2009 yildan buyon Birlashgan Arab Amirliklarida o‘tkazib kelinayotgan, mamlakat asoschisi Shayx Zayid nomidagi Abu Dabi madaniy meroslar festivalida ilk bor taqdim etiladigan O‘zbekiston paviloni eng katta kompozitsiya bo‘lishi kutilmoqda. Bu haqda "Turon24" ma’lum qildi.
Festival doirasidagi O‘zbekiston paviloni ulkan Registon maydoni shaklida qurilib, yon atrofidagi hujralarda hunarmandchilik, naqsh o‘ymakorligi, gilamdo‘zlik, so‘zana tikish san’ati kabi o‘zbek milliy madaniy meroslari ekspozitsiyalari va amaliy san’at yaralishini namoyish qiluvchi miniatyura asarlari o‘rin egallaydi. O‘zbek milliy madaniy paviloni markazida esa katta qozonda 10 ming kishilik osh pishirilishi ko‘zda tutilgan. Festival mehmonlari o‘zbek milliy raqslari lazgi,tanovar va munojot, maqom va baxshilar kuylari, doirachi va dutorchilar san’atidan bahramand bo‘lishlari mumkin. Milliy hunarmandlar va oshpazlar tomonidan master klasslar tashkil etilib, o‘zbek milliy liboslari ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, festival davomida tashrif buyuruvchilar va nufuzli mehmonlar uchun “O‘zbegim” va “Maqom” kitob albomlarining rasmiy taqdimot marosimi o‘tkazilishi ham ko‘zda tutilgan.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 2 dekabrida boshlangan Abu Dabi festivali amirliklarni birlashtirgan Shayx Zayid nomi bilan ataladi. Har yili BAAning asos solingan kuni arafasida bo‘lib o‘tadigan festivaldan ko‘zlangan maqsad – turli millat madaniy meroslarini bir biriga va dunyoga tanitish uchun ko‘prik sifatida xizmat qilishdir. Nufuzli milliy madaniy va zamonaviy san’at festivaliga o‘tgan yili qariyb yarim million odam tashrif buyurgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Shu yil 13-16 yanvar kunlari Ikki muqaddas masjid xodimi, Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saud shafe’ligida o‘tkazilayotgan Haj anjumanida O‘zbekiston delegatsiyasi faol ishtirok etmoqda.
Jidda shahrida bo‘lib o‘tayotgan konferensiya-ko‘rgazmada 100 ga yaqin davlatdan vazirlar, muftiylar, olimlar, fan doktorlari, akademiklar, ekspertlar, tadqiqotchilar, diplomatlar hamda haj tadbirlarini tashkil etishga mutasaddi idora va kompaniyalar qatnashmoqda.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev va muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshchiliklaridagi O‘zbekiston delegatsiyasi “Haj – 2025” mavsumini yuqori darajada tashkil etish maqsadida, anjuman doirasida Saudiya Arabistonidagi vazirliklar, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar va soha mutaxassislari bilan muzokaralar o‘tkazib, atroflicha o‘rganishlar va qiyosiy tahlillar olib bormoqda.
Shuningdek, haj mavsumiga tayyorgarlik ishlari va yangi tartib-qoidalar to‘g‘risida ma’lumotlarga ega bo‘linmoqda. O‘z navbatida, O‘zbekiston hukumati tomonidan amalga oshirlayotgan haj va umra safarlari yo‘nalishidagi tashkiliy-huquqiy asoslar va raqamlashtirish jarayonlari haqida ma’lumotlar taqdim etilmoqda.
Haj va umra vazirligi tomonidan o‘tkazilayotgan konferensiya doirasidagi sho‘balar, haj suhbatlari, ekspertlar tavsiyalari, turli soha mutaxassislari seminar-treninglari, xorijiy delegatlar bilan tajriba almashish va zamonaviy xizmatlar taqdimotlari foydali bo‘lmoqda.
Ma’lumot uchun, Haj konferensiyasi to‘rtinchi marta yirik masshtabda bo‘lib o‘tmoqda. Innovatsion dasturlar, ilg‘or tashabbuslar, tajriba almashish, haj safarini yuqori saviyada o‘tkazishga oid bilimlarni oshirish va muborak ziyoratlarni chiroyli bajarish uchun mustahkam poydevor hozirlashi bilan ushbu tadbir ulkan muvaffaqiyatlarga erishadi. Eng yirik ko‘rgazma esa tomonlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada ravnaq toptirish orqali xizmatlar sifatini oshirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati