Sayt test holatida ishlamoqda!
16 Iyul, 2025   |   21 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:24
Quyosh
05:04
Peshin
12:34
Asr
17:40
Shom
19:58
Xufton
21:31
Bismillah
16 Iyul, 2025, 21 Muharram, 1447

“Vaqf: mohiyati va ijtimoiy ahamiyati” mavzusida videoseminar o‘tkazildi

04.12.2018   3984   2 min.
“Vaqf: mohiyati va ijtimoiy ahamiyati” mavzusida  videoseminar o‘tkazildi

Bugun, 4 dekabr kuni “Vaqf: mohiyati va ijtimoiy ahamiyati” mavzusida diniy soha xodimlari ishtirokida videoseminar o‘tkazildi. Tadbir avvalida Qur’oni karim oyatlaridan o‘qilib, xayrli duolar qilindi.
Seminarda “Vaqf” tushunchasi, istilohiy ma’nolari, vaqf mulklari yuzaga kelishi tarixi va vaqf mulklarining shar’iy hukmlari hamda “Vaqf” xayriya jamoat fondi faoliyatini targ‘ib etish bo‘yicha ma’ruzalar tinglandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari Islom dinida insonlarni doimo mehr-muruvvatli bo‘lishga chaqirilgani, xayru saxovat yoyilgan yurt obod bo‘lishi, qaysi jamiyatda odamlarning qo‘li ochiq bo‘lsa, bunday jamiyat ravnaq topishi, muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan tashkil etilgan “Vaqf” fondi oldida ham mana shunday maqsadlar turganini ta’kidladilar. Muftiy hazratlari vaqf tushunchasini keng yoyish va Fond faoliyatini keng targ‘ib etish borasida diniy soha xodimlari oldida turgan vazifalarni birma-bir sanab berdilar.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Muzaffar Komilov so‘zga chiqib, “Vaqf” fondining mazmun-mohiyatini keng xalq ommasiga to‘liqroq tushuntirish, Fondning rivoj topishiga barcha o‘z hissasini qo‘shishi, infokioskalar faoliyatini kengaytirish va mo‘tabar manbalarda keltirilgan vaqf bobidagi masalalarni bayon qilishga katta e’tibor qaratish zarurligini alohida qayd etdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Shayx Abdulaziz Mansur hazratlari chamasi 100 yil avval diyorimizda vaqf mulklari amalda bo‘lgani, ota-bobolarimiz bunday mulklarni tasarruf etishgani,  bugungi kunda ushbu qadriyat yana qayta tiklangani, bu borada xalqimizga oddiy shaklda ma’lumotlar tarqatish zarurligini taklif etdi. Fatvo bo‘limi mudiri X.Ishmatbekov Islom dinida vaqfga oid hukmlarni bayon qildi. “Vaqf” fondi rahbari Iskandar Xalilov o‘tgan davr mobaynida qilingan xayriya ishlari va kelgusidagi rejalar haqida gapirdi. Toshkent shahri Yunusobod tumani bosh imom-xatibi Rahmatulloh Sayfuddinov vaqf atamasining mazmun-mohiyatini kengroq tushunish kerakligi va Fondning imkoniyatlarini to‘la ishga solish zarurligini bildirdi.
Seminarda Buxoro viloyati bosh imom-xatibi Jobir Elov, Namangan viloyati bosh imom-xatibi Abdulhay Tursunov, Mir Arab oliy madrasasi rektori Haydarxon Yuldashxodjayev, Toshkent shahridagi “Burhoniddin Marg‘iloniy” jome masjidi imom-xatibi Abdulxamid Tursunov o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar. Seminar yakunida “Vaqf” xayriya jamoat fondi faoliyati, bugungi kungacha amalga oshirilgan xayriya ishlari, tadbirlar va loyihalarning amaliy ifodasi aks ettirilgan videorolik namoyish etildi.
O‘qilgan ma’ruzalar haqida saytimizda ma’lumot berib boramiz.


O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Maktub

14.07.2025   2522   3 min.
Maktub

Bir ota uzoq shaharga safar qildi. Ayoli va uch farzandi esa vatanda qolishdi. Bolalari uni juda yaxshi ko‘rishar va hurmat qilishar edi.

Otalari ularga birinchi maktubni yubordi. Lekin ular uni o‘qish uchun ochmadilar, balki har birlari maktubni peshonalariga surtib: “Bu buyuk habibimizdandir”, dedilar. Ushbu xatning ko‘rinishiga nazar qilib, uni chiroyli qutiga solib qo‘yishdi. Bolalar boshqa paytlarda maktubning changini artish uchun olishar va yana joyiga qo‘yib qo‘yishardi. Otalari oilasiga yuborgan hamma xatlarni shunday qilishdi.

Yillar o‘tdi. Ota uyga qaytdi. Lekin ulardan birgina farzand qolgandi. Ota undan so‘radi:

– Onang qayerda?

O‘g‘il dedi:

– Ular qattiq kasal bo‘ldilar. Bizda onamni davolash uchun mablag‘ topilmadi va vafot etdilar.

Ota dedi:

– Birinchi maktubimni ochmadingizmi?! Men sizlarga katta mablag‘ yuborgan edim-ku!

O‘g‘il dedi:

– Yo‘q!

Ota yana so‘radi:

– Ukang qayerda?

O‘g‘il dedi:

– Siz uning ba’zi o‘rtoqlarini tanirdingiz. Onamning o‘limidan keyin unga nasihat qiladigan va uni to‘g‘ri yo‘lga soladigan kimsa topilmadi. U do‘stlari bilan ketdi.

Ota hayratlanib dedi:

– Nima uchun?! Yomon o‘rtoqlarini tark qilib, mening oldimga kelishini yozgan maktubimni o‘qimadingizmi?

O‘g‘il javoban:

– Yo‘q, – dedi.

Ota dedi:

– La havla va la quvvata illa billah. Opang qayerda?

O‘g‘il dedi:

– Turmushga chiqish uchun maslahat so‘ragan haligi yigit bilan nikohlandi va u hozir baxtsiz yashayapti.

Ota darg‘azab bo‘lib dedi:

– Sizlarga bu yigitning obro‘si, xulqi yomonligi va bu to‘yga noroziligim haqida yozgan xatimni o‘qimadingizmi?

O‘g‘il dedi:

– Yo‘q! Biz xatlaringizni bir chiroyli qutida saqladik. Doim uni ziynatladik, peshonamizga surtdik, lekin o‘qimadik.

 

Bu oilaning ahvoli, uning birligi qanday tarqalib ketgani, otaning maktubini o‘qimay, undan manfaat olmay, balki uni muqaddaslab, unda yozilganlarga amal qilmay, hayotlarini qiyinlashtirganliklari haqida tafakkur qildim. So‘ng stol ustidagi chiroyli qutiga solib qo‘yilgan Qur’oni Karimga nazar soldim... Sho‘rim qurisin!

Albatta, men Allohning Maktubiga anavi bolalar otalarining xatlariga muomala qilganlari kabi munosabatda bo‘lyapman. Men Mus'hafni stolim ustiga qo‘yganman-u, lekin uni o‘qimayman, undagi narsalardan foydalanmayman ham. Axir, u butun hayotimning dasturi-ku!

Robbimga istig‘for aytdim. Mus'hafni ochdim va hech qachon uni tark etmaslikka qaror qildim. 

Arab tilidan Ziyoda Mirahmatova tarjimasi
Ibratli hikoyalar