Kecha, 1 dekabr kuni “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan “Muruvvat karvoni” nomli xayriya tadbiri Jizzax viloyatida o‘tkazildi. Xayriya tadbiri doirasidagi 100 nafar kam ta’minlangan oilalarga oziq-ovqat mahsulotlari, 20 nafar jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslarga nogironlik aravachalari berildi. Ikki nafar yordamga muxtoj oilalarning uylarini ta’mirlash ishlariga mablag‘lar ajratildi.
Shu kunning o‘zida Fond tomonidan shahar va tuman bosh imom-xatiblari orqali viloyatidagi 171 ta jome masjidga to‘rtta nomdagi diniy-ma’rifiy kitoblar berildi.
Shuningdek, tadbir so‘ngida homiylar tomonidan tadbirda ishtirok etgan yordamga muhtoj oilalar va nogironligi bor shaxslarga Jizzax shaharidagi “Shoxsaroy” tantanalar majmuasida xayriya dasturxoni yozildi.
“Vaqf” fondi xayru ehsonlaringizni o‘z egalariga yetkazishda ochiqlik va xolislikni kafolatlaydi. Mablag‘larni shaffoflik asosida haqdorlarga yetkazilayotganini vaqf.uz sayti orqali kuzatib boring!
"Vaqf" xayriya jamoat fondi Matbuot xizmati
Cavol: Sajdai sahv qilish uchun salom berishda bir tomonga salom beriladimi yoki ikki tomongami?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Har ikkisi ham to‘g‘ri. Ya’ni namozxon sajdai sahv qilishda bir tomonga salom bersa ham, ikki tomonga salom bersa ham to‘g‘ri ish qilgan bo‘ladi. Chunki fuqaholarimiz har ikki holatni sahih — to‘g‘ri deb fatvo berishgan. Ayrim fuqaholar yolg‘iz namoz o‘qiyotgan kishi – ikki tomonga salom berishi, imom esa – bir tomonga salom berishi yaxshidir, deganlar. Chunki imom ikki tomonga salom bersa, ergashuvchilarning ba’zisi namoz tugallandi deb o‘ylab namozga zid hatti-harakat sodir etishi mumkin, deyishgan (“Durarul hukkam” kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.