Amman (Iordaniya) universiteti professori, Bulg'or Islom akademiyasi o'qituvchisi, Shayx Abdurazzoq Sa'diy jamiyatda oilaviy munosabatlarda yuzaga kelayotgan muammolarning asosiy sabablari sifatida quyidagi omillarni keltiradi:
- yoshlar oila tushunchasi, er va ayollikning burch va mas'uliyatini to'liq his etmasligi;
- ayrim ota-onalarning farzand tarbiyasi va ta'limiga mas'uliyatsizlik bilan qarashi;
- oilaning moddiy-ma'naviy holati: kamchilik, boriga qanoat qilmaslik, o'zaro tushunish, sabr-toqatning etishmasligi;
- er yoki xotinning xiyonati, ayolga nisbatan zo'ravonlik;
- internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali oila qadriyatlariga yot bo'lgan omillarning ta'siri;
- jinsiy munosabatlarda tibbiy nuqsonlar va hokazo omillar sabab bo'lmoqda.
Mazkur muammolarning echimi sifatida esa quyidagi tavsiyalarni keltiradi:
- yoshlar oila qurishdan avval bo'lajak turmush o'rtog'ining mol-davlati, shon-shuhratiga emas, tarbiyasi va axloqi, ma'naviy go'zalligiga e'tibor qaratishi lozim;
- oilaviy munosabatlarda o'zaro kelishmovchilik kelib chiqqan holatlarda, shoshma-shosharlik bilan ajralish uchun taraddud ko'rish kerak emas, o'rtani isloh qilish va yarashtirish uchun harakat qilish kerak;
- oilada iqtisodiy tanglik holatida boriga qanoatli va sabrli bo'lish;
- so'zi ta'sirchan hamda namunali oila vakillari tomonidan oila muqaddasligi, farzand tarbiyasi, taloqning oqibatlari kabi mavzularda tushuntirish ishlarini tizimli tashkil etish;
- diniy idora tizimida oilalarda vujudga kelayotgan nohaqlik, zulm va ajrimlarning oldini olish maqsadida fiqhiy ilmga ega bo'lgan etuk mutaxassislar hay'atini tuzish va muammolarga o'z vaqtida echim topib berish maqsadga muvofiq bo'ladi.
iiau.uz manbasi asosida tayyorlandi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Fiqh ijtihod va fikrlar majmuasi bo‘lib, bu fikrlar nafsu havoga berilishdan kelib chiqmagan, balki Qur’on va Sunnatni anglashdan kelib chiqqan, Qur’on va Sunnatdan olingandir. Alloh azza va jalla bizga shu yo‘lni buyurgan. Agar Alloh fiqhga tegishli har bir masalaning hukmini bayon qilishni iroda qilganida, hozir millionlab oyatlar, millionlab hadislar turgan bo‘lardi. Lekin hammasi bo‘lib, olti mingdan sal ortiq oyat nozil bo‘lgan, muayyan adaddagi hadislar vorid bo‘lgan. Har bir masalaga oyat-hadis kelsa, shuncha oyatni, shuncha hadisni kim yod olardi? Nabiy sollallohu alayhi vasallamning o‘z zamonlarida avtomobillar haqida gapirishlarini tasavvur qiling! Unda u zotning so‘zlarini hech kim tasdiqlamagan bo‘lardi-ku!
Ijtihod qilish noto‘g‘ri desangiz, sahobalar ham ijtihod qilishgan. Keyin o‘sha o‘z ijtihodi bilan chiqargan hukmga amal qilishni odamlarga buyurishgan. Odamlar ularga taqlid qilishgan, ergashishgan. Mana shu yo‘sinda ularning yo‘llaridan yurib kelishgan.
Tahallul tarafdorlari orasida «Fiqh dinning bir qismi emas», «Mazhab egalarining aytganiga amal qilish shart emas», degan gaplar tarqalgan.
Tashaddud ahli ham mana shunga chaqiryapti. Ularning asl maqsadi fiqhiy mazhablarni yo‘q qilib, dinsizlikka yetaklash edi. Masalan, men dinni mahkam ushlasam-u, lekin na hanafiy, na shofe’iy, na molikiy va na hanbaliy mazhabini tutmasam, unda dindan nimani ushlayman? Menda fiqh degan narsa qolmaydi-ku! Fiqhni mana shu mazhablar tashkil qiladi-ku! Alloh bizga «Zikr ahlidan so‘rang» deb buyurib, ergashishimizga rozi bo‘lgan ilmlarni mujtahidlarning ijtihod va fikrlari tashkil qilmasa, nima tashkil qiladi?!
«Hanafiy mazhabiga teran nigoh» kitobidan