Bugungi kunda mamlakatimiz rahbarining kechirimlilik siyosati natijasi o‘laroq turli diniy ekstremistik oqimlarga adashib kirib qolgan va hozirda o‘z aybini tushunib yetgan holda Prezidentimiz avfi bilan oilasi bag‘riga qaytarilgan fuqarolarni ijtimoiy moslashuvi masalasi muhim omilga aylandi. Ularni jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashishda barcha mutasaddilar o‘z ko‘magini ko‘rsatmoqda. Biroq bir necha yildan buyon Haj ziyoratini ado etish uchun navbatda turgan fuqarolarning ko‘makka muxtoj kishilar taqdiriga qarab turmay yordam berishlari tahsinga sazovor. Shunday ko‘mak 7 yil ozodlikdan mahrum etilgan Sherzodbekka ko‘rsatildi.
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetidagi o‘qishidan ajralgan, bir kasbning boshini ham tuta olmagan talaba, adashib diniy oqimlarga qo‘shilib qolgan. O‘zbekistonning nufuzli universitetida tahsil olgan va keyinchalik ozodlikdan mahrum etilgan Sherzodbek Toshkent shahar hokimligining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘limi tavsiyasi va yordami bilan o‘qishi tiklandi.
O‘zA nashrining ma’lum qilishicha, uning 22 million so‘m miqdoridagi shartnoma pulini Haj safariga bir necha yillardan buyon navbat kutayotgan keksa yoshli fuqarolarimizdan biri to‘lab berdi. Natijada Sherzod o‘z sevgan yo‘nalishida o‘qishini tiklashga erishdi. Unda ertangi kuniga umid paydo bo‘ldi. U hozirda tahsilni davom ettirib, kelajak uchun rejalar tuzmoqda.
Bundan tashqari, Davron aka ham salkam 19 yil panjara ortida o‘tirib, ozodlikka chiqdi. Qamalgan vaqtida endigina atak-chechak qilib yura boshlagan farzandlari bugun oila quray demoqda. O‘g‘ilni uylash, qizni uzatish kerak. Ammo, Davron akaning ham na hunari va puli bor. Ustiga ustak ozodlikdan mahrum bo‘lgan davrida sog‘lig‘i bo‘yicha ham muammolar orttirgan edi. Ammo yurtimizda yaxshi odamlar ko‘p ekan Haj ziyorati orzusida bo‘lgan yoshi ulug‘ fuqarolarimizdan biri yordam unga qo‘lini cho‘zdi. Davron kasalxonada yotib davolandi, haydovchilik kurslarida o‘qidi. Endilikda ko‘zida jarrohlik operatsiyalarini o‘tkazilishi kutilmoqda.
Jazo muddatlarini o‘tab qaytgan birgina fuqaroni ham hunarli, ishli bo‘lishi, sog‘lig‘ini tiklanishi jamiyatimiz uchun katta foyda. Ayniqsa, adashib bizga begona bo‘lgan g‘oyalar tasiriga tushib qolgan fuqarolarni yana jamiyatga qaytishga yordam berish ularni chetlatib qo‘ymaslik juda muhim. Prezidentimiz aynan shunday manfur g‘oyalar ta’sirida jamiyatimizdan uzoqlashgan kimsalarni oramizga qaytarib, ularga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatib, hayotda o‘z o‘rnini topishga yordam ko‘rsatgan fuqarolarimiz birinchilardan bo‘lib, Haj ziyoratiga borishga loyiq ekanligini ta’kidlagan edilar.
Bugun bu usul samara bermoqda. Haj ziyorati orzusida navbat kutayotgan fuqarolarimiz ko‘pgina noilojlikda qolgan hamyurtlarimizga yordam qilmoqda. Jamiyatda na ishi, na hunari va na puli bo‘lgan norozi fuqarolarning ko‘payishi yana jiddiyroq muammolarni keltirib chiqarishi aniq. Toshkent shahar hokimligining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar majmuasi tomonidan olib borilayotgan ishlar esa rosmana ijobiy natija bermoqda. Yordam qilganlar ham, undan foyda ko‘rganlar ham minnatdor.
Imkon bo‘lsa uzoq muddat qamoq jazosini o‘tab qaytgan fuqarolarning har biriga shunday yordam ko‘rsatilishi va ularning o‘z hayot yo‘lini tiklashga ko‘mak bo‘lish kerak.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi tashkil topganiga 35 yil to‘lgani munosabati bilan Olmaota shahrida “Markaziy Osiyo va Qozog‘istonda Islom: tarixiy an’analar va zamonaviy imkoniyatlar” mavzusida nufuzli xalqaro anjuman o‘tkazildi. Unda turli davlatlardan kelgan islom ulamolari ishtirok etishdi. Jumladan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Fatvo markazi direktor o‘rinbosari G‘ulomiddin Xolboyev ham qatnashib, “Sun’iy ong (intellekt) va uning hukmi” mavzusida chiqish qildi.
Darhaqiqat, sun’iy ong (SO) – odam kabi fikrlab, qo‘yilgan muammoga yechim topishga yo‘naltirilgan bugungi texnologiya. Garchi u turli uskuna va jihozlar ko‘rinishida bo‘lsa ham, qaror qabul qilish, insoniy xulq-atvorga taqlid qilish kabi qobiliyatlarga ega.
Axborot asri deb atalayotgan bugunga kelib ilm-fan va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari juda ham tez va shiddat bilan rivojlanib bormoqda. Taraqqiy etgan o‘lkalarda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish kengayib, u ko‘plab sohalarga kirib bormoqda. Ushbu “ong”ning shar’iy hukmiga aniqlik kiritish zamona faqihlari oldida turgan muhim vazifalardan. Zero, undan musulmonlar ham keng miqyosda foydalanmoqda.
O‘zbekiston ulamolari vakili G‘ulomiddin domla Xolboyevning chiqishi shu ma’noda katta qiziqish bilan tinglandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati