilar”.

 

Honiy Hojining “Solihlar va solihalar, zohidlar va zohidalar hayotidan ming bir qissa” kitobidan Nozimjon Iminjonov tarjimasi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Yahudiy va Avf ibn Molik qissasi

26.12.2024   6157   4 min.
Yahudiy va Avf ibn Molik qissasi

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Imom Bayhaqiy, Abu Ubayd va Ibn Asokirlar Suvayd ibn G‘afla roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar:

«Umar roziyallohu anhu Shomga kelganida ahli kitoblardan biri: «Ey mo‘minlarning amiri! Mo‘minlardan biri meni o‘zing ko‘rib turgan holga soldi», dedi. U kaltaklangan, boshi yorilgan holda edi. Umar roziyallohu anhu qattiq g‘azablandi va Suhayb roziyallohu anhuga:

«Bor, qara-chi, buning sohibi kim ekan?» dedi.

Suhayb roziyallohu anhu borib qarasa, u Avf ibn Molik roziyallohu anhu ekan.

Suhayb unga: «Mo‘minlarning amiri sendan qattiq g‘azablandi. Muoz ibn Jabal roziyallohu anhuning oldiga bor, u zot bilan gaplashsin. Umar shoshilib, seni bir narsa qilib qo‘yadimi, degan xavfdaman», dedi.

Umar roziyallohu anhu namozni o‘qib bo‘lib:

«Suhayb qani?! U odamni keltirdingmi?!» dedi.

«Ha», dedi Suhayb.

Avf Muozning oldiga borib, bo‘lgan voqeani aytib bergan edi, bas, Muoz o‘rnidan turib:

«Ey mo‘minlarning amiri! U Avf ibn Molik ekan. Uning gapini eshitib ko‘ring. Shoshilib, uni bir narsa qilib qo‘ymang», dedi. Umar unga:

«Sening bu bilan nima ishing bor?!» dedi.

«Ey mo‘minlarning amiri, qarasam, bu bir muslima ayolning eshagini yetaklab ketayotgan ekan. Eshak sakrab, ayolni yiqitib yuboray debdi. Lekin ayol yiqilmabdi. Manavi bo‘lsa, uni turtib yiqitib, o‘zini ayolning ustiga otdi», dedi Avf.

Umar unga: «Menga ayolni olib kel, aytganingni tasdiqlasin», dedi.

Avf ayolning oldiga bordi. Ayolning otasi bilan eri: «Nima qilib qo‘yding?! Bizning sohibamizni sharmanda qilding-ku!» dedilar.

Biroq ayol: «Allohga qasamki, u bilan boraman!» dedi.

Otasi bilan eri: «Biz borib, sening nomingdan gapiramiz», dedilar va Umar roziyallohu anhuning huzuriga kelib, Avf aytgan gaplarga o‘xshash gap aytdilar.

Bas, Umar amr qildi. Yahudiy osildi.

So‘ngra Umar: «Biz sizlar bilan bunga sulh qilganimiz yo‘q. Ey odamlar! Muhammadning zimmasi haqida Allohdan qo‘rqinglar! Ulardan kim bu ishni qilsa, unga zimma yo‘q!» dedi.

Suvayd: «O‘sha men ko‘rgan yahudiy Islomda birinchi osilgan odam edi», dedi».

Bu hodisada Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning siyosat yoki tashviqot uchun emas, balki adolat uchun ish olib borishlari yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Mazkur yahudiy qilar ishni qilib qo‘yib, makkorligini ishga solgan edi. U: «Musulmonlarning xalifasi kelib turibdi, hozir siyosat nozik paytda unga arz qilsam, siyosat uchun mening tarafimni oladi», deb o‘ylagan edi.

Darhaqiqat, ish avvaliga, sirtdan qaraganda yahudiy o‘ylaganicha boshlandi. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu katta sahobiy Avf ibn Molik roziyallohu anhuning obro‘siga e’tibor qilmay, ishning haqiqatini surishtira boshladilar. U kishidan boshqa odam bo‘lganida bir yahudiyni deb, o‘zimizning obro‘li odamni xijolat qilmaylik, degan mulohazaga borishi mumkin edi. Ammo hazrati Umar roziyallohu anhuning tabiatlarida va u kishi ko‘rgan tarbiyada bunday mulohaza bo‘lishi mumkin emas edi.

U kishidan boshqa odam bo‘lganida siyosat uchun, nohaqdan bo‘lsa ham ularning yonini olishi mumkin edi. Ammo hazrati Umar roziyallohu anhu bunday qilishlari mumkin emas edi. U kishi ayb­dor kim bo‘lishidan qat’i nazar, uning aybiga yarasha jazosini berish tarbiyasini olganlar. Va shunday qildilar ham.

«Hadis va hayot» kitobining 23-juzidan olindi