BAAning Abu Dabi shahrida 2 dekabr kuni Shayx Zayid nomidagi Abu Dabi madaniy meroslar festivali boshlandi. Festivalda eng kombinatsiyalashgan o‘zbek paviloniga tashrif buyurgan turistlar soni ko‘pchilikni tashkil etmoqda.
Festivaldagi O‘zbek paviloni Registon maydoni shaklida qurilgan. Yon-atrofidagi hujralarda hunarmandchilik, naqsh o‘ymakorligi, gilamdo‘zlik, so‘zana tikish san’ati kabi o‘zbek milliy madaniy meroslari ekspozitsiyalari, miniatyura rassomlari o‘rin egallagan. Turistlar o‘zbek amaliy san’ati namunalarini qiziqish bilan tomosha qilishmoqda.
Festivalning ochilish marosimida sozandalar o‘zbek milliy cholg‘ulari: karnay, surnay, doira va nog‘ora bilan musiqiy kompozitsiyalarni ijro etishdi. Tashrif buyuruvchilar o‘zbek maqomchilari ijrosida “Tanovar”ni tinglashdi.
Pavilonda o‘zbek oshxonasi, meva va sabzavot mahsulotlari ham namoyish qilindi.
“Abu Dabi festivalidagi pavilonlar 2018 yil Shahrisabzda o‘tkazilgan Xalqaro maqom san’ati forumidagi har bir viloyat uchun alohida tiklangan pavilonlarni yodga soladi, – deydi o‘zbek delegatsiyasi vakillaridan biri Sardor Babayev. – Maqom festivalida 14 ta pavilon 14 ta hududning o‘ziga xos madaniyati, san’ati va an’analarini namoyon etgan bo‘lsa, Abu Dabi festivalida o‘sha pavilonlar yaxlit bir holda, O‘zbekiston madaniyati va san’atini dunyoga tanishtirmoqda”. Madaniy meroslar festivali 26 yanvargacha davom etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
“IQNA” saytining “Maspero” nashriga tayanib xabar berishicha, Misr milliy matbuot tashkiloti rahbari, yozuvchi Ahmad al-Muslimaniy Misrdagi taniqli qorilarining fotosuratlari, qo‘lyozmalari, shartnomalari, yozib olingan qiroatlari va ularga tegishli bo‘lgan ashyolarni o‘z ichiga olgan “Qur’on qorilari muzeyi” tashkil etilishini ma’lum qildi. Uning aytishicha, muzey Qur’oni karim radio tarmog‘iga aloqador bo‘lib, unga “Maspero” radio va televideniye binosida maxsus joy ajratilgan.
Al-Muslimaniyning so‘zlariga ko‘ra, muzeyga eng ko‘zga ko‘ringan nufuzli Qur’on karim qorilarining oilalari bilan yangi muzey uchun qorilarga tegishli ashyolarni yig‘ish uchun munosabatlar o‘rnatilgan. Muzey taqdim etilgan ashyolar ko‘rgazmaga qo‘yilganidan keyin tartibga keltiriladi va ommaga tashkillashtirilgan tashriflar uchun faoliyatini boshlaydi.
Ilyosxon Ahmedov tayyorladi