Sayt test holatida ishlamoqda!
05 May, 2025   |   7 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:45
Quyosh
05:15
Peshin
12:25
Asr
17:19
Shom
19:28
Xufton
20:52
Bismillah
05 May, 2025, 7 Zulqa`da, 1446

Ibn Sinoning ko'p tarmoqli ijodi, boy merosi va  jahon madaniyati taraqqiyotidagi faoliyati o'rganilmoqda

20.07.2023   821   10 min.
Ibn Sinoning ko'p tarmoqli ijodi, boy merosi va  jahon madaniyati taraqqiyotidagi faoliyati o'rganilmoqda
So'nggi ikki yil ichida ikki hamkor mamlakat — O'zbekiston Respublikasi va Eron Islom Respublikasi munosabatlari rivojlanib bormoqda. Bu borada ikki davlat o'rtasidagi ilm-fan, madaniyat, gumanitar sohadagi aloqalarni ta'kidlash o'rinli. O'zbekistondagi Ibn Sino jamoat fondi tomonidan Eron Islom Respublikasiga tashkil etilayotgan o'zbek-eron I xalqaro ilmiy-amaliy ekspeditsiyasi ushbu yo'nalishdagi tadbirlarning debochasidir.

Ta'kidlash kerak, joriy yilning 18 iyun' sanasida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiyning taklifiga binoan rasmiy tashrif bilan Tehron shahriga kelgan edi. Oliy darajadagi muzokaralar yakunida ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb yo'nalishlari yuzasidan hukumatlararo va idoralararo hujjatlarning salmoqli to'plami imzolandi. 

O'zbekistondagi Islom tsivilizatsiyasi markazi, O'zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog'ini rivojlantirish agentligi, Ibn Sino jamoat fondi va mahalliy olimlardan iborat ilmiy delegatsiya a'zolari Abu Ali ibn Sino merosining namunalarini o'rganish uchun Eron Islom Respublikasining Tehron shahriga etib keldi. 

Delegatsiya rahbari, O'zbekistondagi Islom tsivilizatsiyasi markazi direktori Shoazim Minovarov ilmiy ekspeditsiyaning maqsadlari to'g'risida o'z fikrlarini bildirdi.

— Ma'lumki, Eron Islom Respublikasiga o'zbek-eron I xalqaro ilmiy-amaliy ekspeditsiyasi birinchi bora tashkil etilmoqda. Undan ko'zlangan asosiy maqsad nima? 

— Hammamizga ma'lumki, keyingi yillarda ilmiy ma'rifiy merosimizga juda katta e'tibor berilmoqda. Ibn Sino shaxsi hamda shaxsiyati o'zgacha. Uni ma'rifat osmonidagi eng yorqin yulduz desak, mubolag'a bo'lmaydi. Birinchidan, ajdodlarimiz orasida tibbiyot ilmi bilan shug'ullanganlar sanoqli. Darhaqiqat, bu yo'nalishda dunyoni zabt etgani deyarli yo'q. Shu sababli, Ibn Sinoga munosabat alohida. Albatta, barcha zamonlarda tibbiyot bo'lgan. Barchamizga ma'lum, Ibn Sino hazratlari Buxorodan keyin Turkiyada, so'ng Eronda umrguzaronlik qilgan va u insondan qolgan ilmiy meros ham qo'lyozmalar shaklida asosan Turkiya va Eron kutubxonalarida saqlanmoqda. Bu esa tabiiy holat. Shuningdek, ularning juda katta qismi Yevropa hamda dunyoning boshqa mamlakatlariga tarqalib ketgan. Lekin eng katta meros bugungi kunda Eronda saqlanmoqda. Shuningdek, Ibn Sinoning mangu qo'nim topgan manzili ham Eron Islom Respublikasining Hamadon shahrida joylashgan. 

Buyuk allomalar merosi — umumbashariy meros. Shu bois yaqin hamkor va do'stimiz Eron Islom Respublikasidagi kutubxonalar, Ibn Sino xalqaro jamg'armasi faoliyati bilan tanishish, Ibn Sino yurgan yo'llar, asarlari tarqalgan manzillardan yurish va ko'rish, asarlaridan nusxalar olish, yillar mobaynida Eronda olib borilgan Ibn Sino ilmiy merosi bo'yicha ilmiy tadqiqotlarni, chop etilgan kitoblarni o'rganish maqsad qilinmoqda.

Ekspeditsiyalar doimo maxsus mezonlar va vazifalarni ko'zda tutadi. Bu safargi ekspeditsiyaning maqsadi Ibn Sino merosi va faoliyatiga qaratilgan. Eslatib o'tish joizki, Halqaro Bobur fondi rahbari Zokirjon Mashrabov boshchiligida birinchi bor “Bobur izidan..." deb nomlangan ekspeditsiya uyushtirilgandi. Bu faoliyat tufayli Bobur to'g'risida juda katta ma'lumotlar to'plandi. Umid qilamizki, Ibn Sino to'g'risida ham yangi va qiziqarli ma'lumotlar olib kelinadi. 

— Bilamizki, Ibn Sino merosini o'rganish Eron Islom Respublikasi ilmiy davralarida dolzarb masalalardan hisoblanadi. Ekspeditsiya davomida o'zbek ilm ahli uchun qanday yangi ma'lumotlar to'plash rejalashtirilgan?

— Biz Ibn Sinoga vatandosh ekangilimizdan faxrlanishga haqlimiz. Alloma to'g'risidagi har qanday yangi ma'lumot nafaqat olimlar uchun, balki yurtdoshlarimiz uchun ham foydali bo'ladi. Ta'kidlaganidek, Ibn Sino tibbiyot sohasida yulduz misol. Ayniqsa, birinchi Renessans allomalari kim bo'lishidan qat'i nazar, avvalo entsiklopedist yoki qomusiy olim bo'lishgan. Faqatgina bir yo'nalish bilan cheklanib qolishmagan. Ibn Sino o'z xotiralarida "16 yoshimda insoniyat yaratgan barcha bilimlarni o'zlashtirib bo'ldim”, deb yozadi. Ta'kidlash kerakki, din, bu – falsafa. Islom dini ham ta'limot. 

Islomni falsafani o'zlashtirmasdan yaxshi o'rganib, mohiyatiga etib bo'lmaydi. Ruh, jon, tan degan tushunchalar dinda ham bor. Ana shu nuqtai nazardan Ibn Sino falsafani o'rgangan va Al-Forobiyning Aristotel “Metafizika”siga yozilgan sharhlariga murojaat qilgan. Ingliz tilida yozilgan bir kitobni mutolaa qilish vaqtida bir jumlaga diqqatimni qaratdim. Ya'ni Ibn Sino aytyapti: “Inson mushohada qilmasdan yashay olmaydi. Chunki, mushohada qilish xulosa chiqarishga olib keladi. Mushohadasiz xulosa bo'lmaydi".

Bunga o'z o'rnida falsafiy mezon sifatida qarash mumkin. Lekin bunday to'xtamga kelish uchun daho bo'lish kerak. Demak, falsafa va inson ruhiyatining o'rganilishi shunchalik chuqurki, uning mohiyatini anglash komillikka olib keladi. Bunday tashqari alloma musiqa, astronomiya, tilshunoslik kabi ko'plab fan yo'nalishlarida ijod qilgan. Demak, oldimizda juda ko'plab o'rganishimiz kerak bo'lgan vazifalar turibdi. 

— Eron Islom Respublikasining fondlarida alloma merosiga oid noyob kitoblar qo'lyozmasi mavjud. Ularning faksimil va elektron nusxalarini yurtimizga olib kelish borasida amaliy ishlar rejalashtirilganmi? 

— Eron milliy kutubxonasi dunyoning juda boy kutubxonalardan biri. Men u erda bo'lganman. Ta'kidlab o'tishim joizki, eronlik hamkorlarimiz 40 jildlik Jahon qo'lyozmalari katalogini markaz kutubxonasiga hadya qilganlar. Bu Eron umumbashariy merosga katta e'tibor qaratishining dalolatidir. Shu bois ushbu ekspeditsiya ham ma'naviy-ma'rifiy, ham dunyoviy ilmlar sifatida juda ham foydali bo'ladi deb o'ylayman. Shuningdek, biz Eronga o'zimizda nashr etilgan kitoblar, qo'lyozmalarning kataloglari bilan keldik. Uchrashuvlar davomida ilmiy nuqtai nazardan o'z ma'naviy bilimlarimiz bilan fikr almashishga harakat qilamiz. 

Ibn Sino ko'p tarmoqli ijodi, boy merosi bilan jahon madaniyati taraqqiyotida katta rol' o'ynadi. O'z ijodi, ilmiy faoliyatida Ibn Sino Markaziy Osiyo, Yaqin va O'rta Sharq mamlakatlaridagi yuqori madaniy ko'tarinkilik, madaniy “uyg'onish”ning ma'naviy yutuqlarini mujassamlashtira oldi. Bu bilan esa butun Sharq va Yevropadagi ma'rifat, madaniyat silsilasiga katta ta'sir ko'rsatdi. U o'z davrida Sharq va Yevropada “Shayx ur-rais”, “Olimlar boshlig'i”, “Tabiblar podshohi” kabi eng buyuk nomlarga sazovor bo'ldi. Bugungi kunda Abu Ali Ibn Sino jahonda Avitsenna nomi bilan ham mashhur. Safar haqidagi ayrim fikrlar bilan Ibn Sino jamoat fondi boshqaruv raisi Nozimxon Mahmudovga yuzlandik. 

— Ibn Sino ilmiy merosini o'rganishda eronlik olimlarning o'rni nihoyatda ahamiyatli. Bu borada qaysi tashkilot va olimlarni ushbu ekspeditsiyaga jalb etish rejalashtirilgan?

— Bir necha yillardan buyon Ibn Sino jamoat fondi qator xorijiy tashkilotlar va olimlar bilan hamkorlik qilib keladi. Hususan, eronlik olimlar bilan ham. Ayniqsa, Ibn Sinoning falsafiy qarashlari Eronda juda katta ishtiyoq bilan o'rganiladi. Ular Ibn Sino jamoat fondi tomonidan tashkil etiladigan konferentsiya va tadbirlarda faol ishtirok etib kelmoqda. Safar davomida Eron Islom Respublikasida joylashgan kutubxona, arxiv, shuningdek, Hamadon shahrida joylashgan Halqaro Ibn Sino fondining faoliyati bilan yaqindan tanishish va o'zaro ilmiy platforma yaratishni maqsad qilganmiz. Bundan tashqari,  joriy yilda Buxoro shahrida “Ibn Sino o'qishlari” doirasida o'zbek-eron ilmiy forumini o'tkazishni rejalashtirganmiz. Ekspeditsiya oldimizga qo'ygan maqsadlarning asosiylari ana shulardir.

— Hamadon shahrida o'tkazilishi rejalashtirilgan davri suhbati qanday mavzularni qamrab oladi?

— Ta'kidlab o'tishim zarur, O'zbekiston delegatsiyasi tarkibidagi barcha olimlar o'z yo'nalishlari bo'yicha etuk izlanuvchilardir. Ular Tehron va Hamadon shahrida o'tishi rejalashtirilgan davra suhbatlariga bizdagi mavjud bilimlar asosida ma'ruza matnlarini tayyorlashgan. Shuningdek, eronlik olimlar ham ushbu jarayonda faol ishtirok etadi. Quvonarlisi shundaki, hozirga qadar 30 dan ziyod ma'ruza matnlari mavzularini ko'rib chiqishga muvaffaq bo'ldik. Albatta, bu Ibn Sino shaxsiyatiga bo'lgan katta qiziqish va ishtiyoqdan dalolat beradi. Zero, maqsadimiz ham shu.

Ta'kidlash kerakki, Eron Islom Respublikasiga tashkil etilayotgan o'zbek-eron I xalqaro ilmiy-amaliy ekspeditsiyasi doirasida Tehron, Qum, Isfahon va Hamadon shaharlaridagi kutubxona hamda fondlarda tadqiqot ishlarini amalga oshirish,  Yangi O'zbekistonda buyuk ajdodlar merosiga berilayotgan alohida e'tibor, amalga oshirilayotgan ilmiy-ma'rifiy islohotlar mavzusida davra suhbati o'tkazilishi rejalashtirilgan. 

Shuningdek, safar davomida “Oʼzbekiston tarixi” telekanali ijodkorlari tomonidan hujjatli fil'mlar, turkum ilmiy-ommabop ko'rsatuvlar va videoroliklar tasvirga olinishi ko'zda tutilgan. Eslatib o'tamiz, ekspeditsiya bir hafta davom etadi. 

Hurshida Nosirova,
“Oʼzbekiston tarixi” telekanali muxbiri

Dunyo yangiliklari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Usmon mus'hafi ziyorati

05.05.2025   1387   2 min.
Usmon mus'hafi ziyorati

#Noyob_fotolar

• Besh respublika muftiysi Eshon Boboxon ibn Abdulmajidxon, diniy nazorat mas’ul kotibi Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon hamrohligida O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari II qurultoyi delegatlari hamda Rossiya, Shimoliy Kavkaz va Ozarbayjondan kelgan ulamolar Usmon mus'hafini ziyorat qilmoqda.

1948 yil, Toshkent

•Usmon ibn Affon roziyallohu anhu xalifaligi davrlarida milodiy 651 yili, hijriy 24 yili Qur’oni Karim kiyik terisiga bir necha nusxada yozilib, Islom olamining markaziy shaharlariga yuborildi. Mus'hafning rasmda tasvirlangan o‘sha qadimiy tabarruk nusxalaridan biri hozirgi paytda O‘zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasida saqlanmoqda. 
 

• Hazrati Usmon Mus'hafining yurtimizga kelib qolishi tarixi haqida turli rivoyatlar bor. Hazrati Usmon mus'hafi dastlab Samarqandga olib kelingan. Uni Amir Temur, Qaffol Shoshiy, Hazrati Usmonning kuyovlari Said olib kelgan degan rivoyatlar mashhur. Bu haqda O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy nazorati raisi o‘rinbosarlari, taniqli olimlar Shayx Ismoil Maxdum Sattiyev, Shayx Yusufxon Shokirov, shuningdek, Hamid Ziyoyev, Habibulloh Solih va boshqalarning fikrlari e’tiborga loyiq.


• Usmon mus'hafi ruslar bostirib kelgunga qadar hijriy 1285 yilgacha Samarqandda turdi.


•1869 yilning mayida Turkiston bosh gubernatori Fon Kaufman buyrug‘i bilan Samarqand shahri hokimi Serov vositachiligida yerli musulmon ulamolari roziligi bilan Mus'haf Sankt-Peterburgga jo‘natildi va 1917 yilga qadar o‘sha yerdagi kutubxonada saqlanadi. 


• Hukumatning 1923 yil 25 iyundagi qaroriga ko‘ra Usmon Mus'hafi Turkiston musulmonlariga 1924 yilda qaytarildi. 


Mus'hafi sharif birmuncha vaqt Toshkent masjidlarida saqlandi, so‘ng O‘zbekiston xalqlari tarixi muzeyiga ko‘chirildi. 1989 yil 14 mart kuni Toshkentda bo‘lgan musulmonlarning IV qurultoyida O‘zbekiston hukumati qarori bilan Mus'hafi Usmon O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy nazorati ixtiyoriga qaytarib berildi. 


• Hozirda Mus'haf Hazrati Imom majmuasining Mo‘yi muborak madrasasidagi O‘zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasida saqlanmoqda.


• Mus'hafni mo‘tadil tabiiy iqlim sharoitida asrashga mo‘ljallangan maxsus moslama Germaniyadan keltirilgan. Har yili bu nodir Mus'hafni minglab vatandoshlarimiz va xorijiy mehmonlar ziyorat qilishadi. 

t.me/muftiylaruz

O'zbekiston yangiliklari