Bu muhtaram zot Abu Hozim A’raj nomi bilan mashhur bo‘lganlar. Abdurrahmon ibn Zayd rahmatullohi alayh: “Abu Hozimdan ko‘ra hikmat tiliga yaqin bo‘lgan biror kishini ko‘rmadim”, deganlar.
Hijratning 97 yilida musulmonlar xalifasi Sulaymon ibn Abdulmalik payg‘ambarlar otasi bo‘lmish Ibrohim alayhissalomning chaqiriqlariga “labbay” deb javob qilib, haj qilish niyatida muqaddas manzillarga safarga otlanadi. Uning karvoni umaviylar xalifaligi saltanati poytaxti Damashqdan intiqlik bilan Madinai munavvara sari yo‘l oladi.
Ravzai mutohharada namoz o‘qish, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga salom berish quvonchi xalifaning qalbini egallab olgan edi. Xalifaning karvonida qorilar, muhaddislar, faqihlar, ulamolar, amirlar va sarkardalar jam edi.
Karvon Madinai munavvaraga yetib kelib yuklar tushirilgach, Madinaning mansabdor va e’tiborli kishilari xalifaga salom berishga va uni qutlashga bordilar. Lekin Madina qozisi, bohujjat olimi va ishonchli imomi bo‘lgan Salama ibn Dinor xalifaga salom berish va uni qutlashga chiqqanlar ichida yo‘q edi. Sulaymon ibn Abdulmalik ziyoratga kelganlar bilan salomlashib, diydorlashgach, suhbatdoshlaridan biriga qarab:
— Qalblar uchun ularni vaqti-vaqti bilan tozalab, zangini ketkazib turuvchi odam bo‘lmasa, temirni zang bosgani kabi, qalblarni ham zang qoplaydi, — dedi.
Suhbatdosh:
— Ha shunday, ey mo‘minlar amiri, to‘g‘ri aytasiz,-– deya uning gapini tasdiqladi.
Xalifa:
— Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning sahobalarini ko‘rib, ulardan ta’lim olgan, biz gunohkor bandalarga pandu nasihat qilib, qalblarimizni tozalaydigan, biror kishi yo‘qmi Madinada?
Davradagilar jo‘r ovozda:
— Ha bor, ey mo‘minlar amiri, Abu Hozim A’raj ana shunday zotlardandir, – dedilar.
Xalifa:
— Abu Hozim A’raj kim bo‘ladilar? – deb so‘radi.
Madina ulug‘lari:
— Salama ibn Dinor bir qancha sahobai kiromlarni ko‘rgan tobeinlardan biri. Hozirgi vaqtda Madinaning olimi va imomidir, – deb javob qildilar.
Xalifa:
— Unday bo‘lsa hurmatlarini joyiga qo‘ygan holda huzurimizga taklif qilinglar, – deya iltimos qildi.
A’yonlar xalifaning taklifini Abu Hozimga yetkazganlarida, ulug‘ tobein taklifni qabul qilib, xalifa qarorgohiga keladilar. O‘z navbatida xalifa ham taklifni rad etmay qabul qilinganini qadrlab, Abu Hozimni yaxshi kutib olib, o‘ziga yaqin o‘ringa o‘tkazadi va malomatomuz ohangda:
— Bu ne jafo, ey Abu Hozim? — deydi.
Abu Hozim:
— Jafo tanish-bilishlar orasida bo‘ladi. Siz meni shu kungacha tanimas edingiz, men ham sizni ko‘rmagan edim. Bas, shunday ekan, men sizga qanday jafo yetkazishim mumkin? – dedi.
Shunda xalifa atrofidagilarga:
— Shayx uzrlarini to‘g‘ri bayon qildilar, xalifa uni xato malomat qildi, — dedi.
So‘ngra, Abu Hozimga yuzlanib:
– Ko‘nglimda yig‘ilib qolgan muhim masalalar bor, shularni sizga bayon qilsam, – dedi.
— Marhamat, ey mo‘minlar amiri, madad yolg‘iz Allohdandir, – dedi Abu Hozim.
— Ey Abu Hozim, nima uchun biz o‘limni yomon ko‘ramiz?
— Chunki biz dunyoyimizni obod qilib, oxiratimizni xarob qilganmiz... Shuning uchun obod joydan xarob joyga chiqishni yomon ko‘ramiz.
— Rost aytdingiz, ey Abu Hozim, ertaga, Qiyomat kuni biz uchun Allohning huzurida qanday narsalar hozirlangan ekanini juda bilgim keladi?.
— Amalingizni Allohning Kitobiga solib ko‘rsangiz, hammasi ayon bo‘ladi.
— Uni Alloh taolo Kitobining qayeridan topaman?
— Kalimasi oliy Zotning ushbu so‘zidan topasiz: “Shak-shubhasiz, yaxshilar (ya’ni mo‘minlar) jannat ne’matlaridandirlar. Shak-shubhasiz, fisq-fujur qiluvchi kimsalar do‘zaxdadirlar” (Infitor: 13-14).
— Allohning rahmati qayerda qoldi?
— “Allohning rahmati ezgu ish qiluvchilarga yaqindir” (A’rof, 56).
— Allohning huzuriga qay holda borilarkin?
— Yaxshi amal qiluvchi odam, uzoq muddat ayriliqdan so‘ng oila a’zolari huzuriga qaytayotgan kishi kabi kelur. Yomon amal qiluvchi esa xojasidan qochgan qulni ushlab, xojasi huzuriga sudrab olib kelinayotgan qul kabi kelur.
Xalifa yig‘lab yubordi. So‘ng:
— Ey Abu Hozim, qanday qilsak solihlardan bo‘lamiz? – deb so‘radi.
Abu Hozim:
— Takabburlikni tashlab, tavozeli bo‘lsangiz solihlardan bo‘lasiz.
— Mol-dunyo haqida nima deysiz va unda Alloh taologa taqvo qilish yo‘li qanday?
— Mol-dunyoni haq bilan olasizlar va uni egalariga berasizlar... Uni barobar taqsimlab, qo‘l ostingizdagilar orasida adolat qilasizlar.
— Ey Abu Hozim, odamlarning afzali kim?
— Amalli va taqvo egalari odamlarning afzalidir.
— Eng adolatli so‘z qaysi so‘z?
— Qo‘rqib yoki undan biron narsa umid qilib turgan odam qarshisida kishining aytgan haq so‘zi, eng adolatli so‘zdir.
— Eng tez ijobat bo‘ladigan duo qaysi?
— Chiroyli amal qiluvchi kishining, chiroyli amal qiluvchi kishilar haqiga qilgan duosi.
— Sadaqalarning afzali-chi?
— Mol-dunyosi oz kambag‘al kishining, o‘zidan ko‘ra muhtoj bechora kambag‘alga minnat qilmay va ozor bermay bergan sadaqasidir.
— Eng aqlli kishi kim?
— Alloh taologa itoat qilgan va g boshqalarni ham shunga yo‘llagan kishi.
— Eng ahmoq kishi kim?
— Zolim do‘stining nafs-havosiga ergashib ketgan, birovning dunyosi evaziga o‘z oxiratini sotib yuborgan kishi.
— Ey Abu Hozim, bizga hamroh bo‘lib yurmaysizmi, siz bizdan, biz sizdan nasibador bo‘lardik?!
— Yo‘q, ey mo‘minlar amiri, sizga hamroh bo‘la olmayman.
— Nega?
— Sizlarga yon bosib qolishim natijasida Alloh menga bu dunyo azobini ham va oxirat azobini ham tottirishidan qo‘rqaman.
— Ey Abu Hozim, biron hojatingiz bo‘lsa ayting.
Abu Hozim biron narsa demay jim turgan edilar.
Xalifa yana qayta:
– Ey Abu Hozim, biron hojatingiz bo‘lsa ayting, siz uchun har qanday hojat bo‘lsa ham o‘tab beramiz, — dedi.
— Hojatim, meni do‘zaxdan qutqarib, jannatga olib kirib qo‘ysangiz.
— Bu mening qo‘limdan kelmaydi, ey Abu Hozim.
— Mening bundan boshqa hojatim yo‘q, ey mo‘minlar amiri.
— Mening haqimga duo qiling, ey Abu Hozim.
— Ey Alloh, agar mana shu bandang Sulaymon Senga yaqin bandalaring qatorida bo‘lsa, unga ikki dunyo yaxshiligini oson qil. Agar Senga dushmanlardan bo‘lsa, uni solihlar jumlasidan qilib, O‘zing yaxshi ko‘rgan va rozi bo‘ladigan yo‘lga boshlab qo‘y.
Shunda o‘tirganlardan biri:
— Yaxshi gap aytmadingiz, mo‘minlar amirini Allohning dushmanlari safiga qo‘shib, xalifamizni ranjitdingiz, — dedi.
Abu Hozim:
— Aksincha, sizning bu gapingiz yaxshi gap bo‘lmadi, shuni bilingki, Alloh taolo: “Albatta uni odamlarga ochiq bayon qilursizlar va yashirmaysizlar...” deb ulamolardan haq so‘zni so‘zlashga ahdu paymon olgan edi. So‘ng xalifaga yuzlanib:
— Ey mo‘minlar amiri, bizdan avval o‘tganlarning amirlari ulamolarning ilmlariga qiziqib, ularning huzuriga tavozu bilan borar edilar. Shuning uchun ular yaxshilik va xotirjamlikda yashadilar. Keyin himmati past kishilar paydo bo‘ldi, ular amirlar huzuridagi arzimas dunyoni qo‘lga kiritish uchun ilm o‘rgandilar, amirlar bunday olimlarni nazarga ilmay qo‘ydilar. Natijada bu olimlar xor bo‘lib ojiz qoldilar va Allohning ham nazaridan tushdilar. Agar ulamolar amirlar qo‘llaridagi narsalardan o‘zlarini tortganlarida, amirlar ularning ilmlariga intilardilar. Lekin ulamolar amirlardagi narsalarga intildilar, amirlar esa ulardan o‘zlarini tortdilar va ularni qadrlamay qo‘ydilar.
Xalifa:
— Gapingiz haq. Ey Abu Hozim, menga yana nasihat qiling, sizdan ko‘ra hikmatli so‘z aytishga yaqinroq bo‘lgan biron kishini ko‘rmagan edim.
Abu Hozim:
— Agar nasihatga quloq tutadiganlardan bo‘lsangiz, sizga qilgan nasihatim yetarlidir... Agar nasihatni olmaydiganlardan bo‘lsangiz, ipsiz kamondan o‘q otganimdan ne foyda.
Xalifa:
— O‘tinib so‘rayman Ey Abu Hozim, menga nasihat qiling.
Abu Hozim:
— Mayli, nasihat qilaman, lekin qisqa aytaman. Rabbingizni ulug‘lang, Uni poklang, Sizni qaytargan yerda ko‘rinishdan va sizni buyurgan yerda ko‘rinmay qolishdan saqlaning, – dedi.
So‘ng Abu Hozim salom berib chiqib ketdi.
Xalifa uning ortidan:
— Nasihatgo‘y olimga Alloh yaxshi mukofotlar ato etsin, — deb duo qilib qoldi.
***
Kunlarning birida Salama ibn Dinorning uyiga Abdurahmon ibn Jarir bilan uning o‘g‘li kelib, shayx bilan salomlashib o‘tirdilar va ikki dunyo yaxshiligini tilab duo qildilar. Odob peshvosi ulug‘ tobein ham ota-bolaning salomiga yanada chiroyliroq qilib alik olib, ularni iliq kutib oldilar va o‘rtalarida quyidagi suhbat bo‘lib o‘tdi.
Abdurahmon ibn Jarir:
— Ey Abu Hozim, qanday qilib uyg‘oq qalb sohibi bo‘la olamiz? – deb so‘radi.
Abu Hozim:
— Ichingizni o‘nglasangiz katta gunohlar kechiriladi. Banda agar gunohlarni tark etishga azmu qaror qilsa, unga yaxshilik eshiklari ochiladi. Aslo shuni unutmangki, ey Abdurrahmon, mol-dunyoning ozginasi ham bizni oxirat ishlarining ko‘pginasidan chalg‘itib qo‘yadi. Sizni Alloh taologa yaqinlashtirmaydigan har qanday narsa ne’mat emas, balki u jazo, azob, ofat va balodir.
Abdurrahmon ibn Jarirning o‘g‘li dedi:
— Bizning ko‘p shayxlarimiz bor, ularning qay biriga ergashaylik?
Abu Hozim:
— Ey o‘g‘ilcham, yolg‘iz qolganda Allohdan qo‘rqadigan va ayb bo‘ladigan ishlarga aralashishdan o‘zini pok tutadigan, yoshligidan o‘zini isloh qilgan, buni keksalik davriga qoldirmaganlariga ergashgin.
Ey o‘g‘ilcham, shuni bilginki, quyosh chiqqan har kun borki tolibi ilmga nafsu havosi bilan ilmi qarama-qarshi kelib, ikki raqib kurashgani kabi uning qalbida ular ham o‘zaro kurashadilar. Agar ilmi nafsu havosi ustidan g‘olib kelsa, o‘sha kun tolibi ilm uchun foydali kun bo‘ladi... Va agar nafsu havosi ilmidan g‘olib bo‘lsa, u kun tolibi ilm uchun ziyon, hasrat kuni bo‘ladi.
Abdurrahmon ibn Jarir:
— Ey Abu Hozim, bizni shukr qilishga ko‘p chorlaysiz, shukrning haqiqati nima?
Abu Hozim:
— Bizning har bir a’zoimizda shukrning haqi bor.
— Ikki ko‘zning haqi nima?
— Yaxshilikni ko‘rganingizda uni yoymoqligingiz, yomonlikni ko‘rganingizda esa yashirishingiz ikki ko‘zning shukridir.
— Ikki quloqning shukri nima?
— Yaxshilikni eshitsangiz uni qalbingizga joylab saqlab qo‘yishingiz, yomonlikni eshitsangiz ko‘mib tashlashingiz ikki quloq shukridir.
— Ikki qo‘lning shukri nima?
— Sizga tegishli bo‘lmagan narsani olmasligingiz va Allohning haqlaridan bo‘lgan haqni to‘smasligingiz ikki qo‘l shukridir. Shuni unutmangki, ey Abdurrahmon, kim til shukrini yetarli qilmasa va til shukriga dil shukrini va barcha a’zolar shukrini qo‘shmasa, bunday odamning misoli, libosini kiymay qo‘lida ushlab turgan kishiga o‘xshaydi, bu esa uni issiqdan ham sovuqdan ham saqlamaydi.
***
Bir yili Salama ibn Dinor Rum shaharlariga yo‘l olgan islom lashkari safida jangga bordilar. Lashkar ko‘zlangan manzilga yetishga oz qolganda, dushmanga qarshi jangga kirishdan oldin kuch to‘plab olish maqsadida bir oz dam olish uchun to‘xtaydi. Lashkar ichida umaviylar amirlaridan biri bor edi. Ana shu amir Abu Hozimga:
— Kelib bizlarga bir dars berib ketsinlar, — deb odam yubordi. Abu Hozim amirga javoban unga xat yozib yubordilar, xatda ushbular bitilgan edi:
“Ey amir, men shunday ahli ilmlarni ko‘rdim, ular dunyo ahliga dinni ko‘tarib bormas edilar. Dunyo ahliga dinni ko‘tarib borgan ahli ilmlarning birinchisi men bo‘lishimni istamasangiz kerak, deb o‘ylayman. Hojatingiz bo‘lsa oldimizga o‘zingiz keling. Sizga ham atrofingizdagilarga ham Allohning salomi bo‘lsin”.
Xatni o‘qigan amir Abu Hozimning huzurlariga borib, ko‘rishib salomlashgach:
— Ey Abu Hozim, bizga yo‘llagan maktubingizni o‘qiganimizdan so‘ng, nazdimizda martabangiz yanada ziyoda bo‘lib, qadringiz oshdi. Alloh sizni yaxshi mukofotlar bilan siylasin, bizga pandu nasihat qilsangiz.
Abu Hozim nasihat qila boshladilar, mana bu quyidagi satrlar aytgan so‘zlarining jumlasidandir:
— Qiyomatda qaysi amal siz bilan bo‘lishini yaxshi ko‘rsangiz, bu dunyoda shu amalni qilishga haris bo‘ling.
Oxiratda siz bilan qaysi amal bo‘lishini istamasangiz, bu dunyoda shu amaldan uzoq bo‘ling.
Shuni bilingki ey amir, agar sizda botilning bozori chaqqon bo‘lsa, bema’nilar, munofiqlar atrofingizga yig‘ilib oladilar. Va agar sizda haqning bozori chaqqon bo‘lsa, atrofingizga yaxshi odamlar yig‘ilib, haq ustida sizga yordamchi bo‘ladilar... O‘zingizga yoqqanini tanlab olavering.
***
Abu Hozimga o‘lim soati yaqinlashganida, atroflarida to‘planib turgan yaqinlari:
— O‘zingizni qanday his qilyapsiz, ey Abu Hozim? — deb so‘ragan edilar.
— Dunyoda qilib qo‘ygan yomonliklarimizdan najot topa olsak, dunyoda yo‘qotgan narsalarimiz bizga zarar bo‘lmas, — deb ushbu oyati karimani takror-takror o‘qib jon taslim qildilar: “Albatta iymon keltirib yaxshi amallar qilgan zotlar uchun Rahmon do‘stlikni (barqaror) qilur”.
Xalqaro aloqalar bo‘limi xodimi I.AHMЕDOV internet materiallari asosida tayyorladi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Oisha onamiz roziyallohu anhoning barcha sifatlari ham kamolot sifatlariga daxldor ekaniga shubha bo‘lishi mumkin emas. U kishining buyuk hayotlarini diqqat bilan o‘rgangan ulamolar Oisha onamiz roziyallohu anhoda boshqalarda bo‘lmagan qirqta komilalik sifatlari bor ekanini ta’kidlaydilar. Ana shuning uchun ham bu haqda bir-ikki og‘iz so‘z aytmoqni ravo ko‘rdik.
Oisha onamiz roziyallohu anhoning kamolot sifatlari haqida so‘z yuritar ekanmiz, bu sifatlar ro‘yxatining boshida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan vorid bo‘lgan hadisi shariflar turishini aytib o‘tmog‘imiz lozim. U zot Oisha onamiz roziyallohu anho haqlarida ajoyib madhlarni aytganlar.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Oisha! Mana bu Jabroil, u senga salom aytmoqda», dedilar.
«Va alayhissalomu va rohmatullohi va barokatuhu! Ey Allohning Rasuli, siz men ko‘rmagan narsani ko‘rasiz», dedim».
Jabroil alayhissalom bu dunyoda payg‘ambarlardan boshqa kimga salom aytganlar?
Jabroil alayhissalom bu dunyoda payg‘ambarlardan boshqa birgina insonga – Oisha onamiz roziyallohu anhoga salom aytganlar.
Mana shu ulug‘ maqomning o‘zi bir olamga tatiydi.
Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Erkaklardan ko‘pchilik barkamol bo‘ldilar. Ayollardan Maryam Imron qizi va Fir’avnning ayoli Osiyodan boshqasi barkamol bo‘lmadi.
Oishaning boshqa ayollardan ustunligi sariydning boshqa taomlardan ustunligiga o‘xshaydir», dedilar».
Ikkisini Buxoriy, Muslim va Termiziy rivoyat qilganlar.
Ushbu hadisi sharifda aslida ayollarning, xususan, Maryam onamiz, Osiyo onamiz va Oisha onamizning boshqa ayollardan ustun bo‘lgan fazllari haqida so‘z boradi.
«Erkaklardan ko‘pchilik barkamol bo‘ldilar».
Erkaklardan barkamol bo‘lganlar ro‘yxatining avvalida Payg‘ambar alayhissalomlar turadilar. Ulardan boshqa barkamol erkaklar ham bor. Bu haqiqat hammaga ma’lum.
«Ayollardan Maryam Imron qizi va Fir’avnning ayoli Osiyodan boshqasi barkamol bo‘lmadi».
Bu ikki ulug‘ zotning barkamol bo‘lganliklari Qur’oni karimda ularning birgalikda, xos zikr qilinishlaridan ham bilib olinadi.
Alloh taolo «Tahrim» surasida:
«Alloh iymon keltirganlarga Fir’avnning xotinini misol qilib keltirdi. O‘shanda u: «Robbim! Menga O‘z huzuringda, jannatda bir uy bino qilgin. Menga Fir’avndan va uning ishidan najot bergin va menga zolim qavmdan najot bergin», deb aytdi», degan (11-oyat).
Fir’avnning xotini o‘sha paytdagi eng katta podshohning ayoli edi. Yemak-kiymakda to‘kin edi. Nimani xohlasa, shuni qilishi mumkin edi. Qasrlarda, turli ne’matlar ichida farog‘atda yashashiga qaramasdan, u kofir va zolim eriga hamda qavmiga qarshi chiqdi. Allohga iymon keltirdi. Allohdan jannatda uy qurib berishini so‘radi. Bu hol esa dunyo hoyu havasidan ustun kelishning oliy misolidir.
Mo‘minlarning ikkinchi misoli Maryam binti Imrondir.
«Va farjini pok saqlagan Imron qizi Maryamni (misol keltirdi). Bas, unga O‘z ruhimizdan pufladik va U Robbining so‘zlarini hamda kitoblarini tasdiq qildi va itoatkorlardan bo‘ldi» (12-oyat).
Imronning qizi Maryam Allohga sof e’tiqodda bo‘lganlar va o‘zlarini ham sof tutganlar. Yahudiylar tuhmat qilganlaridek, nopok bo‘lmaganlar. Alloh taolo Jabroil farishta orqali ana shu pok jasadga o‘z ruhidan «puf» deyishi bilan Iyso alayhissalomni ato qilgan.
«Oishaning boshqa ayollardan ustunligi sariydning boshqa taomlardan ustunligiga o‘xshaydir».
Endi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning zavjai mutohharalari – Oisha onamizning fazllari haqida so‘z ketmoqda. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam u kishining boshqa ayollardan fazllarini sariyd deb nomlanadigan taomning o‘sha vaqtdagi boshqa taomlardan ustunligiga o‘xshatmoqdalar.
O‘sha paytda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam va sahobai kiromlar yashab turgan jamiyatning sharoiti va taomiliga ko‘ra, sariyd boshqa taomlardan afzal taom hisoblanar edi.
Xuddi shunga o‘xshab, Oisha onamiz ham boshqa ayollardan afzal edilar.
Bu dunyoda kim ushbu maqomga sazovor bo‘libdi?!
Ushbu maqomga bu dunyoda faqat Oisha onamiz roziyallohu anho sazovor bo‘ldilar.
Termiziy va Buxoriy Amr ibn Os roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam meni Zotus-Salosil askariga boshliq qildilar. Qaytib kelganda:
«Ey Allohning Rasuli, odamlarning qaysinisi siz uchun eng mahbubdir?» dedim.
«Oisha», dedilar.
«Erkaklardan-chi?» dedim.
«Uning otasi», dedilar.
«So‘ngra kim?» dedim.
«So‘ngra Umar», dedilar va bir necha odamlarni sanadilar. Bas, meni oxirlarida qilib qo‘ymasinlar, deb, sukut saqladim».
Allohning Rasuli uchun odamlarning qaysinisi eng mahbub ekan?
Allohning Rasuli uchun odamlar ichida Oisha onamiz roziyallohu anho eng mahbub ekanlar.
Bu dunyoda kim ushbu maqomga sazovor bo‘libdi?
Ushbu maqomga bu dunyoda Oisha onamiz roziyallohu anho sazovor bo‘libdilar.
Imom Abu Ya’lo «Musnad»larida Oisha onamiz roziyallohu anhodan rivoyat qiladilar:
«Menga hech bir ayolga berilmagan to‘qqiz narsa berilgan:
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga uylanishga amr qilinganlarida Jabroil alayhissalom suratimni olib tushib, u zotga ko‘rsatgan.
– U zot menga bokira holimda uylanganlar. Mendan boshqaga bokira holida uylanmaganlar.
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam boshlari mening quchog‘imda turgan holda vafot etdilar.
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mening uyimda dafn qilindilar.
– Farishtalar mening uyimni o‘rab olgan edilar. U zotga men u kishining ko‘rpalarida turganimda vahiy nozil bo‘lar edi. U zot meni o‘zlaridan uzoqlashtirmas edilar.
– Men u zotning xalifalari va siddiqlarining qiziman.
– Mening oqlovim osmondan nozil bo‘lgan.
– Men pokning huzurida pok yaratilganman.
– Menga mag‘firat va karamli rizq va’da qilingan».
Imom Qurtubiy o‘z tafsirlarida Oisha onamiz roziyallohu anhoning kamolot sifatlari haqida so‘z yuritar ekanlar, jumladan, quyidagilarni aytganlar:
«Ba’zi ahli tahqiqlar ayturlar:
«Yusuf alayhissalom fahsh ishda tuhmat qilinganida Alloh u kishini beshikdagi go‘dakning tili bilan oqladi.
Maryam fohishalikda tuhmat qilinganida Alloh u kishini o‘g‘illari Iyso alayhissalomning tili bilan oqladi.
Oisha fahsh ishda tuhmat qilinganida Alloh u kishini Qur’on bilan oqladi. Alloh u kishi uchun go‘dakning oqlashini yoki nabiyning oqlashini ravo ko‘rmadi. Alloh u kishini tuhmatdan O‘z kalomi ila oqladi».
Alloh taolo bu dunyoda kimni tuhmatdan O‘z kalomi ila oqlabdi?
Alloh taolo bu dunyoda faqat Oisha onamiz roziyallohu anhoni tuhmatdan O‘z kalomi ila oqlagan.
"Nubuvvat xonadoni xonimlari" kitobidan.