Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Iyul, 2025   |   27 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:31
Quyosh
05:09
Peshin
12:35
Asr
17:37
Shom
19:54
Xufton
21:24
Bismillah
22 Iyul, 2025, 27 Muharram, 1447

Jaholatdan saqlaning!

03.12.2018   4405   7 min.
Jaholatdan saqlaning!

Jaholat, johillik arab tili lug‘atida “bilimsizlik”, “nodonlik”   degan ma’noni anglatadi.

Istelohda esa johillik degani “Bir narsani o‘z asliyyatiga zid o‘laroq e’tiqod qilishdir”.

Jaholat zulmatdir. Jaholat o‘z sohibini halokatga olib boradi.

Johil kishi hech narsani bilmaydi, shu bilan birga bilmasligini ham bilmaydi. Bu toifa kishilardan ehtiyot bo‘lib yurish lozim. Shuning uchun Nabiy sallollohu alayhi vasallam: “Yo Alloh, bizga haqni haq deb bildirgin, bizni unga ergashishlik bilan rizqlantirgin. Bizga botilni botil deb bildirgin, bizga undan uzoqlashishni rizq qilib bergin” deb duo qilardilar. Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallam bejizga bunday duo qilmaganlar. Chunki johillik insonni oxiri berk ko‘chaga yetaklaydi.

عن حذيفة هو: كان الناس يسألون رسول الله صلى الله عليه وسلم عن الخير وكنت أسأله عن الشر مخافة أن يدركني،

رواه البجاي

Huzayfa roziyallohu anhu aytadilar: “Odamlar Rasululloh sallollohu alayhi vasallamdan yaxshilik haqida so‘rardilar. Men esa yomonlik haqida so‘rardim. Chunki men (o‘zim bilib bilmasdan) yomon ishlarni qilib qo‘yishdan qo‘rqardim”. Imom Buxoriy rivoyat qilgan. 

Insonni johillik kabi badnom qiladigan boshqa biror illat yo‘q. Jaholat insonning ashaddiy dushmanidir. Johil kishi bilimsizligi sababli o‘ziga dushmanidanda ko‘ra ko‘proq zarar yetkazadi. Alloh taolo bandalariga fikrlash doirasini in’om etgan. Inson ilm o‘rgansa, insoniyligini saqlab qoladi. Mabodo buning aksini qilsa, insoniylik darajasidan qulaydi.

Johillikning o‘ziga xos istelohlari bor:

  1. Mutloq johil. Hech narsani bilmaydigan kishiga nisbatan ishlatiladi.
  2. Murakkab johil. Bir narsa borasida noto‘g‘ri tushunchaga ega kishiga nisbatan ishlatiladi.
  3. Befarq johil. Bu toifadagi kishilar o‘ziga zararli bo‘lgan ishni qilishdan tab tortmaydilar.
  4. Johillikni kasb qiluvchi. Bu toifadagi kishilar qilayotgan ishi noto‘g‘riligini bilsa ham haqqa bosh egmay, qilayotgan ishida davom etadilar.

Qur’oni karimda johillikni mazammat qiluvchi bir necha oyatlar nozil bo‘lgan.

Alloh taolo Nahl surasi 119-oyatida shunday marhamat qiladi:

ثُمَّ إِنَّ رَبَّكَ لِلَّذِينَ عَمِلُواْ السُّوءَ بِجَهَالَةٍ ثُمَّ تَابُواْ مِن بَعْدِ ذَلِكَ وَأَصْلَحُواْ إِنَّ رَبَّكَ مِن بَعْدِهَا لَغَفُورٌ رَّحِيمٌ

“So‘ngra (biling-ki), albatta Parvardigoringiz, bilmagan holda yomonlik gunoh qilib qo‘yib, keyin tavba qilgan va o‘zlarini tuzatgan kishilar uchun, shak-shubhasiz, o‘sha (tavba-tazarrularidan) so‘ng Parvardigoringiz (ularni) mag‘firat qilguvchi, mehribondir”.

Alloh taolo ushbu oyati karimada “bilmagan holda yomonlik - gunoh qilib qo‘yib” deb marhamat qilmoqda. Demak bandaning biror narsani bilmasligi uni gunoh qilishga olib boradi va u bilmasligi sababli javobgarlikdan ozod bo‘lmaydi. Bundan barcha odamlar ehtiyot bo‘lib yashamoqlari darkor.

Yana Hujurot surasining 6-oyatida shunday marhamat qilinadi:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا إِن جَاءَكُمْ فَاسِقٌ بِنَبَإٍ فَتَبَيَّنُوا أَن تُصِيبُوا قَوْمًا بِجَهَالَةٍ فَتُصْبِحُوا عَلَىٰ مَا فَعَلْتُمْ نَادِمِينَ

“Ey muminlar, agar sizlarga bir fosiq kimsa biron xabar keltirsa, sizlar (haqiqiy ahvolni) bilmagan holingizda, biron qavmga musibat yetkazib qo‘yib, qilgan ishlaringizga afsus-nadomat chekib qolmasliklaringiz uchun (u fosiq kimsa olib kelgan xabarni) aniqlab-tekshirib ko‘ringlar!”

Oyati karimada Alloh taolo fosiq kishi xabar keltiradigan bo‘lsa uni yaxshilab aniqlab, xabarni sobitligini tekshirib ko‘rishga buyurmoqda. Chunki biror xabarni yaxshilab o‘rganmay turib hukm chiqarish odatda afsus-nadomat qiladigan ishlarga sabab bo‘ladi. Shu sababdan ham biz hozirgi axborot va texnologiyalar almashinuvi juda tez sur’atda rivojlanayotgan davrda yashayotgan musulmonlar o‘zimizga kelayotgan xabarlarni yaxshilab aniqlab, shunga ko‘ra xulosa chiqarmoqligimiz lozim va lobuddir.

Johillikning yomon xislat ekanligi borasida ko‘plab hadislar va ulamolarning gaplari rivoyat qilingan. Ulardan ba’zilarini quyida keltiramiz.

Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Payg‘ambar sallollohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Qiyomat qoim bo‘lish arafasida ilm ko‘tarilib, johillik tushadigan kunlar bo‘ladi” (Ibn Moja rivoyati).

Ushbu hadisda johillik qiyomat alomatlaridan biri ekanligi aytilmoqda. Qiyomat kuni alomatlari haqidagi boshqa hadislarni o‘rganadigan bo‘lsak, o‘sha alomatlarning aksariyati salbiy xususiyatga ega bo‘lgan narsalar ekanligini ko‘rishimiz mumkin. Demak bundan bilinadiki johillik ham salbiy sifat hisoblanadi.

Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Albatta Alloh taolo bandalardan ilmni tortib olib qo‘ymaydi. Lekin ilmni olimlarni qabz qilish bilan olib qo‘yadi. Hatto biror olim qolmagach, insonlar johil raislarni boshliq qilib oladilar. Ular ilmsiz fatvo berishadi. O‘zlari ham adashadi, boshqalarni ham adashtirishadi” (Imom Buxoriy rivoyati).

Johillikning oldini olishda ulamolarning xizmatlari beqiyos. Shuning uchun ham ushbu hadisda ulamolarning vafoti bilan ilm ham ko‘tarilishi insonlar ogohlantirilmoqda. Demak hadisdan olinadigan xulosa shuki, hamma zamon va makonda ulamolar hurmat-ehtiromda bo‘lmoqliklari.

Abdurrohman Jomiy hazratlari olimlar borasida shunday deganlar:

Dunyoda bo‘lmasa muallim agar,

Hayot ham bo‘lmasdi go‘zal bu qadar.

Ummu Salama roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: Rasululloh sallollohu alayhi vasallam doimo uyimdan chiqqanlarida osmonga qarab, shunday duo qilardilar: “Yo Alloh, sendan adashishimdan va adashtirilishimdan, yo‘ldan  toyilishimdan va toydirilishimdan, zulm qilishimdan yoki zulm qilinishimdan va johillik qilishdan va menga ham nisbatan johillik qilinishidan panoh so‘rayman”. (Abu Dovud, Termiziy va Ahmad rivoyati)

Ko‘rib turibsizki, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari ham johillikdan panoh so‘ramoqdalar. Shunday ekan siz bilan bizga o‘xshash oddiy insonlarning bu illatdan panoh so‘rashlari zarur ekani ma’lum bo‘lmoqda.

Olimlardan biri shunday degan ekan: “Olim bo‘l yoki o‘quvchi bo‘l, ammo ular o‘rtasidagi kishi bo‘lma. Chunki ular o‘rtasidagi kishi johildir”.

Yana bir rivoyatda: “Johillikning alomati uchtadir: o‘zidan ajablanishi, bema’ni gaplarni ko‘p gapirishi va o‘zi qilib turgan ishdan qaytarishi” deyilgan.

Alloh taolo barchamizni ilmsiz holda O‘ziga nisabatan noto‘g‘ri e’tiqod qilib qo‘yishimizdan, birovga nisbatan johillik qilishdan va yo‘ldan toyilishdan asrasin. 

 

Z. Mirsodiqov,

“Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurti mudiri 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

“Subhanalloh” nima degani?

21.07.2025   4611   1 min.
“Subhanalloh” nima degani?

حدثنا أبو جعفر محمد بن علي الوراق نا عبيد الله بن محمد أبو محمد القرشي التيمي نا عبد الرحمن بن حماد نا حفص بن سليمان أنا طلحة بن يحيى بن طلحة عن أبيه عن طلحة بن عبيد الله قال: سألت رسول الله صلى الله عليه وعلى آله وسلم عن تفسير سبحان الله قال: فقال: هو تنزيه الله عن كل سوء.

 

Talha ibn Ubaydulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va ’alaa olihi vasallamdan “Subhanalloh”ning tafsiri haqida so‘radim. U zot alayhissalom: “U Alloh taoloni har qanday nopoklikdan poklashdir”, dedilar”.

Abu Said Haysam ibn Kulayb Shoshiyning
“Musnadi Shoshiy” asaridan
Davron NURMUHAMMAD