Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Iyul, 2025   |   30 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:35
Quyosh
05:12
Peshin
12:35
Asr
17:36
Shom
19:51
Xufton
21:20
Bismillah
25 Iyul, 2025, 30 Muharram, 1447

Buni qila olasiz

05.12.2018   3645   3 min.
Buni qila olasiz

Yurtimizga qish fasli kelib, havo soviy boshlashi bilan xonadonlarni istitish masalasi o‘rtaga chiqadi.

Hammaning fikri-yodi qishdan eson-omon chiqib olish, shamollamaslik, sovuq qotmaslik bo‘lib qoladi.

Ayniqsa, keksa otaxonu onaxonlar, chaqaloqlar istiqomat qiladigan xonadonlarda bu narsa ancha muhim hisoblanadi.

Qarang, do‘stim, yon qo‘shningiz uyini isitish borasida qo‘li kaltalik qilyapti. Uyida gazi yo‘q. O‘tin yoqib isitiladigan pechkasiga esa o‘tin kerak. O‘tin olishga moddiy imkoniyati yetmaydi. Uning ustiga yosh bolasi ham bor. Sovuq uyda qiynalib o‘tirishibdi. Sizda esa bir mashina yoki bir arava o‘tin olib berishga mablag‘ingiz bor. Faqat sizda o‘sha o‘tinni olib berishga xohish, himmat bo‘lsa bas.

Agar shu masalada yordam bersangiz, qo‘shningiz issiq uyda o‘tiradi. Chaqalog‘i shamollamaydi. Bolalari xursand bo‘ladi. Haqqingizga xonadon ahli duo qilishadi. Bilasizmi, issiq uyda o‘ynab o‘tirgan bolakayning yuzidagi tabassumi, minnatdorligi, ko‘zlaridagi quvonchi sizning ko‘p ajru savob olishingizga sabab bo‘ladi.

Hadisi shariflardan birida “Farz amallardan keyin Alloh taologa eng mahbub amal musulmonning qalbiga xursandchilik kiritishdir” deyilgan.

Tasavvur qilyapsizmi, siz farz amallardan keyingi o‘rinda turuvchi eng buyuk ishni, Alloh taologa yoqadigan ishni amalga oshirgan bo‘lasiz.

Alloh taolo mo‘min bandasining qalbini shodlikka to‘ldirgan kishini quruq qo‘ymaydi.    

Yana bir hadisda “Modomiki banda birodariga yordam berish harakatida yurar ekan, Alloh taolo ham o‘sha bandasiga yordam beradi” deyilgan.

Ha, Alloh taolo sizga yordam beradi. Chunki siz qo‘shningizning og‘irini yengil qilishga, uyini issiqlik va nurga to‘ldirishga urinyapsiz.

Bir holatni tasavvur qilib ko‘ring: siz issiq uyingizda o‘tiribsiz, shu uyda uxlamoqchisiz, ammo yon qo‘shningiz sovuq uyda qaltirab o‘tiribdi, bechora charchagan bo‘lsa ham sovuqning ta’sirida uxlolmayapti. Shunday vaziyatda sizning ko‘zingizga uyqu keladimi?! Kelmaydi, to‘g‘rimi? Axir siz Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning “Yon qo‘shnisi ochligini bila turib, qorni to‘q holda tunagan kishi menga iymon keltirmabdi” degan hadislarini yaxshi bilganingiz uchun qo‘shningiz och bo‘la turib o‘zingiz to‘q holda, qo‘shningizning uyi sovuq bo‘la turib, siz issiq uyda bemalol uxlolmaysiz. Bunga vijdoningiz yo‘l qo‘ymaydi.

O‘tmishda o‘tgan solih insonlar qo‘shnilaridan xabar olib, ularning hojatlarini ravo qilishga shoshardilar.

Qadrdonim! Biz bir dindosh birodarimiz, qo‘shnimizning ko‘nglini ko‘tara olamiz. Bu ish qo‘limizdan keladi. Qish kunlarida qo‘limizdan kelganicha shu ishlarni bajarib, ulkan savoblarni qo‘lga kiritish payidan bo‘laylik!

Alloh taolo barchamizni qo‘shnisiga yaxshilik qiladiganlardan aylasin!

 

 

Nozimjon Iminjonov

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Jarohatiga suv zarar qiladigan kishining g‘usli

07.07.2025   6592   1 min.
Jarohatiga suv zarar qiladigan kishining g‘usli

Savol: Men qorin tarafdan operatsiya bo‘ldim va qornimning 25 sm joyi tikildi va bint qo‘yilgan. Doktorlar suv teksa yiringlaydi umuman suv tegmasin deyishdi. Ehtilom bo‘lib qolsam yo ayolim bilan qo‘shilsam, qanday g‘usl qilaman? Hamma yerimga suv tekkizib, bint turgan joyiga mas'h tortsam g‘uslim o‘tadimi?

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ha, siz aytgan ko‘rinishda g‘uslingiz durust bo‘ladi. Islom dinining asosiy tamoyillaridan biri zararni daf qilishdir. Shuning uchun ibodatlarda bu narsaga alohida e’tibor berilgan. Jumladan, tahorat va g‘usl qiluvchiga suv holatni og‘irlashtiradigan o‘rinlarda tayammum qilishga ruxsat berilgan. Bunda qoida shuki, badanining aksar qismiga suv tekkizish bemorlikka sabab bo‘lsa yoki kasallikni tuzalishini ortga surib yuboradigan bo‘lsa, shunda g‘usl qilmasdan tayammum qilinadi. Shuning uchun badanning yarmidan ko‘proq qismiga suv ishlatish imkoni bo‘lsa, o‘sha joylar to‘liq yuviladi, qolgan qismiga mas'h tortiladi. Vallohu a’lam!

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.