Kuni kecha, 1 dekabr kuni Nukus shahridagi “Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy” o‘rta maxsus islom bilim yurtida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning mavlidi shariflari munosabati bilan bilim yurti talabalari orasida «Hadis» va «Siyrat» bo‘yicha musobaqa o‘tkazildi.
Musobaqa Qur’oni karim tilovati bilan boshlandi. Tadbirni bilim yurti mudiri Shamsiddin Bauatdinov kirish so‘zi bilan ochdi va Payg‘ambar alayhissalomni yaxshi ko‘rish dinimizdagi vojib amal ekani, bu borada mo‘tabar manbalarda yetarlicha ma’lumotlar keltirilgani, Ul zotning sunnatlari va hadislarini o‘rganish muhim ekanini so‘zlardi. Shuningdek, bu borada davlatimizda olib borilayotgan islohotlar va yangilanishlar haqida gapirib o‘tdi. Kelajakda bilim yurtimizdan Imom Buxoriy, Imom Termiziydek ulug‘ ulamolar yetishib chiqishiga umid bildirdi va talabalarni bu borada astoydil ta’lim olib o‘z ustilarida ishlash kerakligini uqtirdi.
Musobaqada bilim yurti 2, 3, 4-bosqich talabalaridan har biridan 4 nafar talaba saralab olindi va o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazdi.
Talabalarning bilimlarini baholash uchun bilim yurti o‘qituvchilari tomonidan hakamlar hay’ati tuzilib, baholab borildi.
«Hadis» bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqaning shartlari qo‘ydagicha:
1. Oltita sahih to‘plam egalari hayoti va ijodi haqida.
2. Hadis e’roblarini to‘g‘ri qo‘yish va ma’nosini aytish.
3. “Al-Adab al-mufrad” kitobidan 200 ta hadisni yoddan aytish.
«Siyrat» bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqaning shartlari esa qo‘yidagicha:
1. Imom Barzanjiyning Nabiy alayhissalomga yozgan mavlid kitobidan 5 mabhasdan birini aytish;
2. “Rasululloh sollallohu alayhi va salam va ahli bayt” hamda “siz Payg‘ambar alayhissalomni ko‘rganmisiz” kitobidan tezkor savol javob qilish.
3. Ijodiy ish.
Musobaqa yakunida «Hadis» yo‘nalishi bo‘yicha:
1-o‘rinni 4-kurs talabalari, 2-o‘rinni 3-kurs talabalari va 3-o‘rinni esa 2-kurs talabalari qo‘lga kiritdi.
«Siyrat» yo‘nalishi bo‘yicha:
1-o‘rinni 4-kurs talabalari, 2-o‘rinni 3-kurs talabalari va 3-o‘rinni esa 2-kurs talabalari qo‘lga kiritdi.
Musobaqa davomida talabalarga tezkor savollar taqdim qilindi. Bundan tashqari talabalar tomonidan Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayissalomga maktub, salovat va nashidalar aytilib, tadbirning yuqori saviyada o‘tkazilishiga imkoniyat yaratildi.
G‘oliblar bilim yurti tomonidan tayyorlangan faxriy yorliqlar va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Adilbay Yerejepov,
Bilim yurti ma’naviyat va ma’rifat
ishlari bo‘yicha mudir o‘rinbosari
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Alloh taolo O‘zining azaliy irodasi va qudrati bilan inson zotini barcha mavjudotlardan aql, tafakkur bilan afzal etib yaratdi. Inson hayotiga zarur bo‘lgan barcha narsalarni, shu jumladan, uning umrini, vaqtini belgilab, hisoblab chegarasi, qadr-qiymati bilan xalq etdi. Alloh taolo Qur’oni karimda xabar berib bunday deydi: «Uning dargohida har bir narsa o‘lchovlidir».
Umr bu – Alloh taoloni har bir bandasiga o‘lchab bergan bir muddatidir. Inson dunyoga kelganidan keyin necha yil umr ko‘rishini o‘zi bilmaydi, bu g‘ayb ilmi bo‘lib, uni Allohdan o‘zga hech kim bilmaydi.
Aslida Alloh bandaga umrni nima uchun bergan? Inson bu umrda nimalar qilishi kerak? degan savollar tug‘ilishi tabiiydir: Ushbu savollarga javoban Haq taolo Qur’oni karimning Mulk surasida bunday marhamat qiladi: “U (Alloh), sizlarning qay biringiz yaxshiroq amal qilishingizni sinash uchun o‘lim va hayotni yaratgan Zotdir”.
Ushbu muborak oyati karimadan inson umri bekorga berilmagani, uni huda-behuda ishlar, kayfu safo va bekorchilik, dangasalik va tamballik bilan zoye qilish uchun emas, balki, xayrli amallar, foydali ishlar, elu yurtga manfaat keltiradigan hamda oxirat uchun zaxira bo‘ladigan buyuk ishlarni amalga oshirish uchun berilgan qimmatli fursat ekani oydinlashadi.
Umrning har bir daqiqasi g‘animat. Umrni behuda ishlar, gaplar bilan yoki g‘aflat bilan o‘tkazmaslik kerak.
Inson shu dunyoda ham baxtli bo‘lishi uchun, oxiratda ham saodatmand Allohning bandalari qatoridan joy olishi uchun berilgan aziz umrning qadrini bilib, faqat foydali narsalarga, o‘ziga bu dunyoda ham, oxiratda ham foydasi tegadigan ezgu ishlarga sarf qilishi kerak. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Siz besh narsani besh narsadan avval g‘animat biling: qarilikdan avval yoshligingizni, kasal bo‘lishdan avval salomatligingizni, faqirlikdan avval boyligingizni, bir ishga mashg‘ul bo‘lmasdan avval bo‘sh vaqtingizni va o‘limingizdan avval hayotingizni”, dedilar.
Muoz ibn Jabal roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam dedilar: «Banda qiyomat kuni to‘rt narsadan so‘ralmaguncha, bir qadam ham oldinga siljiy olmaydi. Bu savollardan birinchisi – umrini nima bilan o‘tkazgani; ikkinchisi – yoshlikdavrida nima bilan mashg‘ul bo‘lgani; uchinchisi – mol-dunyoni qay yo‘sinda (halol yo‘l bilanmi, harom yo‘l bilanmi) topgani va nimalarga sarflagani; to‘rtinchisi – o‘rgangan ilmiga qanday amal qilgani haqida so‘raladi» (Bazzor va Tabaroniy rivoyati).
Inson umrining har bir davridan umumiy ravishda, yoshlik davridan esa, o‘ziga xos shaklda so‘raladi. Yoshlik-yigitlik umrning bir bo‘lagi, lekin uning boshqa davrlardan ajralib turuvchi o‘ziga xos qiymatdor tarafi bor. U – hayoti g‘ayratu shijoatga, o‘tkinchi maqsadga to‘la yoshdir, hamda (yoshlik) ikki zaiflik – go‘daklik va keksalik – orasidagi jismoniy quvvatga to‘lishgan bir davrdir. Rum surasining 54-oyatida bunday deyiladi: “Alloh shunday zotdirki, U sizlarni nochor narsadan (ya’ni, bir tomchi suvdan) yaratdi, so‘ngra (sizlar uchun) nochorlikdan keyin kuch-quvvat (paydo) qildi, so‘ngra kuch-quvvatdan keyin yana zaiflik va qarilikni (paydo) qildi...”.
Kishining go‘dakligi zaif bo‘lgan davridir. Keksaligi ham zaiflik davri.
Demak, o‘rtada oz muddatga yoshlik-yigitlik deb atalmish kuch-quvvatli davr berilar ekanki, uning qadriga yetish, bu oz muddatni yaxshi ishlarga safarbar qilish, halol kasbkor qilish, ilm olish, farzandlarini kelajakda elu yurtiga xizmat qiladigan, jamiyatga manfaat keltiradigan olim, fozil, hunarmand, tadbirkor, solih kishilar bo‘lib voyaga yetishlarini ta’minlashga harakat qilish maqsadga muvofiqdir.
Ma’lumki, o‘spirinlik vaqti insonning fe’l-atvori va ruhiyati shakllanadigan asosiy davr bo‘lib, ayni shu davrda ularga alohida ahamiyat qaratmoq lozim. Albatta bunda avvalo ota-onaning, ustozning va jamiyatning mas’uliyati katta. Alloh taolo Qur’oni karimning “Tahrim” surasi 6-oyatida shunday buyuradi: “Ey, imon keltirganlar! O‘zlaringizni va oila a’zolaringizni yoqilg‘isi odamlar va toshlar bo‘lmish do‘zaxdan saqlangizki, unda dag‘al va qattiqqo‘l, Alloh buyurgan narsaga itoatsizlik qilmaydigan, faqat buyurilgan ishni qiladigan farishtalar (xizmat qilurlar)”.
Hazrati Umar roziyallohu anhu ushbu oyat nozil bo‘lgandan so‘ng Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan: “Ey Rasululloh, o‘z nafsimizni-ku saqlaymiz ahlimizni qanday saqlaymiz?”, deb so‘raganlar. Shunda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:
“Alloh sizlarni nimadan qaytargan bo‘lsa, ularni ham qaytarasizlar. Alloh sizlarni nimaga buyursa, ularni ham buyurasizlar. Ana o‘sha ularni o‘tdan saqlash bo‘ladi”, deb javob berganlar.
Yoshlarni, farzandlarimizni go‘daklik chog‘idan, avvalo ularga Yaratgan Zotni tanitish va ularni imonli, e’tiqodli, diniga, Vataniga xizmat qiladigan komil inson bo‘lib yetishishlariga jiddiy ahamiyat berish lozim.
Inson yoshligidan imon-e’tiqodli hamda taqvoli bo‘lsa, uning bu dunyosini ham, oxiratini ham Alloh taolo barakotli qilib qo‘yadi. Alloh taolo bunday marhamat qilgan: “Kimki Allohga taqvo qilsa, U unga (tashvishlardan) chiqish yo‘lini (paydo) qilur. Yana, uni o‘zi o‘ylamagan joydan rizqlantirur” (Taloq surasi, 2-3 oyatlar).
Hadislarda kelishicha, Qiyomat kunida odamlar o‘zlarini himoya qiladigan yoki quyosh issig‘idan pana qilib turadigan joy axtarib qoladilar. U kunda Alloh taoloning Arshining soyasidan boshqa soya bo‘lmaydi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam yetti toifa kishi Arshning soyasida bo‘lishini aytib, shular jumlasida:
“Allohning ibodati-toatida ulg‘aygan yigit (Arshning soyasidan boshqa hech qanday soya bo‘lmaydigan kunda soyalantiriladi)” deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Odatda, keksa odamda o‘lim xavotiri bo‘ladi. Ulardagi shahvoniy istaklar yoshlarnikidek bo‘lmaydi. Ammo yoshlarda shahvoniy istaklar kuchli, orzu havaslar ko‘p, kuch-quvvat yetarli, yumushlari bisyor bo‘lishi barobarida, ularni yo‘ldan uruvchi narsalar ham ko‘p bo‘ladi.
Ular o‘zlaridagi gunoh, shahvoniy hoyu havaslar istagini yengib, ibodatga uringanlari, namozlarini o‘z vaqtida ado etishga bel bog‘laganlari uchun Qiyomat kuni Allohning Arshi soyasidan joy oladilar.
Davomi bor...
Muhammad Quddus ABDULMANNON,
Xo‘jaobod tumani “Yetti chinor” jome masjidi imom noibi.