Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Yanvar, 2025   |   23 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:20
Quyosh
07:42
Peshin
12:40
Asr
15:47
Shom
17:31
Xufton
18:48
Bismillah
23 Yanvar, 2025, 23 Rajab, 1446

“Ayolni e’zozlagan din” kitobi nashrdan chiqdi

1.12.2018   1180   4 min.
“Ayolni e’zozlagan din” kitobi nashrdan chiqdi

Alloh taolo insonni azizu mukarram etib, uni juft holida, ya’ni erkak va ayol jinsida yaratdi. Ayol zoti erkaklarga nafaqat umr yo‘ldosh, orom-sakinat baxsh etuvchi, oilaning chirog‘i va posboni, balki farzandlarni tarbiya etuvchi murabbiyasi qilib yaratilgan. Alloh taolo insoniyatning nasl rishtasini davom ettirish uchun ayolga onalik baxti va mas’uliyatini ato etdi. Shuning uchun ayolni ham jufti halol, ham ona deb ulug‘lanadi.

Islomda tug‘ilgan farzand qiz bo‘lsa, quvonchni bo‘rttiribroq qilishi tavsiya etilgan. Odatda esa, o‘g‘il tug‘ilganda xursandchilik kattaroq bo‘ladi. Ammo shariatda aynan qiz tug‘ilganda xursandchilikni kattaroq qilishning tavsiya etilishi johiliyat amaliga qarshi ish yuritish uchundir.

Ayol o‘zi aslida bashariyat nasli ko‘payishining sababchisi, odamzod bolasining boqiy davom etishi vositasi, ilm, kamolot, fazilat ahli, qahramonlar va buyuk kishilarning onasidir.

Islom ta’limoti ayolni ulug‘labgina qolmay, balki erkakka bergan barcha huquq va vojibotlardan benasib etmadi. Ilm olishni erkagu xotinlarga baravar farz qilingan. Hatto moliyaviy muomalalarda ayol o‘z moli va boyliklarini tasarruf qilish ixtiyoriga ega. Eri yoki otasining aralashuvisiz tijoriy shartnomalarni ixtiyoriy ravishda ayolning o‘zi tuzishga mutlaqo haqlidir. Erkaklar moliyaviy muomalalarda qanday haq-huquqlarga ega bo‘lishsa, ayollar ham xuddi shunday huquqlarga egadir. Dinimiz ta’limotlariga rioya qilgan holda ayolning joni, sog‘lig‘i, aqlini aqliy va jismoniy kamol toptirish bilan bog‘liq barcha ishda erkakdan aslo past ko‘rilmaydi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasining Farg‘ona viloyatidagi vakili, viloyat bosh imom-xatibi Salimjon qori Qodirovning yangi nashrdan chiqqan “Ayolni e’zozlagan din” nomli kitobi – ayni  shu mavzuga bag‘ishlandi.

Muallif risolada musulmon ayollarining oila va jamiyatdagi o‘rni, Islom dinida nozik xilqat vakilalariga bo‘lgan e’tibor va e’tirofni ilmiy dalillar, hayotiy voqe’liklar orqali o‘quvchiga tushunarli tarzda yoritib bergan.

Afsuski, o‘tayotgan asrimizda ham ayrim kishilar tarafidan ayolga nisbatan johiliyat qarashlari bilan o‘ylaydiganlar ham topilmoqda. Ana shunday illatlarga barham berish, ayollar haq-huquqlarini himoya qilish maqsadida har yili butun dunyo bo‘ylab “Xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi 16 kun” nomi ostida kampaniya o‘tkaziladi. Ushbu kampaniya ayollarga nisbatan zo‘ravonlik inson huquqlariga zid harakat ekanini ifodalovchi fikr bilan ramziy bog‘langan ikki voqea “25 noyabr – Xalqaro xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikni bartaraf etish kuni”da boshlanib, “10 dekabr – Xalqaro inson huquqlari kuni”da yakuniga yetadi. O‘zbekistonda ham ushbu kampaniya 2011 yildan buyon “Uydagi osoyishtalikdan dunyodagi tinchlik sari”shiori ostida muvaffaqiyatli o‘tkazib kelinmoqda.

Bu yil ham mazkur tadbir 26 noyabr kuni Toshkent shahrida o‘z ishini boshladi. Unda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Nuriymon Abulhasan ham ishtirok etdi. Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari ayollarning haq-huquqlari mavzusiga diniy tomondan izoh berib, Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi Salimjon qori Qodirovning yangi nashrdan chiqqan “Ayolni e’zozlagan din” kitobini ushbu tadbir ishtirokchilariga taqdim etdi.

Shuningdek, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosariga ko‘ra, mazkur kitob asosida Xalqaro Islom akademiyasida ham alohida davra suhbatlari tashkil etiladi hamda kelayotgan juma kuni barcha jome’ masjidlarda tezislarda ayollar mavzusiga alohida urg‘u bergan holda, musulmon kishining ayollarga munosabati qanday bo‘lishi kerakligi haqida so‘z yuritiladi.

Qolaversa, O‘zbekiston ko‘p millatli mamlakat ekanini hisobga olgan holda, Salim qori Qodirovning “Ayolni e’zozlagan din” kitobi yaqin orada qoraqalpoq va rus tillarida ham chop etilishi rejalashtirilgan.

Rahmatulloh JALILOV,

Farg‘ona viloyati vakilligi matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Rasululloh ﷺning meroslari tarqatilmoqda

13.01.2025   11348   1 min.
Rasululloh ﷺning meroslari tarqatilmoqda

Maqolaning audio shakli

Sahobalar ichida eng zehni o‘tkiri Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadilar: “Kunlardan birida bozorga bordim. Odamlarning mol-dunyo bilan ovora ekanliklarini ko‘rib ularga:

– Siz bu yerda savdo-sotiq bilan mashg‘ulsiz, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning meroslari tarqatilayotganidan xabaringiz yo‘qmi? – dedim. Savdogarlar qo‘llaridagi mollarini tashlab:

– Yo‘q, qayerda? – deb hovliqib so‘radilar.

– Falon masjidda, – deb javob berdim. Ular shoshib masjid tomon yugurib ketishdi.

Ammo birozdan so‘ng qaytib kelib:

– Nega bizni aldadingiz? Masjidda hech qanday meros tarqatilmayapti-ku? –deyishdi.

Men:

– Qanday qilib? Axir masjidda kimlarni ko‘rdingiz? – deb so‘radim.

Ular:

– Qur’on o‘qiyotgan qorilarni va hadis o‘rganayotgan tolibi ilmlarni, –deyishdi.

– Ana shu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning meroslaridir, – deb javob berdim.

“O‘zimdan so‘ng sizga ikki narsa qoldirdim, agar ularni mahkam tutsangiz hargiz adashmaysiz. Ular Allohning kitobi va Payg‘ambarning hadisidir”, degan sevikli Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga salavotu salomlar bo‘lsin”.

Davron NURMUHAMMAD