Quyida keltiriladigan fikrlar, hikmatlar ijtimoiy tarmoqlardagi turli sahifalardan olib tarjima qilingan. Bundan tashqari sahobai kiromlar, ulug‘ olimlar, Yaqin Sharq, Osiyo, Yevropa va Amerika mutafakkirlarining bir qator fikrlari ham berilgan.
*****
Kishi Qur’onni xolis Allohning roziligini, karamli yuzini istab, qalbidan tilovat qilsa, uni tinglayotganlar bu tilovatdan ta’sirlanadilar.
Shayx Abdulbosit Abdussamad rahimahulloh
*****
Donishmand qo‘li bilan Oyga ishora qilganda, johil barmoqqa qaraydi.
“Tarix muxrlagan so‘zlar”
*****
Zakovatli, aqlli insonlarni rahbar qilib tayinlansayu, ularga qiladigan ishlarini biz yozib bersak, bu mantiqsizlikdir. Biz ularni bizga nima ish qilishimizni aytib, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib turishlari uchun rahbarlikka tayinlaganmiz.
“Tarix muxrlagan so‘zlar”
*****
Johillar va ahmoqlar o‘zlari tushuna olmagan narsalarning ustidan kuladilar.
Pifagor
*****
To‘qnashuvlar ikki xil bo‘ladi:
Abbos Mahmud Aqqod
*****
Agar bir lahzalik g‘azabingni bosa olsang, o‘zingni yuz kunlik nadomatdan qutqargan bo‘lasan.
“Tarix muxrlagan so‘zlar”
*****
Hayotdagi muvaffaqiyatsizlik sabablaridan biri – hammaning diqqat markazidaman, hamma men bilan ovvora deb o‘ylashingdir. Unutma, ko‘pchilikka sening qizig‘ing yo‘q.
“Tarix muxrlagan so‘zlar”
*****
Yaxshi inson bo‘lganing uchun hammadan senga adolat ila muomala qilishini kutishing xuddi “Go‘sht yemaydigan vegetarian bo‘lganim uchun ho‘kiz menga hujum qilmaydi” deb o‘ylashingga o‘xshaydi.
“Tarix muxrlagan so‘zlar”
*****
Har kuni tongda aslo g‘azablanmayman deb qaror qilaman. Kunimni bir muddat tinch o‘tkazaman. Keyin ba’zi ahmoqlarga yo‘liqib qolaman. Ular esa mening qarorimni amri mahol ishga aylantirib tashlashadi.
“Tarix muxrlagan so‘zlar”
*****
Yolg‘onni fosh etishning eng afzal qurilmasi – kunlardir.
“Tarix muxrlagan so‘zlar”
*****
Muvaffaqiyatli bo‘lmoqchi bo‘lsang, bitta qoidani hurmat qilishing kerak. Bu qoida: O‘ZINGNI ALDAMA!
“Tarix muxrlagan so‘zlar”
*****
Xatolarning eng og‘iri – o‘zingni xatolardan pok deb bilmog‘ingdir.
Tomas Karlayl
*****
Internet materiallaridan to‘plab, tarjima qiluvchi
Nozimjon Iminjonov
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Men uylangan edim. Ayolim past bo‘yli, nimjon qomatli va menga nisbatan kichik jussali edi.
Men esa Allohni inoyati ila sportchilarga xos qomatga ega, mushaklarim baquvvat va salobatli edim.
Xotinimning bo‘yi pastligi uchun men unga ko‘p marotaba hazil-mazah qilib jig‘iga tegar, uning ustidan kular edim. Masalan, ba’zan biror narsaning ortiga yashirinib olib, u kelganda qo‘qqisdan oldida paydo bo‘lib qo‘rqitar edim. Ba’zan esa, uning kundalik xotiralarini qayd etib boradigan daftarini olib, bo‘yi yetmaydigan joyga qo‘yib qo‘yar edim va bo‘yi pastligi uchun ololmay qiynalayotganini ko‘rib huzurlanib kular edim.
Gohida televizor ko‘rayotganida, gohida esa, kechki ovqatni tayyorlayotganida uni har xil usullarda bezovta qilib hazil-mazah qilar edim.
Men hazillashib uni bezovta qilishni juda yaxshi ko‘rar edim, chunki uning mendan qasos olishga uringani, lekin bunga kuchi yetmaganini ko‘rish ham menga zavq bag‘ishlar edi.
Avval boshida xotinim bundan yoqimli kayfiyat olganini ko‘rar edim. Lekin vaqt o‘tishi bilan u mening bolalarcha qiliqlarimdan bezib qolayotganini seza boshladim.
Bir kuni ishga borish uchun uyqudan erta turdim. Qarasam, u nonushta tayyorlayotgan ekan. Har doimgidek, uni hazillashib qo‘rqitdim. Shunda u qattiq qo‘rquv bilan:
— Bu gal kechqurun uyga qaytganingizda, meni topa olmaysiz, — dedi.
Men uni hazillashayapti deb o‘yladim, chunki har safar uni qo‘rqitganimda u shunaqa tahdid qilar edi.
Biroq kechqurun uyga qaytib kelganimda, u yo‘q edi. Uni chaqirdim, u javob bermadi. Yana va yana chaqirdim, ammo u hech narsa demadi.
Hamma yerni qidirib chiqdim, lekin uni topa olmadim. Oxiri oshxonaga kirib, bir qog‘ozga ko‘zim tushdi. Unda:
— O‘zingizni asrang, men endi qaytmayman, — degan yozuvni ko‘rdim.
Shunda oyoqlarim bo‘shashib, bosa olmay qoldim. Butun boshli tanam quvvatsizlanib, o‘tirib qoldim, o‘zimni huddi ustimdan muzdek suv quygandek his qildim.
O‘sha paytda men dunyodagi eng zaif insonlardan biriga aylandim.
O‘sha kichikkina jussali, nozikkina xotinim mening asosiy quvvat manbaim bo‘lganligini, usiz men hech kim emas ekanligimni angladim.
Devorga suyangancha o‘tirib, huddi onasini yo‘qotgan go‘dak boladay yig‘ladim...
Bir payt ovqatlanish stoli ostida qandaydir narsa qimirlayotganini ko‘rib qoldim va o‘sha yerdan past ovozdagi kulgi eshitildi.
Ha, u edi! U o‘sha yerga yashirinib olgan ekan.
Shunda men unga o‘zimni otdim va uni qattiq bag‘rimga bosib quchoqlar ekanman, ko‘zlarimdan shashqator yosh oqar edi.
U esa meni qo‘rqitishni uddalay olganidan quvonib o‘zini kulishdan tiya olmas edi.
Shunday qilib, o‘g‘rini qaroqchi urdi deganlaridek, o‘zimning hiylam o‘zimga qarshi ishladi. Shundagina tushundimki, o‘sha kuchsizgina ayolimsiz men dunyodagi eng zaif inson ekanman.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV