Ilm o‘rganishga intilish har bir mo‘min-musulmon zimmasidagi buyuk farzdir.
Qur’oni karimning ilk oyati “O‘qi” amri bilan nozil bo‘lgan. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Beshikdan qabrgacha ilm izla, ilmni Chin mamlakatidan bo‘lsa ham o‘rganinglar”, deb ta’lim berganlar.
Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi: “Alloh sizlardan iymon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko‘tarur. Alloh taolo qilayotgan (barcha yaxshi va yomon) amallaringizdan xabardordir”. (Mujodala surasi, 11-oyat).
Muoviya ibn Abu So‘fyon raziyallohu anhu rivoyat qilinadi: Rasululloh sallolohu alayhi vassallam dedilar: “Alloh kimga yaxshilikni iroda etsa, uni din ishlarida faqih qilib qo‘yadi” deganlarini eshitdim, dedilar.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ilm haqida yana bunday majoziy o‘xshatish so‘z gapirganlar: “Iymon yalong‘och bir narsa bo‘lsa, uning libosi taqvo, ziynati hayo, mevasi ilmdir”.
Luqmoni xakim o‘g‘liga bunday nasihat qilgan ekan: “Ey o‘g‘lim, olimlar bilan o‘tir, ular orasiga kir, chunki Alloh yerni osmon suvi bilan tiriltirgani kabi qalblarni ham ilmu hikmat nuri bilan tiriltiradi”.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunday marhamat qildilar: “Darhaqiqat, Alloh, Uning maloikalari osmon va yer ahllari, hatto inidagi chumoli va dengizdagi baliqlar ham odamlarga yaxshilik o‘rgatuvchi olimlarga mag‘firat so‘rab duo qilishadi”. (Imom Termiziy rivoyat qilgan).
Abu Homid G‘azzoliy shunday deganlar: “Ilm ko‘r qalb ko‘zini ochuvchi, qorong‘u-zulmatdan nur bag‘ishlovchi va zaif bandalarga kuch-quvvatdir, ilm bilan banda abrorlar darajasiga ko‘tariladi, oliy martabalarga yetishadi”.
Alloh taolo barchamizni man’fatli ilm olishni, ilm tufayli O‘zini jamolini ko‘rishni nasib qilsin!
“Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi
Oybek Ma’rupov
Ikkita bir-biriga o‘xshash oyat, lekin Alloh taolo ularni ikki xil xulosa bilan yakunlagan:
وَإِن تَعُدُّوا نِعْمَتَ اللَّهِ لَا تُحْصُوهَا إِنَّ الْإِنسَانَ لَظَلُومٌ كَفَّارٌ (34)
"Va agar Allohning ne’matlarini sanashga urinsangiz, ularni sanab tugata olmaysiz. Albatta, inson zulmkor va noshukrdir" (Ibrohim surasi, 34-oyat).
وَإِن تَعُدُّوا نِعْمَةَ اللَّهِ لَا تُحْصُوهَا إِنَّ اللَّهَ لَغَفُورٌ رَّحِيمٌ (18)
"Va agar Allohning ne’matlarini sanashga urinsangiz, ularni sanab tugata olmaysiz. Albatta, Alloh mag‘firatli va marhamatlidir" (Nahl surasi, 18-oyat).
Birinchi oyatda: Insonning Allohga munosabati bilan tugatilgan!
Ikkinchi oyatda: Allohning bandaga munosabati bilan tugatilgan!
Alloh taolo naqadar buyuk Zot! Inson esa naqadar ojiz va nodon mavjudot.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV