Bugun, 28 noyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlarining Xorazm viloyatiga safarlari boshlandi. Muftiy hazratlari viloyatga tashrifni yangi «Niyoz Muhammad Oxund bobo» jome masjidi bilan tanishishdan boshladilar.
Muhtaram Prezidentimiz o‘tgan yil yanvar oyida Xorazm viloyatiga tashriflari davomida ushbu masjid poydevoriga birinchi tamal toshini qo‘yib, masjidning ko‘rkam, barcha talab va ehtiyojlarga mos bo‘lishini ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berib, fikr-mulohazalar bildirgan edi. Oradan bir yarim yildan oshiqroq vaqt o‘tgach, xayrli ish nihoyasiga yetdi. Umumiy maydoni 3,5 gektarni egallagan masjid majmuasida 4000 nafar namozxon uchun barcha zarur bo‘lgan shart–sharoitlar muhayyo qilindi.
Muftiy hazratlari yangi masjidga tashriflari davomida mo‘min-musulmonlar uchun tashkil etilgan shart-sharoitlar, namozxonlar ibodat qilishlari uchun yaratilgan qulayliklar va jome masjidni o‘ziga xos uslub va me’morchilik asosida bunyod etilganiga alohida e’tibor qaratdilar.
Masjidga jam bo‘lgan mo‘ysafid otaxonlar davlatimiz Rahbari tomonidan xalqimizga tuhfa etilgan mana shunday muhtasham jome masjid uchun minnatdorlik so‘zlarini izhor etib, ona-Vatanimiz obodligi, xalqimiz faravonligini tilab muftiy hazratlari boshchiliklarida duoi xayrlar qildilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
#xabar #kirish_imtihoni #hadis_ilmi_maktabi
Bugun, 24 iyul kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi Hadis ilmi maktabining 2025-2026 o‘quv yili uchun qabul imtihonlari boshlandi.
Shu munosabat bilan erta tongda Toshkent shahridagi Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf jome masjidida bo‘lib o‘tgan tadbirda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutasaddilari, imtihon oluvchi pedagog-o‘qituvchilar, abituriyentlar ishtirok etdi.
Dastlab Hadis ilmi maktabi rektori Barot domla Amonov qabul imtihonlarini yuqori saviyada o‘tkazish uchun ko‘rilgan tayyorgarlik ishlari, abituriyentlarga yaratilgan shart-sharoitlar haqida ma’lumot berdi.
Tadbirda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maqsudov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov va Diniy idora raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov nutq so‘zladi. Notiqlar yurtimizda diniy ta’limga berilayotgan e’tibor haqida so‘z yuritish barobarida qabul imtihonlarida abituriyentlarning bilimlilarini saralab olish asosiy maqsad ekanini alohida ta’kidlashdi. Shuningdek, imtihonlarni shaffof, ochiq va oshkora o‘tkazilishi ta’minlanishiga urg‘u berishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ta’lim va ilmiy-tadqiqot bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Sherzod Cho‘lponov tomonidan ijodiy imtihonni o‘tkazish tartibi va baholash mezonlari tushuntirildi. Shundan so‘ng Qabul hay’ati a’zolari, abituriyentlar va ota-onalar guvohligida imtihon varaqalari solingan va muhrlangan maxsus qoplar ochilib, ijodiy imtihonga start berildi.
Ma’lumot o‘rnida, bugun “Hadis” va “Mustalahul hadis” fanlaridan og‘zaki ijodiy imtihon o‘tkaziladi. Ertaga, 25 iyul kuni Arab tili va O‘zbekiston tarixi fanlaridan test sinovlari bo‘lib o‘tadi.
2025-2026 o‘quv yili imtihonlari haqidagi so‘nggi yangiliklarni @qabulmuslimuz telegram sahifasida kuzatib boring.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati