Taassufki, ba'zi bir sabablar tufayli, jumladan, dinimiz yo'riqlarini yaxshi bilmaslik, tashqi aralashuv bois musulmonlar o'rtasida bir-birlarini hurmat qilmaslik, kufrda ayblash, nizolashuv holatlari uchrab turibdi. Vaholanki, biz musulmonlar o'zaro nizolashuvdan qaytarilganmiz.
Imom Abu Dovud “Sunan”ida Muoz ibn Jabal roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy alayhissalom bunday marhamat qiladilar: «Kimning oxirgi so'zi “Laa ilaha illalloh” bo'lsa, jannatga kiradi». Uboda ibn Sobit roziyallohu anhu rivoyat qiladi Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Kim “Laa ilaha illallohu va anna Muhammadan rasululloh”, deb iqror bo'lsa, Alloh unga do'zaxni harom qiladi”, deb marhamat qilganlar» (Imom Muslim rivoyati).
“Aqiydatut Tahoviyya” kitobida bunday keladi: “Modomiki, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam keltirgan narsalarga ishonib, u zotning so'zlariyu xabarlarini tasdiqlar ekanlar, qiblamiz ahlini mo'min-musulmon hisoblaymiz… va qibla ahlidan kimdir haromni halol sanamas ekan, uni gunohi tufayli kofirga chiqarmaymiz”.
“Hulosa” asarida aytiladi: “Agar mo'min kishini kofir hisoblashga bir qancha dalillar bo'lgan holda, mo'min ekaniga bitta dalil bo'lsa, uni kofir emas, deb fatvo berish muftiyga vojib bo'ladi”.
“Bazzoziya”da: “Agar musulmon kishi ochiq, aniq kufrga dalolat qiladigan gap-so'zni aytsa, u musulmon hisoblanmaydi”, deyiladi.
Shundan ma'lum bo'ladiki, musulmon kishi dindan ekani aniq sobit narsalarni inkor qilish bilan kofir bo'ladi. Ya'ni, namoz, zakot, ro'za, haj kabi farz ibodatlarni inkor qilish, aroq, zino, qotillik kabi Alloh harom qilgan ishlarni halol sanash, halol narsalarni haromga chiqarish shularga misol bo'ladi.
Musulmon kishi munozara vaqtida odobga rioya qilib, birodarini hurmat qilishi va uning sha'nini toptamasligi lozim. Hususan, birodarini kofirga chiqarishdan va uni kufrga undaydigan holatga solishdan saqlanish vojib bo'ladi.
Manbalar asosida
Imom Buxoriy nomidagi
Toshkent islom instituti
talabasiNodirbek ShYeRBOYeV
tayyorladi.
Savol: Qur’on o‘qiyotganda farzandlar shovqin qilib qolsa, ularga jim bo‘linglar deyiladi-da, keyin yana Qur’on tilovatida davom etib ketiladi. Shunda qayta a’uzu yoki bismillah aytiladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu holatda "A’uzu billahi minash-shaytonir-rojiym"ni aytib tilovatni davom ettirish mustahabdir. Chunki Qur’on tilovati asnosida qiroatga aloqasi bo‘lmagan gaplarni gapirsa, qiroatni a’uzuni aytib davom ettiradi. Agar Qur’on qiroatiga aloqador gaplarni gapirgandan keyin qiroatni davom ettirsa, a’uzuni aytmasdan davom etaveradi. Bu ikki holatda ham "bismillah" aytilmaydi (“An-nashr fil qiroatil ashr” kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.